Davlat qarziga Kafolat jamg‘armasi xizmat ko‘rsatadi

O‘zbekiston 11:36 / 28.09.2020 1672

Vazirlar Mahkamasi 21.09.2020 yildagi “O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligi huzurida Davlat qarziga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha Kafolat jamg‘armasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 573-son qarorni qabul qildi.
 
Qaror bilan Kafolat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Norma’ning yozishicha, u:

  • Kafolat jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish manbalari hamda ulardan foydalanish yo‘nalishlarini belgilaydi;
  • davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlar bo‘yicha qarzdor tashkilotlar yoki qayta moliyalashtiruvchi banklar o‘z qarz to‘lovlarini vaqtida va to‘liq amalga oshirmagan holatlarda mazkur qarzdorlikni qarzdor tashkilotlardan undirish sharti bilan Kafolat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplash amalga oshiriladi. Bunda Kafolat jamg‘armasi mablag‘lari yetarli bo‘lmagan taqdirda qarz O‘zbekiston Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplanadi;
  • Kafolat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qarzdorlikni qoplash va Kafolat jamg‘armasi mablag‘lari hisobiga qoplangan mablag‘larni qarzdordan undirish tartibini belgilaydi;
  • Kafolat jamg‘armasining bo‘sh turgan mablag‘larini vaqtincha depozitga joylashtirish, chet el valutasini sotish va sotib olish hamda yuqori likvidli qimmatli qog‘ozlarga investitsiya qilish orqali samarali boshqarish tartibini belgilaydi;
  • Kafolat jamg‘armasi mablag‘larining hisobi va hisobotini yuritish tartibini belgilaydi.

Hujjat bilan belgilanishicha, Kafolat jamg‘armasi mablag‘lari va Davlat budjeti mablag‘lari hisobiga qoplangan qarzdorlik, hisoblangan penya va jarima to‘lovlari qarzdor tashkilotlar yoki qayta moliyalashtiruvchi banklar tomonidan mos ravishda Kafolat jamg‘armasi yoki Davlat budjetiga qaytariladi.
 
Davlat qarzi hisobiga moliyalashtirilgan loyiha va dasturlar bo‘yicha qarzdor tashkilotlar yoki qayta moliyalashtiruvchi banklar:

  • har yili keyingi moliya yili uchun shakllantiriladigan biznes reja yoki xarajatlar smetalarida qarz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni majburiy ravishda nazarda tutadi;
  • qarzlarni o‘z vaqtida to‘lash maqsadida qo‘shimcha daromad manbalarini aniqlashtirib boradi.

Moliya vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda 2020 yil 15 noyabrga qadar ushbu qaror mazmunidan kelib chiqib Budjet kodeksiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish topshirildi.
 
Hujjat 22.09.2020 yildan kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: