Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi - Prezident qarori

Jamiyat 19:55 / 12.08.2020 5299

Qarorning asosiy maqsadi – buyuk mutafakkir ajdodimiz, moturidiylik ta'limoti asoschisi imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur o‘rganish, ularning aqida va kalom ilmi rivojiga qo‘shgan bebaho hissasini tadqiq etish va keng targ‘ib qilish, yosh avlodni ezgu umuminsoniy g‘oyalar ruhida tarbiyalash, ularda ma'naviy va ma'rifiy qarashlarimizga yot bo‘lgan zararli ta'sirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirishdir.

Qaror bilan:

  • Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va muvofiqlashtirish bo‘yicha vasiylik kengashi tarkibi tasdiqlandi;
  • 2020–2024 yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlandi;
  • markazni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzurida tashkil qilish hamda Imom Moturidiy nomidagi xalqaro stipendiyani ta'sis etish haqidagi takliflar ma'qullandi.

Qaror orqali Markaz faoliyatiga jahonning yetakchi moturidiyshunos olim va tadqiqotchilari jalb etiladi.

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar belgilandi:

  •  aqida va kalom ilmi rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan Imom Moturidiy va uning izdoshlari bo‘lgan allomalarning ulkan ilmiy, diniy-ma'naviy merosini chuqur o‘rganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima va qiyosiy matnlarini nashr etish, xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
  • islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma'rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng afkor ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish;
  • Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning kalom ilmi rivojiga qo‘shgan hissasi va uning taraqqiyotida tutgan o‘rnini chuqur tadqiq etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bag‘rikenglik, o‘zaro hurmat, tinchlik-totuvlik kabi islom dinining asl qadriyatlari ruhida tarbiyalash;
  • mamlakatimiz hamda xorijiy davlatlarning kutubxonalari va arxiv fondlarida saqlanayotgan buyuk allomalarimizning kalom ilmiga oid merosi hamda islom dunyosi uchun muhim ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan qo‘lyozma, toshbosma asarlarning acl hamda elektron nusxalarini to‘plash va kelajak avlodga yetkazish uchun tizimli ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish;
  • islomiy ilmlar, xususan, kalom ilmi tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish sohasidagi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, simpozium, seminar-trening va tanlovlar o‘tkazish;
  • «jaholatga qarshi ma'rifat» g‘oyasi asosida islom dinining ilm-ma'rifat, ma'naviy poklik, tinchlik-osoyishtalik, taraqqiyot va bunyodkorlikka chaqiruvchi g‘oyalarini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga yetkazish.

Hujjatda Markaz hamda Ta'lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom olami tashkiloti (ICESCO)ga a'zo mamlakatlar va boshqa davlatlarning maxsus muassasalari, universitetlari o‘rtasida samarali xalqaro hamkorlikni o‘rnatish va rivojlantirish choralari belgilandi.

Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish bo‘yicha «El-yurt umidi» jamg‘armasi muntazam ravishda Markaz ilmiy xodim va tadqiqotchilarining xorijda amaliyot o‘tashi va stajirovkasini tashkil etish choralarini ko‘radi.

2020–2024 yillarda Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotini o‘rganishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»da tashkiliy, ilmiy-tadqiqot va ma'naviy-ma'rifiy targ‘ibot yo‘nalishlarida 29ta kompleks chora-tadbir belgilangan.

Ularning ijrosini ta'minlash orqali:

  • Imom Moturidiy va uning izdoshlarining musulmon olamidagi mashhur asarlari o‘zbek tiliga tarjima qilinadi va xalqimizga yetkaziladi;
  • yurtimiz moturidiyshunos olimlarining xorijiy mamlakatlarda o‘tkaziladigan xalqaro konferensiyalarda doimiy ishtiroki ta'minlanadi;
  • «Moturidiylik» ma'naviy-ma'rifiy, ilmiy-adabiy jurnali nashr etiladi;
  • «Moturidiylik ta'limoti va hozirgi zamon» mavzusida konferensiya va seminarlar o‘tkaziladi;
  • dunyo qo‘lyozma fondlarida saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta'limotiga oid qo‘lyozma asarlar nusxalari jamlanadi hamda ularning katalogi yaratiladi;
  • moturidiylik ta'limotiga oid ensiklopediya tayyorlanadi;
  • mahallalarda moturidiylik ta'limotining bugungi globallashuv jarayonlaridagi dolzarb ahamiyatini ochib berishga bag‘ishlangan davra suhbatlari hamda uchrashuvlar tashkil etiladi;
  • Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi allomalarning hayoti va ilmiy merosi haqida badiiy va hujjatli filmlar tayyorlanadi.
Ko‘proq yangiliklar: