O‘zbekiston va Qatar ishchilarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yyapti

O‘zbekiston 13:36 / 03.05.2024 4305

O‘zbekiston elchisi Ashraf Xo‘jayev Qatar mehnat vaziri Ali bin Samix al-Marri bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

Muzokaralar davomida ikki davlat rahbarlari o‘rtasida yaqin do‘stlik va birodarlik aloqalari o‘rnatilgani hamda 2023 yilda uch marotaba oliy darajadagi tashriflar tashkil etilgani yuqori baholandi. 2023 yil iyun oyida Qatar amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniyning Samarqandga tashrifi davomida ikki davlat hukumatlari o‘rtasida ishchilarni ishga qabul qilish bo‘yicha hamkorlik bitimi imzolanganiga alohida e’tibor qaratildi.

Ushbu hujjatga muvofiq, qo‘shma qo‘mitaning birinchi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazish va tomonlar o‘rtasida O‘zbekiston fuqarolarini Qatarda ish bilan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro muzokaralar uyushtirish to‘g‘risida kelishib olindi.

Bundan tashqari, Qatar mehnat vazirligi talabiga muvofiq, kadrlarni mamlakatdagi alohida markazlarda o‘qish xususida fikr almashildi. 

Qatar tomoni oxirgi 10 yil davomida asosan qurish sohasiga xorijdan kadrlarni jalb etilayotganini, hozir kunda esa turizm, sog‘liqni saqlash, transport, kompyuter texnologiyalari va boshqa sohalarda malakali mutaxassislarga talab yuqoriligini bildirdi. Qatar tomoni bu yo‘nalishda O‘zbekiston muhim hamkor bo‘la olishini alohida ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: