«Hansirashning o‘zi pnevmoniya degani emas». Shtab a'zosi bu belgi boshqa kasalliklarda ham kuzatilishini aytdi

Jamiyat 12:04 / 12.08.2020 9842

AOKAdagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi Nargiza Nurullayeva fuqarolardan kelgan savollarga javob berdi.

Xususan, murojaatlardan birida fuqaro o‘zida hansirash kuzatilayotgani, bu pnevmoniya belgisi bo‘lishi mumkinligi haqida savol bergan.

«Hansirash faqatgina pnevmoniya belgisi emas. Hansirash bir necha kasalliklarda kuzatilishi mumkin:

  • Yuqori nafas yo‘llari va o‘pka kasalliklarida;
  • Yurak qon-tomir kasalliklarida;
  • Qon kasalliklarida;
  • Kamharakat hayot tarzi – bunda biroz jismoniy harakatda hansirash paydo bo‘lishi mumkin;
  • O‘RVI yoki boshqa infeksion kasalliklar fonida.

Hansirash jiddiy belgi hisoblanadi, shuning uchun siz tashxisni aniqlashtirish maqsadida shifokorga murojaat qilishingiz zarur», dedi Nargiza Nurillayeva savolga javoban.

Shuningdek, shaharning ko‘p qismlarida niqob va rezina qo‘lqoplari ko‘chalarda yotishi, buning aholi salomatligiga ta'siri haqidagi savolga ham javob berildi.

«Respirator niqoblar – epidemiologik xavfli bo‘lgan tibbiy chiqindi hisoblanadi. Ulardan har safar foydalanishdan avval zararsizlantirish lozim. Chunki niqob va qo‘lqoplarda virus bo‘lishi mumkin. Foydalanilgan tibbiy niqoblar, bir martalik foydalanishga mo‘ljallangan qo‘lqoplarni alohida paketlarga yig‘ish, germetik o‘rash, va maishiy chiqindilar bilan birga utilizatsiya qilinishi lozim», dedi shtab a'zosi.

Brifingda oddiy grippga karshi vaksina koronavirus infeksiyasiga ta'sir ko‘rsatmasligi ham ta'kidlandi.

Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a'zosi issiq vanna, dush va hammomlar qabul qilish Covid-19 ’da yordam bermasligi, aksincha, juda issiq suvda cho‘milish zararli va kuyishlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirgan.

«Koronavirus infeksiyasiga qarshi eng yaxshi himoya usuli muntazam ravishda qo‘llarni yuvish hisoblanadi. Bu o‘z navbatida, terida bo‘lishi mumkin bo‘lgan virusni zararsizlantiradi va ko‘zga, og‘izga yoki burunga tegilganda infeksiya tushishining oldini oladi», dedi Nargiza Nurullayeva AOKAdagi shtabda bo‘lib o‘tgan brifingda.

U antibiotiklar koronavirusni davolashda va profilaktikada samarali yordam bermasligi haqidagi savolga ham javob berdi.

«Antibiotiklar virusga ta'sir etmaydi, bu guruhdagi dori vositalari faqat bakterial infeksiyani davolaydi. Covid-19 - yangi koronavirus. Bu koronavirusni davolashda va profilaktik maqsadda qo‘llab bo‘lmaydi. Lekin agar bemorlarda shu dori vositalarni qo‘llash ko‘rsatmasi bo‘lsa, shifokor tomonidan tavsiya etiladi», dedi Nargiza Nurullayeva.

Shuningdek, koronavirus ta'sirida pnevmoniya bilan kasallanish holatida undan qaysi yo‘l tez xalos bo‘lishim mumkinligi bo‘yicha izoh berildi.

«Organizmning pnevmoniyadan so‘ng tiklanishi tez jarayon emas. Turli pnevmoniyalarda o‘pkaning shikastlanish darajasi va intoksikatsiya bilan bog‘liq. Pnevmoniya kasalligida kislorod va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Shuning uchun tiklanish jarayoni bir qancha vaqt talab etadi.

Bu jarayon hammada har xil kechadi, chunki u bemorning yoshi, umumiy holati va mavjud bo‘lgan surunkali kasalliklari bilan bog‘liq. Ishga qaytishingizga poliklinikadagi UASh dinamik kuzatuvlar asosida ruxsat beradi», deya Nargiza Nurillayevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: