Yevropa Ittifoqining iqlim o‘zgarishini monitoring qilish xizmati ma’lum qilishicha, dunyo aholisi rekord darajadagi eng issiq aprel oyini boshidan kechirgan.
Euractiv xabariga ko‘ra, 2023 yil iyun oyidan beri har oyda o‘rtacha harorat rekordi yangilanmoqda.
Copernicus iqlim o‘zgarishi xizmati (C3S) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi o‘rtacha harorat 12 oy davomida rekord darajada yuqori bo‘lib, sanoatdan oldingi 1850-1900 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 1,61 darajaga yuqori bo‘lgan.
Iqlim o‘zgarishining asosiy sababi — qazib olinadigan yoqilg‘ilarni yoqish oqibatida chiqadigan issiqxona gazlari. Oxirgi oylarda Tinch okeanining sharqiy qismida suv yuzasini isituvchi «El-Ninyo» ob-havo hodisasi ham haroratning oshishiga olib kelmoqda.
Shu bilan birga, aprel oyidagi rekordga Afrikaning Sahel mintaqasidagi issiqlik to‘lqini sabab bo‘lgani tasdiqlangan.
Nyukasl universiteti iqlimshunosi Heyli Fauler ma’lumotlarga ko‘ra, dunyo 2015 yilgi «Parij kelishuvi»ning global isishni Tselsiy bo‘yicha 1,5 darajagacha cheklash maqsadini qo‘ldan boy berishga yaqin ekanligini ko‘rsatadi.
«Biz qachon haroratni 1,5°S dan past ushlab turish uchun kurashda mag‘lub bo‘ldik deymiz? Mening shaxsiy fikrimcha, biz bu jangda allaqachon mag‘lub bo‘lganmiz va biz haqiqatan ham haroratni 2°S dan past ushlab turish haqida jiddiy o‘ylashimiz va issiqxona gazlari miqdorini imkon qadar tezroq pasaytirishimiz kerak», dedi u.