Tramp kongressga AQShning JSSTdan chiqishi to‘g‘risida rasmiy xabarnoma jo‘natdi

Jahon 00:38 / 08.07.2020 3597

AQSh prezidenti aprel o‘rtalaridan JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatgandi.

AQSh prezidenti Donald Tramp kongressga mamlakatning Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotidan chiqishi to‘g‘risida rasmiy xabarnoma jo‘natdi. Bu haqda senator-demokrat Bob Menendes ma'lum qildi.

"Bu amerikaliklarning hayoti va manfaatlarini himoya qilmaydi – bu Amerikani bemor va yolg‘iz qoldiradi", - deb yozdi senator Twitter sahifasida.

Tramp avvalroq Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotini Xitoyga yetarlicha chora ko‘rmaganlikda ayblab chiqqandi. So‘ngra esa JSSTga bundan buyon ushbu tashkilotni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid qildi.

30 may kuni AQSh prezidenti mamlakat Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan barcha aloqalarni uzishini e'lon qildi.

Tramp o‘z qarorini JSST Vashington talab qilgan islohotlarni o‘tkazishdan bosh tortgani bilan tushuntirgan. Uning ta'kidlashicha, AQSh tashkilotga mo‘ljallangan 450 mln dollarni endi butun dunyo bo‘ylab sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq ehtiyojlarga yo‘naltiradi.

Uning ta'kidlashicha, JSST koronavirusning butun dunyoga tarqalishiga yo‘l qo‘yib, “o‘zining bosh vazifasini uddalay olmagan va buning uchun javob berishi kerak”.

Shu sababli AQSh prezidenti aprel o‘rtalaridan JSSTni moliyalashtirishni to‘xtatgandi.

Ko‘proq yangiliklar: