Blinken AQSh-Xitoy aloqalarida diplomatiya muhimligini ta’kidladi

Jahon 11:41 / 26.04.2024 1617

Qo‘shma Shtatlar va Xitoy o‘rtasidagi kelishmovchiliklarni bartaraf etish yo‘lida bir qator masalalarda o‘zgarish bor, ammo Vashington va Pekin bir-biridan farq qiladigan sohalarda ochiq va aniq bo‘lishi muhim. Bu haqda 26 aprel, juma kuni Pekinda Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bilan uchrashuvda AQSh davlat kotibi Entoni Blinken aytib o‘tdi. «Bizning fikrimizcha, diplomatiyani hech narsa almashtira olmaydi», deya qo‘shimcha qildi Davlat departamenti rahbari Xitoyga uch kunlik tashrifining so‘nggida.

«Umid qilamanki, biz prezidentlarimiz kelishib olgan masalalar bo‘yicha biroz oldinga siljishimiz mumkin, shu bilan birga, kelishmovchiliklarni, niyatlarni oydinlashtiramiz va bir-birimizga pozitsiyalarimizni aniq bildiramiz», dedi Blinken AQSh prezidenti Jo Bayden va Xitoy rahbari Si Jinping o‘rtasida 2023 yil noyabr oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvga ishora qilib.

Xitoy va AQSh o‘rtasidagi munosabatlarning yomonlashishi ehtimoli 

O‘z navbatida, Van I Pekin va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar barqarorlashishi yoki yomonlashishi mumkinligini aytdi. «Xitoy va Qo‘shma Shtatlar barqarorlikni saqlab, oldinga siljish bo‘yicha to‘g‘ri yo‘nalishda turishi kerakmi? Bu bizning ikki davlatimiz oldida turgan asosiy savol hamda u samimiyligimiz va qobiliyatimizni sinab ko‘rmoqda», - deya Xitoy tashqi ishlar vaziridan iqtibos keltiradi Amerikaning CNN telekanali.

«Tomonlar global muammolarni hal qilish va hamma uchun g‘alaba qozonish uchun xalqaro hamkorlikda yetakchi o‘rinni egallashi kerakmi? Yoki raqobat va qarama-qarshiliklarga kirishishi, hatto hamma uchun yo‘qotish bo‘ladigan mojaroga tushib qolishi kerakmi?» - deb davom etdi Van I. Shu bilan birga, u o‘z mamlakatining AQSh bilan munosabatlari «barqarorlasha boshlaganini» ta’kidladi. 

Xitoyning «Sinxua» davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra, Van Blinkenga «Xitoy o‘zaro hurmat, tinch-totuv yashash va hamkorlik tamoyillariga amal qiladi hamda Xitoy-AQSh munosabatlarining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish tarafdori», dedi. 

Qo‘shma Shtatlar harbiy maqsadga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yuqori texnologiyali tovarlarni Xitoyga eksport qilish ustidan nazoratni joriy qildi, shuningdek, Xitoyning yuqori texnologiyali ayrim tarmoqlariga Amerika sarmoyasini cheklayapti. Vashington bu chora-tadbirlar milliy xavfsizlikni mustahkamlash uchun zarur deb hisoblaydi, Pekin esa ularni Xitoy taraqqiyotini «bostirish»ga urinish sifatida baholaydi. 

Ukrainadagi urush va Tayvanga bosim yuzasidan Xitoyni tanqid qilish 

Xitoy AQShning texnologiya sohasida yoki Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi munosabati bilan Xitoy kompaniyalariga nisbatan qo‘llagan sanksiyalaridan g‘azabda, deya tushuntirdi dpa. «Shu bilan birga, Vashington Xitoyning ta’siridan xavotirda va, xususan, yaqinda Xitoy konserni Bytedance AQShda o‘zining TikTok ilovasidan voz kechishga majbur bo‘ladigan qonunni qabul qildi. G‘arbning boshqa davlatlari Xitoyni Ukrainaga qarshi urushda Rossiyani qo‘llab-quvvatlayotgani va Tayvanga harbiy tahdidlari uchun tanqid qilyapti», — deyiladi xabarda.

Entoni Blinkenning Xitoyga safari uning AQSh Davlat departamenti rahbari sifatidagi faoliyati davomida ikkinchi tashrif bo‘ldi. 24 aprel kuni u Shanhayda Shanhay partiya qo‘mitasi kotibi Chen Jining bilan uchrashdi va shu shahardagi Nyu-York universitetiga ham tashrif buyurdi. 

Ko‘proq yangiliklar: