O‘zbekistonda 1 noyabrdan daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy etiladi

O‘zbekiston 08:04 / 31.10.2019 32616

2019 yilning 1 noyabridan O‘zbekistonda daraxtlar kesilishiga moratoriy joriy etiladi. Bu haqda prezident tomonidan imzolangan “2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonda aytilgan.

Hujjatga ko‘ra, Davlat ekologiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Ekologik partiyasi va jamoatchilikning davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma'qullandi.

Belgilanishicha:

a) moratoriy 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiladi;

b) moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi, ushbu bandda belgilangan holatlar bundan mustasno;

v) moratoriy:

tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o‘simliklar kasalliklari ta'sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug‘diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

yog‘och va mevalar olish uchun o‘stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o‘suvchi boshqa navlar, tut plantatsiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

plantatsiyalarda o‘stirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmaydi.

Vazirlik va idoralar, shuningdek, xo‘jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari obektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv ta'minoti, kanalizatsiya, temir yo‘l hamda avtomobil yo‘llari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan, daraxtlar va butalarni ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini qo‘llash orqali ularning saqlab qolinishini qat'iy ta'minlaydi.

Ko‘proq yangiliklar: