Shavkat Mirziyoyev oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqladi

O‘zbekiston 07:46 / 09.10.2019 28577

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan e'lon qilindi.

Quyidagilar:

a) O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlandi va unda quyidagilar nazarda tutiladi:

oliy ta'lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta'lim muassasalari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta'lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog‘lom raqobat muhitini yaratish;

O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalarining flagmaniga aylantirish;

respublikadagi kamida 10 ta oliy ta'lim muassasasini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish;

oliy ta'lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish;

xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta'limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta'limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta'lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;

oliy ta'lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;

oliy ta'lim muassasalarining akademik mustaqilligini ta'minlash;

oliy ta'lim muassasalarida ta'lim, fan, innovatsiya va ilmiy-tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish faoliyatining uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasini bosqichma-bosqich joriy etish;

xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta'lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish;

oliy ta'lim muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy izlanuvchilari, doktorantlari, bakalavriat va magistratura talabalarining yuqori impakt-faktorga ega nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etishi, maqolalarga iqtiboslik ko‘rsatkichlari oshishi, shuningdek, respublika ilmiy jurnallarini xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasiga bosqichma-bosqich kiritilishini ta'minlash;

O‘zbekiston oliy ta'lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta'lim dasturlarini amalga oshiruvchi “xab”ga aylantirish;

oliy ta'limning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta'lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish;

talaba-yoshlar ta'lim-tarbiyasi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish;

oliy ta'lim muassasalarining infratuzilmasi va moddiy-texnik bazasini, shu jumladan, xalqaro moliya institutlarining imtiyozli mablag‘larini keng jalb qilish hisobiga yaxshilash, ularni bosqichma-bosqich o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish va moliyaviy barqarorligini ta'minlash;

ta'limning ishlab chiqarish korxonalari va ilmiy-tadqiqot institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini yo‘lga qo‘yish;

aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, shu jumladan, imkoniyati cheklangan shaxslarning oliy ta'lim bilan qamrov darajasini oshirish, ular uchun infratuzilmaga oid sharoitlarni yaxshilash;

b) O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini 2019 yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Konsepsiya tegishli davrga mo‘ljallangan maqsadli parametrlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqib, har yili alohida tasdiqlanadigan “Yo‘l xaritasi” orqali bosqichma-bosqich amalga oshirilishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta'lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi hamda O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalari rektorlari kengashi negizida nodavlat notijorat tashkilot shaklidagi Respublika oliy ta'lim kengashini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berildi.

Kengashning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

professor-o‘qituvchilar, talabalar o‘rtasida so‘rovlar o‘tkazish, jamoatchilik va ish beruvchilarning fikrini o‘rganish hamda ilg‘or xorijiy tajribalarni tahlil qilish orqali oliy ta'lim sifatini oshirish, o‘quv dasturlarini takomillashtirish va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish;

oliy ta'limni davlat tomonidan boshqarish tizimi samaradorligiga va professor-o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar, ular tomonidan ta'lim berishda qo‘llanilayotgan ta'lim-tarbiya usullarining ta'sirchanligiga xolisona baho berish;

ta'lim berishda yuqori sifatni ta'minlash yuzasidan ta'sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish, bu borada ommaviy axborot vositalari va boshqa fuqarolik jamiyati institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish;

oliy ta'lim muassasalari faoliyatida ochiqlik, shaffoflik va xolislikni ta'minlash, korrupsiyaga sharoit yaratuvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;

oliy ta'lim tizimida kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish va pedagoglarning ilmiy-innovatsion faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni mazmunli va maqsadli tashkil etish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqish;

xalqaro aloqalar natijadorligini tahlil qilib borish, qo‘shma dasturlar samaradorligini baholash, hamkorlikning yangi shakllarini rivojlantirish, chet ellik professor-o‘qituvchilar va xorijdagi vatandoshlarni oliy ta'lim tizimiga jalb etish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

oliy ta'lim muassasalari faoliyati samaradorligini baholash va takomillashtirish bo‘yicha xorijiy ilg‘or tajribalarni o‘rganish asosida ularni respublika oliy ta'lim muassasalari sharoitida qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

Belgilab qo‘yilishicha:

Kengashning faoliyati natijalari, ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining hay'at majlisida yiliga kamida ikki marta Kengash a'zolari bilan birgalikda ko‘rib chiqiladi, natijasi yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilinadi;

Kengash tomonidan tayyorlangan taklif va tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi, tarkibida oliy ta'lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralar hamda oliy ta'lim muassasalari tomonidan majburiy tartibda ko‘rib chiqiladi, ular Kengashga vazifalarini amalga oshirishda har tomonlama ko‘mak beradilar, so‘ralgan zarur ma'lumotlarni taqdim etib boradilar;

Kengash faoliyati natijalari, oliy ta'lim tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar yuzasidan har chorakda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda Kengash faoliyatini tashkil etish bo‘yicha Hukumat qarorini qabul qiladi.

Ta'lim sifatini yaxshilash borasidagi ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rganish va amaliyotga tatbiq etish jarayonlarini jadallashtirish maqsadida respublika oliy ta'lim muassasalari (O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi tizimidagi oliy ta'lim muassasalari bundan mustasno) rahbar xodimlarining xorijiy mamlakatlarga xizmat safariga chiqishini bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik va idorani xabardor qilgan holda amalga oshirish tartibi joriy qilinadi.

Bunda oliy ta'lim muassasasi rahbar xodimlari tomonidan xorijiy mamlakatga xizmat safari oldidan asosiy ma'lumotlar, jumladan, mamlakat nomi, tashrif maqsadi va rejasi, safar natijalari yuzasidan esa oliy ta'lim muassasasi kengashiga amalga oshirilgan ishlar va xarajatlar to‘g‘risida taqdim etilgan hisobot oliy ta'lim muassasasi veb-saytiga joylashtiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi:

2019 yil 1 dekabr kuniga qadar 2030 yilga qadar respublikadagi kamida 10 ta oliy ta'lim muassasasini xalqaro e'tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Higher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga, shu jumladan, O‘zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o‘rindagi oliy ta'lim muassasalari ro‘yxatiga kiritishni, bunda mazkur oliy ta'lim muassasalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning zamonaviy mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutuvchi chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqadi va tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

har yili 1 dekabrga qadar o‘tayotgan yil bo‘yicha tasdiqlangan “Yo‘l xaritasi” bajarilishi yakunlarini puxta o‘rganish asosida Konsepsiyani kelgusi yilda amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” loyihasini ishlab chiqib, tasdiqlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritadi;

“Yo‘l xaritalari”ning bajarilishi yuzasidan doimiy monitoring yuritadi va uning natijalarini har chorakda Vazirlar Mahkamasiga taqdim etib boradi.

Quyidagilar mazkur Farmonda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish manbalari etib belgilandi:

O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari;

O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining Oliy ta'lim muassasalarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;

oliy ta'lim muassasalarining budjetdan tashqari mablag‘lari;

jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya tashkilotlari, xorijiy davlatlar va boshqa donorlar kreditlari (qarzlar), grantlari mablag‘lari;

qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Quyidagilarga:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari A.A.Abduhakimovga – mas'ul vazirliklar va idoralarning Konsepsiya hamda “Yo‘l xaritalari”ni bajarish bo‘yicha faoliyati va o‘zaro hamkorligini samarali tashkil etish, “Yo‘l xaritalari” bajarilishini monitoring qilish davomida aniqlangan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari, mas'ul vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlar rahbarlariga – Konsepsiya va “Yo‘l xaritalari”da nazarda tutilgan tadbirlarni o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarish;

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta'lim vaziri I.U.Majidovga – Konsepsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Ko‘proq yangiliklar: