Hongkongda namoyishchilar Xitoy hukumati devonxonasi ofisiga tuxumlar uloqtirishdi

Jahon 00:31 / 22.07.2019 6564

Hongkongda minglab odamlar ekstraditsiya haqidagi qonunga qarshi norozilik namoyishiga yig‘ilishdi. Ulardan ba'zilari Xitoy hukumati devonxonasi ofisiga tuxumlar uloqtirishgan, deb xabar berdi South China Morning Post nashri.

Ta'kidlanishicha, niqoblarda bo‘lgan ba'zi namoyishchilar ofis va politsiya bo‘limi binolarini bo‘yoqlar bilan bejashgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoy hukumati ofisi hukumat tomonidan ruxsat berilgan namoyish yo‘nalishi tashqarisida joylashgan. 

Nashrning xabar berishicha, namoyishchilar politsiya harakatlarini, aynan uning namoyishchilarga kuch qo‘llashini tergov qilishni talab qilishgan. Ma'lum qilinishicha, namoyishda 430 ming kishi ishtirok etgan.

Politsiya xodimlari namoyishchilarga qarshi ko‘zni yoshlatuvchi gaz qo‘llashgan. O‘z navbatida namoyishchilar politsiyachilarga qarata shisha idishlar va tutun shashkalari uloqtirishgan.

Avvalgi yakshanba, 14 iyuldagi norozilik aksiyasi politsiya bilan to‘qnashuvlar va tartibsizliklarga aylanib ketgandi. Oqibatda o‘nlab odam jarohat olgan va 40 dan ko‘proq namoyishchi hibsga olingan. 

Hongkong hukumati iyun o‘rtasida Xitoyga ekstraditsiya qilish haqidagi qonun loyihasi qo‘rib chiqilishini keyinga qoldirgan. Keyinroq Hongkong rahbari Kerri Lem hukumatning qonun loyihasini boshqa ko‘rib chiqish rejasi yo‘qligini ma'lum qilgan.  

Ko‘proq yangiliklar: