Eronning Isroilga raketa hujumiga javoban AQSh, Britaniya va Kanada 25 aprel, payshanba kuni Tehronga qarshi yangi sanksiyalar joriy qildi. Cheklovchi choralar birinchi navbatda dronlar savdosi va ularni ishlab chiqarishga qarshi qaratilgan.
AQSh Moliya vazirligi bayonotida 16 kompaniya, sakkiz jismoniy shaxs, beshta kema va bir samolyot Tehronga uchuvchisiz uchoqlarni sotib olish uchun ko‘rsatgan yordami munosabati bilan sanksiyaga uchragani bildirilgan.
Britaniya Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, to‘rt kompaniya va ikki shaxs Eron uchuvchisiz uchoqlarini ishlab chiqarishda ishtirok etgani uchun sanksiyaga uchragan. Bundan tashqari, dronlarni yaratishda qo‘llanishi mumkin bo‘lgan butlovchi qismlarni eksport qilishga qo‘shimcha taqiq joriy etildi. Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Kemeron shunday dedi: «Biz Eronning beqarorlashtiruvchi xatti-harakatlari uchun mas’ul shaxslarni javobgarlikka tortamiz».
Ikki jismoniy va ikki yuridik shaxs Kanada tomonidan cheklov choralariga duch keldi. Ottavadagi tashqi ishlar vazirligining aniqlik kiritishicha, sanksiyalar G7 ittifoqchilari bilan kelishilgan holda kiritilgan.
Eronning Isroilga hujumi
14 aprelga o‘tar kechasi Eron Isroilga havodan katta hujum uyushtirdi. Isroil mudofaa kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 170 ta dron, 120 dan ortiq ballistik raketalar va 30 dan ortiq qanotli raketalar mamlakatga hujum qilishga uringan, biroq Isroil va uning ittifoqchilari ularning 99 foizini, aksariyatini - mamlakat tashqarisida urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan. Faqat bir nechta raketa Isroil hududiga yetib bordi, janubdagi aviabazaga tushib, «kichik zarar» keltirdi», deyiladi TsAHAL xabarida.
Erondan tashqari, Isroilga hujumlar Yaman husiychilari, shuningdek, Iroq hududidan eronparast guruhlar tomonidan amalga oshirilgan.
10 aprel kuni Tehron Isroilga Suriya poytaxti Damashqdagi Eron konsulligi binosiga uyushtirilgan hujum uchun javob qaytarish bilan tahdid qilgan edi. Hujum oqibatida Islom inqilobi muhofizlari korpusining yetti nafar a’zosi, jumladan, ikki general halok bo‘ldi. Shundan so‘ng Eronning oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy «sionistik rejim jazolanishini» aytdi.