G‘ozg‘on shahri kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantiriladi

O‘zbekiston 12:42 / 24.04.2019 6038

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Navoiy viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar, xo‘jalik birlashmalari va tijorat banklari tomonidan ishlab chiqilgan “2019-2021 yillarda Navoiy viloyatining G‘ozg‘on shahrini kompleks rivojlantirish dasturi” ma'qullanishi mumkin.

Dasturning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:

ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan yanada rivojlantirish, aholini ish bilan ta'minlash darajasi va farovonligini oshirish;

G‘ozg‘on shahrini pardoz tosh qazib olish va ishlov berishga ixtisoslashgan sanoat shahriga aylantirish maqsadida mavjud foydali qazilmalar – marmar, granit konlarini o‘zlashtirish natijasida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va tabiiy resurslardan samarali foydalanish;

sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmlarini ko‘paytirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish hamda mavjud quvvatlardan samarali foydalanish, shu jumladan yangi zamonaviy qurilish va pardozlash materiallari va xalq iste'moli mollarini ishlab chiqarish;

hunarmandchilik, shu jumladan hudud uchun xos bo‘lgan xalq amaliy san'atini rivojlantirish;

tijorat banklari tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlash hisobiga kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish;

ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, aholini ichimlik suv, elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan ta'minlash hamda boshqa ijtimoiy-maishiy xizmatlar ko‘rsatish darajasini yaxshilash.

Dasturda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish orqali quyidagi natijalarga erishilishi ko‘zda tutiladi:

Dastur doirasida amalga oshiriladigan tadbirlarga barcha manbalar hisobidan 764,1 mlrd. so‘m miqdorida mablag‘lar yo‘naltiriladi;

1865 nafar aholining, xususan 280 nafar xotin qizlar, shuningdek 373 nafar yoshlar bandligi ta'minlanadi.

G‘ozg‘on shahrining batafsil rejalashtirish loyihasini amalga oshirish orqali arxitektura qiyofasi tubdan o‘zgartiriladi, bunda:

umumiy uzunligi 81,7 kilometrdan iborat mintaqaviy yo‘llar (ichki ko‘chalar) quriladi va ta'mirlanadi;

ichimlik suvi ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 46,5 kilometr tarmoq yangidan tortiladi va 37,8 kilometr tarmoqlar rekonstruksiya qilinadi (aholining ichimlik suv ta'minlanish darajasi 50% dan 90% gacha yaxshilanadi);

elektr energiya ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 36 kilometr yangi tarmoq hamda 15 ta transformator yangidan o‘rnatiladi, 11,2 kilometr tarmoqlar hamda 7 ta transformator modernizatsiya va rekonstruksiya, 25 km tarmoqlar hamda 10 ta transformatorlar mukammal ta'mirlanadi;

gaz ta'minoti tizimini yaxshilash maqsadida 3 kilometr tarmoqlar va 12 dona gaz tarqatish qurilmalari rekonstruksiya qilinadi hamda 125 ta yangi gaz balonlari aholi ehtiyoji uchun yetkazib beriladi;

3 ta maktabgacha ta'lim muassasasi quriladi, 2 ta maktabgacha ta'lim muassasasi rekonstruksiya qilinadi hamda buning natijasida maktabgacha yoshdagi bolalar qamrovi 85 % dan 100 % ga yetkaziladi;

2 ta maktab rekonstruksiya qilinadi, 3 ta maktab binosi va G‘ozg‘on shahar xalq ta'limi bo‘limi binosi yangidan quriladi;

1 ta 100 qatnovli qishloq oilaviy poliklinikasi yangidan quriladi hamda buning natijasida tibbiyot muassasalarda 8,2 ming nafar aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati yaxshilanadi;

1 ta sport muassasasi quriladi, 1 ta sport muassasasi rekonstruksiya qilinadi qo‘shimcha 1,5 ming nafar aholiga sport xizmatlarni ko‘rsatish sifati yaxshilanadi;

13 ta ko‘p qavatli uy-joylar ta'mirlanadi hamda 10 ta yangi ko‘p qavatli uy-joylar quriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Navoiy viloyati hokimligi bilan birgalikda G‘ozg‘on shahrida:

mavjud noruda foydali qazilmalar konlarini o‘zlashtirish uchun salohiyatli investorlarni, birinchi navbatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi investitsiyalarni jalb qilgan holda qazib olish va qayta ishlashni tashkillashtiradi;

pardozbop toshlarni qazib olish va qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan korxonalardan iborat klasterni barpo etish va pardozbop toshlarni chuqur qayta ishlash orqali jahon standartlariga mos eksportbop tayyor mahsulotlar ishlab chiqarish choralarini ko‘radi.

Ko‘proq yangiliklar: