Fanlar Akademiyasi rahbariyati darsliklardagi xatoliklar yuzasidan munosabat bildirdi

O‘zbekiston 16:35 / 20.03.2019 6375

Ta'lim muassasalari uchun darsliklar tayyorlanishi jarayoniga Fanlar Akademiyasi mutaxassislari yetarlicha jalb qilinmaydi. Bu xususida 18 mart kuni bo‘lib o‘tgan «O‘zbekiston tarixi: yutuqlar, muammolar va istiqbolli rejalar» mavzusidagi matbuot anjumanida so‘z bordi.

«Darsliklarda xatoliklar, ziddiyatli o‘rinlarning borligi haq gap. Bu borada ko‘p shikoyatlar bo‘ladi. Qo‘llanmalar  turli mualliflar tomonidan yoziladi. Lekin bu jarayonga Fanlar Akademiyasining mutaxassislari yetarlicha jalb qilinmaydi. Ularning jarayondagi rolini oshirish kerak», — deydi Fanlar Akademiyasi tarix instituti direktori Ravshan Abdullayev.

Abdullayevga ko‘ra, darslik tayyorlash jarayonida xorij tajribasi yetarlicha o‘rganilmagan. 

«Darsliklar strukturasi, metodikasi, poligrafiyasi bo‘yicha chet el tajribasini tadqiq etish kerak. Shuningdek, tarixchilar darslik yozishda yondosh soha vakillari – san'atshunoslar, siyosatshunoslar kabilar bilan ham maslahatlashishsa maqsadga muvofiq bo‘lardi», — deya ta'kidlaydi u. 

O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi metodologik markaz rahbari Mirzohid Rahimov darsliklar tayyorlash bo‘yicha O‘zbekistonda yaxshi metodist kadrlar mavjud emasligini bildirdi. 

«Bu esa o‘quv qo‘llanmalari strukturasida kamchiliklarga yo‘l qo‘yilishiga sabab bo‘lmoqda», — deydi u.

«O‘zbekiston tarixi» va «Jahon tarixi» maktab darsliklarida fakt va raqamlarning bir-biriga muvofiq kelmayotganligi va bu o‘quv jarayonida noqulayliklar tug‘dirayotgani haqida xabar berilgan edi

Xususan, 8-sinf «O‘zbekiston tarixi» darsligining 115-betida Qo‘qon xonligi 1710 yilda tashkil topgan, deyilgan. Xuddi shu darslikning 117-betida esa bu sana 1709 yil deb ko‘rsatilgan. 

Eron — Rossiya urushi (90-bet) haqida ham xuddi shunday xatolikka yo‘l qo‘yilgan. Darslikda mazkur urush 1826 — 1829 yillarda sodir bo‘lgan, deya yozilgan. 8-sinf «Jahon tarixi» darsligida esa bu urush borasida 1826 — 1828 yillar ko‘rsatilgan. Bu kabi holatlar tarix bo‘yicha qo‘llanmalarda ko‘p uchraydi.

Ko‘proq yangiliklar: