Suriyada yana bir qonli kun. Seriyali teraktlar qurbonlari soni 200 nafarga yaqinlashdi

Jahon 21:10 / 25.07.2018 12604

Suriya janubidagi Bashar Asad hukumati nazoratida bo‘lgan Suvayda viloyati hududida sodir etilgan seriyali teraktlar qurbonlari soni 183 nafarni tashkil qilmoqda. Bu haqda Al Hadath telekanali «Suriya Inson huquqlari monitoring markazi» ma'lumotiga asoslangan holda xabar bermoqda.

Teraktlar IShIDning bir guruh xudkushlari tomonidan amalga oshirildi. Kunning birinchi yarmida Suriya poytaxti Damashqdan 92 km masofada joylashgan Suvayda shahri markazidagi Suk-al-Xodra bozorida kuchli portlash sodir etilgan. Ko‘p o‘tmasdan Al-Musallah tumani hududida portlashlar ro‘y bergan.

Foto: AFP 

«Suvaydadagi bozorda tanasiga portlovchi qurilmalar bog‘langan uch jangari birin-ketin o‘zini portlatdi. Shaharning boshqa nuqtalarida ham, shimolda va sharqda portlashlar ovozi eshitildi», deya xabar berishgan huquq faollari.

© Foto : SANA

Bundan tashqari, xavfsizlik xizmati vakillari ikki terrorchini o‘zini portlatishga ulgurishidan oldin otib tashlagan.

Xuddi shu vaqtda shahar tashqarisidagi qishloqlarga jangarilarning otryadlari hujumi uyushtirilib, tinch aholi qirg‘in qilingan. Hukumat harbiylari va ko‘ngillilar otishmalarda jangarilarni chekintirishgan.

© Foto : SANA

Qishloqlarga hujumlar oqibatida halok bo‘lganlarning aniq soni hozircha hisoblanmadi.

Qayd etish kerakki, bu keyingi oylarda Suriyada kuzatilgan eng yirik hujum bo‘ldi.

© EPA/SANA HANDOUT

Oxirgi vaqtlarda Bashar Asad hukumati Rossiya aviatsiyasi ko‘magida Suriya janubidagi katta hududni qaytarib olgandi. Aynan shu hududlarda IShID xudkushlari teraktlar sodir etib kelmoqda.

BMT ma'lumotlariga ko‘ra, Suriyada kamida 270 ming kishi harbiy harakatlar davom etayotgani tufayli o‘z uylarini tashlab ketishga majbur bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: