YeXHT: Rossiya rasmiylari minglab ukrainaliklarni qo‘lga olgan 

Jahon 08:25 / 26.04.2024 5893

Rossiya 2014 yildan beri minglab ukrainalik fuqarolarni noqonuniy qo‘lga olgan. Bu haqda 25 aprel, payshanba kuni Venada taqdim etilgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT)ning Moskva mexanizmi hisobotida aytiladi. Unda qayd etilishicha, Rossiyaning Ukraina fuqarolarini qo‘lga olishi 2014 yilda Qrimda boshlangan va 2022 yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli hujumidan keyin davom etmoqda. Hisobot mualliflarining fikricha, bu bilan Rossiya tomoni insoniyatga qarshi jinoyatlar va harbiy jinoyatlar sodir etgan.

Fevral oyi oxirida YeXHTga a’zo 57 davlatdan 45 tasi ekspertlarga Ukraina fuqarolarining Rossiya rasmiylari tomonidan ta’qib qilinishi bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha hisobot tayyorlashni topshirdi. Shu bilan birga, YeXHT tergovni u olib borilayotgan davlatning roziligisiz o‘tkazish imkonini beruvchi mexanizmni ishga tushirdi.

Huquqshunoslar - Chexiyalik Veronika Bilkova, norvegiyalik Sesili Xellestveyt va latviyalik Elina Shtaynert 2014 yilda Qrim Rossiya tarkibiga o‘tganidan keyin qancha odam qo‘lga olinganini aniqlay olmadi. Biroq, ularning soni minglab, deydi ular hujjatlar, shuningdek, Ukraina rasmiylari, jabrlanuvchilar va guvohlarning bayonotlariga asoslanib. Mahkumlar kamsitish, qiynoqqa solish va jinsiy zo‘ravonlikka duchor bo‘ladi. Mutaxassislar, shuningdek, hibsga olingan tinch fuqarolarning o‘limi haqidagi hujjatlashtirilgan holatlarga ham ishora qildi.

Tinch aholini noqonuniy ravishda ommaviy hibsga olish «Rossiyaning vaqtincha egallab olingan hududlardagi strategiyasining belgilovchi xususiyati bo‘lib ko‘rinyapti», deyiladi hisobotda. Hibsga olinganlarning ko‘pchiligi Ukraina armiyasini qo‘llab-quvvatlaganlikda yoki Rossiya harbiy amaliyotiga qarshi chiqqanlikda ayblanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, ushlashlar qo‘rquv uyg‘otish va odamlarni yangi hokimiyat bilan hamkorlik qilishga majburlashni maqsad qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: