Farg‘onadagi maktab masalasi: yangi hokim bu muammoni hal eta oladimi?

Jamiyat 19:10 / 06.07.2018 24381

Har bir insonning shaxs sifatida shakllanishida ta'lim-tarbiyaning o‘rni beqiyos. Bu yuksalish jarayonida, avvalo, ota-ona tarbiyasi, so‘ngra maktabdagi ta'lim muhim ahamiyat kasb etadi.

KUN.UZ tahririyatiga kelgan navbatdagi murojaat Farg‘ona viloyatining Uchko‘prik tumanida istiqomat qiluvchilardan yuborilgan. Murojaat mazmuni halqimiz uchun muqaddas dargoh sanalgan maktabga nisbatan behurmatlik qilinayotgani haqida. Muammoni batafsil o‘rganish maqsadida maktubda ko‘rsatilgan manzilga tashrif buyurdik.

Tashrif davomida bizga O‘zbekiston Liberal Demokratik Partiyasi vakili Yo‘lchiboy Ismoilov hamkorlik qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qishloq bolalari ta'lim olish maqsadida xavfli hududlarni bosib o‘tib maktablarga borishga majbur. 2010 yildan boshlab bu yerdagi aholi yangi maktab qurish tashabbusi bilan harakat boshlagan.

- Birinchi bo‘lib 360 o‘rinli maktab qurilishi uchun chet el investitsiyasi - “Islom taraqqiyot banki”dan olinishi haqida va'dalar olgan edik. 2016 yilga kelib 215 o‘rinli maktab qurilishini aytishdi. 2017 yilda 120 o‘rinli filial maktab tashkil etildi. Shungayam xursand bo‘ldik, chunki 4-sinfgacha farzandlarimiz xavf-xatarlarni bosib o‘tib maktabga borish muammosi hal etildi, - deydi Yo‘lchiboy aka.

Guvohi bo‘ldikki, mazkur ta'lim dargohi hududida noqonuniy ravishda maktabga qo‘shni bo‘lgan Ya. Sh. o‘zboshimchalik bilan molxona qurib olgan. Yo‘lchiboy aka bergan materiallari bo‘yicha 2017 yilning 4 oktabr sanasida Prezident Devoni qabulxonasiga murojaat etilgan. Masala o‘rganilib, yerdan foydalanish va shaharsozlik qoidalari buzilganligi sababli Uchko‘prik tuman hokimligidan ogohlantirish beriladi. Ma'lum vaqt o‘tgandan so‘ng, 26 oktabr sanasida tuman hokimi xat ham yuboradi. 30 oktabrda Farg‘ona viloyat hokimiyati tomonidan ham ogohlantiriladi.

Mutasaddi idoralar tomonidan ogohlantirishlarga qaramay o‘zboshimcha fuqaro yer maydonini bo‘shatib bermagan. Shundan so‘ng, viloyat hokimiyati tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritiladi. Fuqarolik sudining hal qiluv qarorida ham fuqaro o‘zining hisobidan buzish ko‘zda tutilgan. Ammo fuqaro tomonidan bu ish amalga oshirilmagan. Oqibatda tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, sektor rahbari o‘z hisobidan buzishni amalga oshirgan.

- Agar shu odam o‘zi buzishni amalga oshirmaganda, tuman hokimi (hozirda ishdan olingan) bu ishlarni qila olmas edi. Bu hokim ustidan Farg‘ona viloyat hokimiga arz qildik. Ammo arzlarimiz e'tiborsiz qoldirildi.

Noqonuniy molxona qurilgan joyda bolalar uchun hojatxona qurilishi lozim edi. Ammo, molxona sabab sport maydonchasi uchun belgilangan joyda qurishga majbur bo‘ldik, - deb ta'kidlab o‘tdi O‘zLiDeP vakili Yo‘lchiboy Ismoilov. - Shundan so‘ng, o‘sha vaqtda hali o‘z lavozimida bo‘lgan Uchko‘prik tuman hokimi tomon yo‘l oldik. Hokim (sobiq) bilan uchrashganimizda bizning murojaatimizga ham aholining e'tiroziga ham e'tibor qaratmadi. Negadir, hokimiyatning boshqa mansabdor shaxslari ham bu bo‘yicha tushuntirish berishni istashmadi.

Boshqa yuqori turuvchi tashkilotlar bilan bog‘lanishga harakat qilgan-qilmaganligi bilan qiziqdik. “Hozirgi kunda bu maktabimizda bolalarimiz uchun sport maydonchasi yo‘q. Injiniring kompaniyalari bilan gaplashgan edik, endi shu molxona hududiga qurish mumkinligini aytishdi. Farzandilarimiz to‘g‘ri o‘ssin, jismonan sog‘lom bo‘lishsin deb sport maydonchasi qurib berishni so‘ragan edik. Viloyat xokimiga bog‘lanishga ham muvaffaq bo‘ldik. Ammo u kishi bunga e'tibor qaratmadi”, deydi Yo‘lchiboy aka.

“Hozirgi kunda Farg‘ona viloyat Uchko‘prik tumaniga yangi hokim tayinlangan. Biz tumanimiz yangi hokimidan maktabimiz qurilishidagi kamchiliklarni to‘g‘rilashga va sport maydonchasini qurishda amaliy yordam qilinishini kutib qolamiz. Shuningdek, qurilish ishlarini xalq homiyligi asosida qilishga tayyorligimizni bildiramiz”, deb umid qildi Yo‘lchiboy Ismoilov.

KUN.UZ tahririyati maktab masalasi jamiyatimizdagi eng muhim jabha ekanligini anglagan holda yuqoridagi muammolar tez orada hal etilishiga ishonib qoladi.

Bahodir Axmedov

Ko‘proq yangiliklar: