XPKda navbatdagi sessiya: O‘zbekistonning zamonaviy soliq siyosati: vazifalar va amalga oshirish mexanizmi

Iqtisodiyot 17:44 / 26.07.2017 23109

2017 yil 26 iyul kuni Xalqaro Press-klubda «O‘zbekistonning zamonaviy soliq siyosati: vazifalar va amalga oshirish mexanizmi» mavzusida navbatdagi sessiya bo‘lib o‘tdi. Anjuman davomida Respublikamizda soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa mujburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish, soliq to‘lovchilarga yaratilgan qulaylik va imtiyozlar, davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning muhim yo‘nalishlari, davlat soliq xizmati organlari tomonidan ko‘rsatilayotgan interaktiv davlat xizmatlari, sohada axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish bilan bog‘liq belgilangan vazifalar, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasining vazifa va funksiyalari muhokama qilindi.

Sessiyada jurnalistlarning savollariga O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosarlari Erkin Gadoyev, Nazarali Norboyev va Xotambek Shakirov, O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri o‘rinbosari Nodirjon Jo‘rayev, O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari Shuxrat Ismailov, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Saidkamol Xodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi o‘rinbosari Qaxramon Valiyev hamda Bosh prokuratura, Davlat soliq qo‘mitasining mutasaddi xodimlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Soliq akademiyasi o‘qituvchilari javob berdilar.

Shuningdek, anjumanda Xalqaro Press-klub Jamoatchilik kengashi, soha ekspertlari, mutaxassislar, xalqaro va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Ma'lumki, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida soliq solish bazasini kengaytirish orqali soliq ma'muriyatchiligini soddalashtirish va soliq yukini kamaytirish masalalari alohida o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 iyuldagi “Soliq ma'muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni mamlakatimizda mamlakatda tadbirkorlikni rivojlantirish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun soliq yukini izchillik bilan kamaytirish va qulay shart-sharoitlarni yaratishni ta'minlaydigan soliq tizimi yangi davrni boshlab berdi.

Mazkur farmon bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat soliq xizmati organlari tizimini isloh etishning yettita muhim yo‘nalishlari belgilab berildi.

Shuningdek, 2018 yil 1 yanvardan boshlab soliq organlari va halol soliq to‘lovchilar o‘rtasida ularga joriy soliq solish masalalarini hal qilishda har tomonlama ko‘maklashgan holda kengaytirilgan axborot almashinuvini nazarda tutuvchi soliq nazoratining zamonaviy shakli – soliq monitoringi joriy etilishi belgilandi.

Vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash kelgan halol soliq to‘lovchilar – xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq ta'tillari berilishi mumkinligi, o‘tkazilgan kameral nazorat natijalari bo‘yicha aniqlangan tafovutlar yuzasidan soliq to‘lovchilar tomonidan asoslar taqdim etilmagan taqdirda, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar summalarini sud tartibida undirish joriy etiladi. 

Ortiqcha to‘langan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qaytarish yoki hisobga olish soliq to‘lovchi vakolatli organlarga murojaat etgan sanadan boshlab 15 ish kuni ichida amalga oshiriladi. Davlat soliq xizmati organlariga kirim hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qiladigan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning hisob varaqlari bo‘yicha operatsiyalarini 5 bank kunigacha bo‘lgan muddatga vaqtinchalik to‘xtatib turish vakolati beriladi.

Toshkent, Nukus shaharlarida va viloyat markazlarida soliq organlariga hisob-kitoblar haqidagi ma'lumotlarning onlayn rejimida berilishini ta'minlaydigan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llash orqali naqd pul tushumi ustidan avtomatlashtirilgan nazorat tizimi joriy etiladi, respublikaning qolgan hududlarida mazkur tizim bosqichma-bosqich kiritiladi; 

Soliq tekshiruvi obektlarini samarali tanlab olish uchun soliqqa oid huquqbuzarliklarni sodir etish xavflarini tahlil qilish, shuningdek soliq organlari tomonidan yuqori likvidli mahsulotlar haqiqiy ishlab chiqarish hajmining doimiy hisobi va nazoratini amalga oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan avtomatlashtirilgan tizim joriy etiladi;

Davlat soliq xizmati organlari xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar xodimlarining hisobotdagi va haqiqiy soni muvofiqligi ustidan tizimli monitoringni amalga oshiradi, natijasi bo‘yicha soliq solinadigan bazani aniqlashtiradi. 

Farmonga asosan Davlat soliq xizmati organlarining shtatlar sonini qisqartirish hisobidan cheklangan shtat soni 41 nafardan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjyetiga tushumlarning to‘liqligini nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tuzilmasida 2 ta yangi bosh boshqarma, Chakana savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida huquqbuzarliklarni profilaktika qilish bosh boshqarmasi hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bosh boshqarmalari tashkil etildi. Shuningdek 4 ta tuzilma nomlari o‘zgartirilib, yangi funksional vazifalar yuklatildi. 

Soliq organlari faoliyatiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish uchun mas'ul bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining o‘rinbosari – Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi.

Ko‘proq yangiliklar: