2020 yilgi ma'lumotlarda u respublika yalpi ichki mahsulotining qariyb 48 foizini (245 trln so‘m) tashkil etishi keltirilgan. Bu yomon ko‘rsatkich bo‘lib, avvalo qonunchilik va tizimlardagi muammolar hosilasidir.
Soliqlardan qochish va yashirin daromad olishga intilish nimani anglatadi?
Yashirin iqtisodiyot mahsulot va xizmatlarni iqtisodiyot sub'yektlari tomonidan yashirin tarzda ishlab chiqarish, soliqlardan qochish orqali noqonuniy daromad orttirishga asoslanadi. Uning yuzaga kelishiga davlatning iqtisodiyotga ortiqcha aralashuvi, qonunchilikdagi muammolar, soliq yuki yuqoriligi va biznes muhiti yaxshi emasligi sabab bo‘ladi.
Ko‘plab tadbirkorlar yashirin (noqonuniy) daromad orttirishi oqibatida yig‘ilgan mablag‘larning soliq uchun to‘lanadigan qismi ham soliqlardan qochuvchi nohalol shaxslar cho‘ntagiga tushmoqda.
Qonunda belgilangan tartibda faoliyat yuritish, daromadiga yarasha soliq to‘lash har bir fuqaroning majburiyati bo‘lsa-yu, bu mas'uliyatni aksariyat insonlar nega his qilishmaydi? Ular to‘laydigan soliqlar mamlakat iqtisodiyoti uchun muhimligini nima uchun anglashmaydi?
Bundagi bosh faktor soliq tizimidagi muammolarga borib taqalar, ehtimol. Odamlar nega soliq to‘lashdan qochishadi? Chunki soliq yuki yuqori, soliqqa tortish tizimi nomukammal, aholining davlat organlariga bo‘lgan ishonchi past darajada. Ayrimlarda «mablag‘im qanchaligini ochiqlamasam, tortib olishga urinishlari mumkin», degan qo‘rquv ham bor hattoki.
Ikkinchi omil esa insonlarda pul jamg‘arishga bo‘lgan moyillik, nima qilib bo‘lsa-da farovon yashashga intilish, kamxarj va oz mehnat bilan ko‘p daromad olishga erishish istagi kuchliligida. Shuningdek, ijtimoiy tabaqalashuv, ayovsiz raqobat, yuqori inflatsiya ham soliqlardan qochishga va oqibatda yashirin iqtisodiyot qaror topishiga xizmat qilmoqda.
Yashirin iqtisodiyot ulushi katta bo‘lgan ayrim sohalar
Bilamizki, mamlakatdagi eng yirik mablag‘lar savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida aylanadi. O‘z navbatida, yashirin daromadlar ham shu sohalarda shakllanadi. Masalan, aholining katta qismiga xizmat qiluvchi kichik savdo shoxobchalarida xarid cheki berilmasligi yoki mijozning o‘zi uni talab qilmasligi ko‘p uchraydi. Mutaxassislarga ko‘ra, oddiydek ko‘ringan ushbu holat aslida yashirin iqtisodiyot rivojlanishiga, tadbirkorlik sub'yektlari orasida nosog‘lom raqobat muhiti shakllanishiga olib keladi.
Agar har bir iste'molchi tomonidan chek talab qilinsa, xufiyona iqtisodiyot ulushi qisqarishi barobarida, soliqlardan bo‘yin tovlash holatlari ham kamayib, budjet tushumlari ortishi mumkin. Biroq aholiga tushuntirish ishlari olib borish ancha sustligi sababli nohalol tadbirkorlar umumjamiyat uchun tegishli mablag‘lar – soliq tushumlarini ham o‘zlashtirishda davom etmoqda.
Yashirin iqtisodiyotning yana bir ko‘rinishi nolegal ishchi kuchidan foydalanish yoki xodimlarga to‘lanayotgan oylik-maoshlarni kamaytirib ko‘rsatish orqali soliqlardan qochish hisoblanadi. Bu ishchining ijtimoiy ta'minotida bir qancha muammolarni yuzaga keltirish bilan birga, davlat budjetiga tushishi kerak bo‘lgan mablag‘lar mo‘may daromad ilinjidagi biznesmen hamyonini to‘ldirishiga olib keladi. Bu muammoni qanday bartaraf etish masalasi esa hamon dolzarbligicha qolmoqda.
Xufiyona iqtisodiyot ildiz otishiga yana bir sabab – litsenziya va boshqa bir qancha zaruriy hujjatlarni olishda ma'muriy yukning yuqoriligi. Ya'ni hujjatbozlik hamon og‘riqli nuqtalarimizdan. Ba'zi o‘rinlarda o‘sha hujjatni olish qimmatga tushishi tufayli savdogarlar uni olmasligi mumkin. Misol uchun, dorixona litsenziyasi muddati tugagan bo‘lsa, uni yangilamay ishlayverish holatlari ko‘p kuzatilgani ma'lum. Bu ham xufiyona iqtisodiyot ildiz otishiga olib keladigan omillardan.
Aniqlanishicha, O‘zbekistonda taksi faoliyati ham yashirin iqtisodiyotning eng yuqori ulushlaridan birini tashkil etadi. Negaki, litsenziya va bir qator hujjatlar tayyorlashdagi yuqori xarajatlar va ovoragarchilik haydovchining rasmiyatchilikdan qochishiga sabab bo‘ladi. Tizim noto‘g‘ri yo‘lga qo‘yilgani oqibatida noqonuniy daromad orttirish mazkur sohada ham rivojlangan.
Lekin ayni paytda prezident qarori bilan tajriba tariqasida taksi haydovchilariga qulaylik yaratish bo‘yicha bir qator ishlar boshlandi.
Masalan, avvallari taksi mashinasi nomeri TT harfiga o‘zgartirilishi, eshiklar yoniga shashka yopishtirish, rangini sariqqa bo‘yash, firma bilan shartnomalar va boshqa bir qancha xarajatlar jamlanib, bitta mashinaga 4-4,5 mln so‘m sarflangan. Hatto xarajatlar olib tashlansa ham ko‘pchilik bu talablarni bajarishga o‘ylanib qolgan.
Hujjat asosida 2021 yilning 15 mayidan mazkur talablar bekor qilindi. Endilikda istalgan haydovchi YaTT sifatida taksi faoliyatini yuritishi mumkin. Mutaxassislar bu yangi tizim oz bo‘lsa-da yashirin iqtisodiyotni kamaytirishga ijobiy ta'sir qilishini aytishmoqda. Ammo qay darajada samaraga erishish belgilangan vaqt o‘tgach ma'lum bo‘ladi.
Soyadagi iqtisodiyot nega rivojlanadi va jamiyatga qanday ta'sir qiladi?
Yashirin iqtisodiyot O‘zbekistonda ayanchli darajada «gullab-yashnagani» uning YaIM yarmiga to‘g‘ri kelayotganidan ham ma'lum. Muammo shu darajaga yetganki, unga to‘liq yechim topishning o‘zi katta masala deyish mumkin. Biroq kuchli siyosiy iroda, davlat va aholining birgalikdagi sa'y-harakatlari bilangina xufiyona iqtisodiyotni qisqartirishga erishish mumkin. Tabiiyki, muammoni bartaraf etish uchun tizimlarda jiddiy o‘zgarishlar qilish zarur. Ayniqsa, soliq sohasida. Chunki davlat budjeti asosan soliqlardan shakllanadi. Tizimni modernizatsiya qilish, aholi uchun yengillik yaratish va eng muhimi soliqqa oid barcha yangiliklar va ma'lumotlarni aholiga to‘g‘ri va to‘liq yetkazish, anglatish birinchi raqamli masala.
Mutaxassislarning afsus bilan aytishlaricha, aholining ko‘pchiligi bugungi soliq turlaridan, ular nimalar hisobiga to‘lanishi, tizimdagi o‘zgarishlar va boshqa zarur ma'lumotlardan to‘liq boxabar emas. Demak, dastlabki masala xabardorlikni oshirish kerak.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 2021 yilning yanvar-may oylarida davlat budjetiga soliq tushumlari hajmi 2020 yilning mos davriga nisbatan 32 foizga ko‘paydi.
Bu o‘sish bevosita soliq yukining ortishi natijasida emas, balki yashirin iqtisodiyotdan tushgan mablag‘larni legallashtirish asosida yuz bergan. Demak, xufiyona mablag‘larni qonuniylashtirishga to‘liq erishilsa, budjet tushumlari misli ko‘rilmagan darajada ortishi oydinlashmoqda. Bunda o‘z-o‘zidan soliq to‘lovchilar soni ham ko‘payib borishi tabiiy.
Yashirin iqtisodiyotning jamiyatga salbiy ta'sirlaridan biri shundaki, raqobat muhiti buziladi va shaffoflik yo‘qolishiga yo‘l ochiladi. Shuningdek, bu muammo mahsulotlar sifati va miqdori pasayishiga, davlat budjetiga tushadigan soliq tushumlari kamayishiga olib keladi. Ijtimoiy iqtisodiyot institutlarni qo‘llab-quvvatlash uchun soliq yuki oshirilishiga sabab bo‘ladi. Eng yomoni iqtisodiy o‘sishga salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
O‘zbekistonda soliq yuki qancha?
Ayni paytda respublikada 9ta soliq turi mavjud. Albatta, ularning o‘lchovi turlicha. Mutaxassislarning aytishicha, respublikada soliq yuki ko‘rsatkichi u qadar yuqori emas. Hisob-kitoblarda uning umumiy miqdori 23-24 foizni tashkil qilishi aniqlangan. Ammo oddiy aholining aksariyati mazkur foizlarni kam yoki o‘rtacha deya olmaydi. Shuning uchun ham yashirin daromad olishga urinishlar doimiy refleksga aylangan.
Ayrim moliyachilar orasida «soliq yuki xufiyona iqtisodiyot yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi deyish noto‘g‘ri», degan qarashlar ham mavjud. Ammo soliqlardan qochishga sabab ularning yuqoriligida emasmi?
Soliqlar to‘lashdan qochishdagi muammolardan biri sifatida ayrim odamlarda soliq to‘lashdagi mas'uliyat pastligi keltiriladi. Bu jarayonda soliq organlariga katta vazifalar yuklanadi. Ya'ni ular majburlovchi emas, xizmat ko‘rsatuvchi organ sifatida namoyon bo‘lishga intilishi kerak. Agar bir fuqaro qaysidir soliqlarni to‘lamasa, soliqchi borib unga holatni, tizimni tushuntirishi lozim. Fuqaro hatto u soliq qayerdan kelib chiqishini ham bilmasligi mumkin. Lekin mutaxassis unga anglatishi muhim ahamiyatga ega.
Yashirin iqtisodiyot – butun jamiyat muammosi
Xufiyona iqtisodiyot rivojlanar ekan, legal iqtisodiyot hajmiga ham albatta salbiy ta'sir o‘tkazadi. Shu sabab bu ulkan muammoni bartaraf etish uchun faqatgina davlat imkoniyatlari bilan kurashish yetarli bo‘lmaydi. Jamiyatdagi boshqa kuchlar, birinchi navbatda, tadbirkorlar, keng jamoatchilik bu muammoga o‘z muammosi sifatida qarasagina, uni hal qilishda sezilarli natijalarga erishish mumkin.
Buning uchun tadbirkorlar bilan ochiq muloqot orqali bugun ularning ishiga xalaqit berayotgan muammolar nimadan iboratligini aniqlash zarur. Shundagina kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish imkoni paydo bo‘ladi. Bu jarayonlarda barcha, xususan, siyosiy partiyalar, mas'ul idoralar, biznes sub'yektlari va keng jamoatchilik o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot maydonlarini shakllantirishlari lozim. Ushbu maydon mavzuga doir og‘riqli muammolarni qo‘rqmasdan ko‘tarib, ularga mos yechimlarni taklif qila olsa, hukumat va xalq o‘rtasida hamkorlik yuzaga kelsa, albatta kamchiliklar asta-sekin bartaraf bo‘ladi. Lekin bizda avvalo, aynan o‘sha birdamlikni shakllantirish kerak.
Islombek Umaraliyev