Shifoxona yonida qurilgan tungi klub o‘z “ishini ko‘rsatishni boshladi”

Jamiyat 19:42 / 30.06.2017 33152

Kun.uz tahririyati fuqarorlardan kelayotgan har bir murojaatni o‘rganishda, ularning yechimini izlashda davom etadi. Tahririyatning elektron pochtasiga Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida istiqomat qiluvchi fuqarodan maktub kelib tushgan. Unda shunday so‘zlar bitilgan:

“Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyev xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni ma'naviy-ma'rifiy, milliy salohiyatini oshirish, buning uchun ularning bilim saviyasini, kitobga bo‘lgan mehrini yuksaltirish, Respublikamizni hamma joylarida kutubxonalar tashkil etish, bunga xalqimizni, ayniqsa, yosh avlodni jalb qilish, ularni shu yo‘l bilan noto‘g‘ri va bizning ma'naviyatimizga, milliyligimizga yot g‘oyalardan asrash to‘g‘risida ko‘p gapirayaptilar. Bu yo‘lda ko‘plab ishlarni amalga oshiryaptilar. Lekin bizning tumanimiz markazida, shundoqqina markaziy shifoxonaning yonginasida faqatgina kinofilmlarda ko‘rgan va yurtimizning ayrim joylarida borligini eshitganimiz - ommaviy madaniyatning eng yomon ko‘rinishi bo‘lgan tungi klub ochildi.

Hatto xorijiy filmlarda ham yomonlik, ma'naviyatsizlik o‘chog‘i deb ko‘rsatiladigan tungi klubni nima maqsadda tashkil qilinganini tashkilotchilardan so‘rasak, bu yoshlarni yot oqimlarga, ekstremizmga qo‘shilib ketishining oldini olish uchun, deb javob berishdi.

Eshitishimizga qaraganda shifoxona hududida tungi klubning shovqini u yoqda tursin, mashinaning signali ham halaqit berar ekan. Bundan tashqari, bundan maqsad bu yerga boshqa joylardan “qiz-juvonlar”ni ijara asosida yollab, keyinchalik ko‘zlarni ko‘niktirib, qizlarimiz hamda singilarimizni ham tungi klubga tortish emasmi?

Bu yerni tashkil etishning asosiy maqsadi yoshlarimizni yot g‘oyalardan saqlash bo‘lsa, nima uchun pullik, nimaga alkagol ichimliklar iste'moliga ruxsat etilgan?

Kutubxonalarga kirish bepul-ku. Axir terroristik guruhlarga qo‘shilib ketganlarning aksariyati ana shunday yengil hayotga, kayfu-safoga berilgan, tungi klublarning ashaddiy a'zosi bo‘lgan yoshlar ekanligi ko‘p bora aytilyapti-ku! Yoki bu yerda bizning aqlimiz yetmagan “yashirin yaxshi foydali” jihatlar ham bormi?”.

Kun.uz fuqarolarning hech bir so‘zini, murojaatini bee'tibor qoldirmaydi. Manzilni o‘rganish chog‘ida shu narsaga guvoh bo‘ldik-ki, chindan ham markaziy shifoxonaning yonginasida bir necha oy avval tungi klub ochilgan. Bu yer shifoxonada davolanayotgan bemorlarga xalaqit berib kelgan. Sababi klubdagi musiqa shovqinlari, mast odamlarning janjallari bemorlarning tinchini yo‘qotgan. Mana shu manzilda istiqomat qiluvchi aholining fikriga ko‘ra, ularning farzandlari ham shu klubga kirish, bu yerdagi jarayonlarni ko‘zlari bilan kuzatish istagida bo‘lgan. Biroq ota-onalar bu borada o‘z farzandlariga qattiq turganlar.

- Alkagol ichimliklarni ichib, to‘polon qilgan kimsalar dastidan ko‘chaga chiqmay qo‘ydik. Farzandlarimizda u yerga bo‘lgan qiziqish uyg‘ondi, ertaga ular ham shu klubga bizdan yashirinib kirib, bema'no musiqadan, alkagol ichimliklardan bahramand bo‘lsa, dodimizni kimga aytamiz? - deydi shu klub yonginasida istiqomat qiluvchi fuqaro.

Muammo yuzasidan Furqat tumani hokimining bosh mutaxassisi Fayzullo Qayumovga yuzlanganimizda, “masalani hal etamiz, chindan ham shifoxona yonginasida klub bo‘lishi bemorlarga xalaqit beradi” dedi va ikki kundan so‘ng qo‘ng‘iroq qilishimizni so‘radi. Ikki kundan so‘ng Fayzullo Qayumovga qo‘ng‘iroq qilganimizda klub berkilgani va endilikda bemorlarga bu xalaqit bermasligini  aytdi.

Aholining aytishiga qaraganda muammo jurnalistlar tomonidan  o‘rganilayotgan vaqtda klub faoliyati ikki kunga to‘xtatib turilgan. Biroq ikki kundan so‘ng yana ishlay boshlagan. 

Biz yana Fayzullo Qayumovga qo‘ng‘iroq qilganimizda telefonni ko‘tarmay ham qo‘ydi. Hozircha muammo muammoligicha qolmoqda. Xo‘sh, u qachon o‘z yechimini topadi, klub atrofida istiqomat qiluvchi aholi, shifoxonadagi bemorlar qachon tinch orom oladi?

Ahror Ziyo, Farg‘ona

Ko‘proq yangiliklar: