Jahon | 14:49 / 20.04.2025
11355
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoyda yadroviy bo‘lmagan vodorod bomba sinovdan o‘tkazildi

Sinov vaqtidagi portlashdan so‘ng ikki soniyadan ortiq vaqt davomida harorati Tselsiy bo‘yicha 1000 darajadan oshadigan olovli shar hosil bo‘lgan.

Foto: AP

Xitoylik olimlar vodorod asosidagi portlovchi qurilma ta’sirini sinovdan o‘tkazdi. Tadqiqotda ko‘rsatilishicha, ular yadroviy materiallardan foydalanmagan holda portlashni amalga oshirgan. South China Morning Post’ning yozishicha, qurilma Xitoy davlat kemasozlik korporatsiyasining suvosti qurollarini ham ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi Ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan ishlab chiqilgan.

Bombada magniy gidriddan foydalanilgan. Kimyoviy modda vodorodni saqlash shakllaridan biri bo‘lib, element konsentratsiyasi 7 foizdan oshadi. Oddiy portlovchi modda ishga tushganda magniy gidrid tez termal parchalanib, vodorod gazini ajratadi. U esa alangalanib, uzoq davom etadigan yong‘inni hosil qiladi.

Olimlar og‘irligi 2 kilogrammga yetadigan bombani sinovdan o‘tkazgan. Portlashdan keyin ikki soniyadan ko‘proq vaqt davomida harorati Tselsiy bo‘yicha 1000 darajadan oshadigan olovli shar paydo bo‘lgan. Tadqiqotda qayd etilishicha, shuncha miqdordagi trotil ekvivalenti 15 barobar kamroq vaqt davomida «mavjud bo‘ladigan» olovli sharni hosil qilgan bo‘lardi.

Qurilma yaratuvchilarining ta’kidlashicha, mazkur bombaning portlash intensivligini aniq nazorat qilish mumkin. Bu esa katta hududdagi nishonlarni bir tekisda yakson qilish imkonini beradi.

Avvalroq Xitoy uzluksiz 30 soatgacha parvoz qilishga qodir dronni taqdim etgandi. Vodorod yonilg‘isida harakatlanadigan ushbu uchuvchisiz uchish apparatining og‘irligi 50 kilogrammga yetadi.

Mavzuga oid