Jahon | 08:20 / 17.04.2025
8486
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyadagi YTHda O‘zbekiston fuqarosi halok bo‘ldi

Saratov viloyatida O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan Lada Largus yo‘lda turgan yuk avtomobiliga urildi. Oqibatda bir o‘zbekistonlik halok bo‘ldi, 5 kishi jarohat oldi.

Foto: Saratov viloyati davlat transport inspeksiyasi

Saratov viloyatida Dergachevskiy tumani “Dergachi” aholi punkti yaqinida YTH sodir bo‘ldi.

O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi ma’lum qilishicha, joriy yil 16 aprel kuni soat 01:10 larda  Saratov viloyatining “Tambov-Penza-Saratov-Pristannoye-Yershov-Ozinki” trassasining 519 km. Dergachevskiy tumani, “Dergachi” aholi punkti yaqinida “Lada Largus” rusumli avtomashinasida bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari va A298 trassasida turgan yuk avtoulovi ishtirokida yo‘l-transport xodisasi sodir bo‘lgan.

Ushbu YTH oqibatida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi  - 1987 yilda tug‘ilgan K.F.Z. voqea joyida vafot etgan va 5 nafar vatandosh turli tan jarohatlar bilan tuman shifoxonasiga joylashtirilgan.
 
Ushbu holat yuzasidan O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi tomonidan holat nazoratga olingan bo‘lib, Saratov viloyati vakolatli va mutasaddi idoralar bilan aloqa o‘rnatilib, vafot etgan fuqaro jasadini vatanga qaytarish ishlari bilan bog‘liq jarayonlar boshlangan va jabrlanganlarga tibbiy muolaja ko‘rsatib kelinyapti.

Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekistonning Qozon shahridagi Bosh konsulxonasi vakillari bilan quyidagi telefon raqamlar orqali bog‘lanish mumkin: +7-843 526-55-63;  +7-843 526-55-64; +7-843 526-55-65. Telegram: t.me/KAZAN_MFA, @kazan_mfa_uz.

Mavzuga oid