Jahon | 19:30 / 11.04.2025
10982
4 daqiqa o‘qiladi

Tramp avjiga chiqmoqda: «Bojlar urushi»da AQSh Xitoyni yenga oladimi?

AQSh va Xitoy o‘rtasida bojlar urushi davom etadi. Vashington va Pekinning o‘zaro keskin javoblari global savdo muvozanatini larzaga keltiryapti. Savdo mojarosi geoiqtisodiy dinamikani tubdan o‘zgartirayotgan bir paytda, Xitoy yetakchiligidagi BRICS ham muhokama markazida. Xo‘sh, qanday kutilmalar mavjud? Bu jarayon Markaziy Osiyo, xususan O‘zbekistonga qanday ta’sir qiladi?

Ushbu mavxuni «Geosiyosat»da ekspertlar Hayotbek Saydaliyev va Iqboljon Kasimov bilan tahlil qildik.

Trampning boj siyosati va Xitoyning javob chorasi global savdo tizimiga qay darajada ta’sir qilyapti?

Iqboljon Kasimov: Xalqaro savdoda Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘zaro eng yirik hamkorlar hisoblanadi. Xalqaro savdoning juda ham katta qismini ushbu ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar tashkil etadi. Qo‘shma Shtatlarning Xitoydan kelayotgan barcha mahsulotlarga joriy qilgan bojlari Xitoydan kelayotgan importlarning qimmatlashishiga va Xitoy mahsulotlariga Qo‘shma Shtatlar bozorida talablar kamayishiga olib kelishi mumkin.

Shunday qilib, agar Xitoy o‘z mahsulotlarini Qo‘shma Shtatlardek eng katta bozorga sota olmasa, boshqa bozorlarni qidirishi kerak bo‘ladi. Shu o‘rinda Yevropa Ittifoqi hamda BRICS davlatlari yoki Markaziy Osiyo potensial bozorlar sifatida qaraladi. Lekin bu davlatlar Qo‘shma Shtatlar o‘rnini bosolmaydi. Shunday bo‘lsa-da ushbu tarif stavkalarining o‘rnatilishi sabab Qo‘shma Shtatlar Xitoydan umuman mahsulot import qilmaydi degani emas.

Hayotbek Saydaliyev: Haqiqatan ham Xitoy boshqa bozorlarni topishi kerak va bu harakatni boshlagan ham. Lekin jarayon yakunlanmasdan turib, Tramp sababli voqealar tezlashib ketdi. Qaysi davlatlar Xitoy uchun AQSh bilan o‘rtadagi savdoni muvozanatlashi mumkin?!

Masalan, Markaziy Osiyoning dunyo iqtisodiyotidagi o‘rni 1 foizni tashkil etadi, mintaqamiz tranzit masalasida Pekin uchun qulay bo‘lishi mumkin, lekin 80 mln aholi Xitoy uchun katta bozor emas, undan tashqari xarid qobiliyati ham yuqori emas.

Yana bir variant Yevropa, lekin Bryussel bilan munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish kerak, asosiy masala esa Amerika bilan Yevropa orasidagi kelishuvga bog‘liq bo‘ladi. Agar AQSh va Yevropa kelishadigan bo‘lsa, Xitoy uchun ikkinchi bozor ham yopiladi. Janubiy Osiyo davlatlari ham katta bozor vazifasini bajara olmaydi.

Bundan tashqari, Xitoy Afrika davlatlarining infratuzilmasiga yaxshigina investitsiya kiritgan bo‘lsa ham xarid qobiliyati past. Lotin Amerikasiga nazar tashlasak Argentina yoki Meksika variant bor, lekin bu ham oson emas. Xitoyning oldida yagona variant-BRICS.

Shuningdek, suhbat davomida ekspertlar bojlar masalasining O‘zbekistonga ta’siri, ikkki davlat ziddiyatining so‘nggi nuqtasi va JSTning savdo mojarosidagi munosabati haqida o‘z tahliliy fikrlarini bildirishdi.

Suhbatni to‘liq shaklda YouTube platformasida tomosha qiling.

Mavzuga oid