Trampni qo‘llagan badavlat amerikaliklar ham endi undan darg‘azab
Ular uning savdo urushini deb milliardlab dollar yo‘qotmoqda.

Timothy A. Clary / AFP / Scanpix / LETA
2 aprel kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 180 mamlakat uchun savdo bojlari joriy etdi. 9 apreldan ularning barchasi kuchga kirdi. Bojlar 10 foizdan 50 foizgacha va AQShning har bir alohida mamlakat bilan savdo balansiga asoslab hisoblangan. Bu, garchi Amerika rasmiylari buni istamasa ham, amalda savdo urushi e’lon qilishdir – ular qulay savdo sharoitlariga erishish uchun boshqa mamlakatlarga bosim o‘tkazmoqchi. Shunga qaramay, bojlar butun dunyo bo‘ylab bozorlar uchun shok holatini keltirib chiqardi: dollar arzonlashdi, kriptovalutalar ham, aksiyalar ham. Bundan butun dunyodagi investorlar, jumladan, eng badavlat amerikaliklar ham jabr ko‘rishdi. Qator moliyachilar va tadbirkorlar AQSh prezidentini tanqid qilmoqda. «Meduza» ularning bojlar haqidagi fikrlarini jamladi.
Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bojlar e’lon qilinganidan so‘ng dunyoning eng boy 10 kishisi 170 milliard dollardan ortiq mablag‘ yo‘qotgan. Bu Trampning o‘ziga ham ta’sir qildi (uning boyligi 500 millionga kamaydi), ammo so‘nggi voqealar uning asosiy homiysi va maslahatchisi, milliarder Ilon Mask (uning yo‘qotishlari deyarli to‘qqiz milliardga baholanmoqda) uchun ancha og‘riqli kechmoqda. Maskning bojlarga qarshi chiqqani ajablanarli emas. U Yevropa va AQSh o‘rtasida nol foizlik bojlar bo‘lishi kerakligini ta’kidlamoqda. Bundan tashqari, The Washington Post nashri yozishicha, tadbirkor Trampni bojlar bo‘yicha pozitsiyani yumshatishga ko‘ndirishga uringan, biroq bunga erisha olmagan.
Mask prezidentni jamoatchilik oldida tanqid qilmadi, lekin X ijtimoiy tarmog‘ida uning savdo siyosati bo‘yicha maslahatchisi, boj siyosatining me’mori hisoblangan Piter Navarroga nisbatan haqoratli bir nechta post joylashtirdi. Navarro Maskning hafsalasi pir bo‘lganini tushunishi mumkinligi, chunki u «arzon xorijiy ehtiyot qismlarga muhtoj bo‘lgan» «avtomobil yig‘uvchisi» hisoblanishini aytdi. Bunga javoban Mask Navarroni ahmoq deb atadi va Tesla AQShdagi avtomobil ishlab chiqaruvchilar orasida Amerika ehtiyot qismlari ulushi bo‘yicha yetakchi ekanini bildirdi.
Home Depot do‘konlar tarmog‘i hammuassisi va Respublikachilar partiyasining uzoq yillik homiysi Ken Langoun (boyligi 8,2 milliard dollar) savdo taqchilligiga asoslangan bojlarni hisoblash formulasini tanqid qildi. «Men bu la’nati formulani tushunmayapman, – deya tan oldi u. – Menimcha, maslahatchilar unga [Trampga] noto‘g‘ri maslahat berishgan». Biznesmenning so‘zlariga ko‘ra, Osiyo uchun bojlar juda yuqori va ular muzokaralarga «muvaffaqiyatga erishish imkoni»ni bermaydi.
Langounning fikricha, dunyoning barcha mamlakatlari uchun 10 foizlik bojlar joriy etish, keyin esa ikki tomonlama bitimlar tuzish konstruktivroq bo‘lardi. Duquesne Family Office investitsiya kompaniyasi asoschisi, hozirgi AQSh moliya vaziri Skott Bessentning ustozi deb ataladigan Stenli Drakenmiller (boyligi 11 milliard dollar) ham boj miqdori 10 foizdan oshishini qo‘llab-quvvatlamadi.
Trampning oldingi prezidentligida savdo vaziri bo‘lgan Uilbur Ross «bojlarni hisoblash formulasining mantig‘iga nisbatan ba’zi shubhalari borligi»ni tan oldi. Fisher Investmens rahbari Ken Fisher (boyligi 11,2 milliard dollar) esa mulozamat qilib o‘tirmadi. U Trampning boj siyosati «ahmoqona, noto‘g‘ri, ekstremal, johil va [mavjud bo‘lmagan] muammoni noto‘g‘ri vositalar bilan hal qilish» ekanini ta’kidladi.
Pershing Square Capital Management hedj-fondi asoschisi, 2024 yilgi prezidentlik kampaniyasi paytida Trampni qo‘llab-quvvatlagan Bill Ekman (boyligi 7,7 milliard dollar) ham tanqidga qo‘shildi. U X ijtimoiy tarmog‘ida tariflarni joriy etishga 90 kunlik moratoriy e’lon qilishga chaqiruvchi bir nechta uzundan uzun postlar e’lon qildi. Uning fikricha, bu Oq uyga Amerika biznesiga zarar yetkazmagan holda boshqa davlatlar bilan savdo shartlari bo‘yicha kelishib olish imkonini beradi.
«Agar biz iqtisodiy yadro urushini boshlasak, biznesga sarmoya kiritish to‘xtaydi, iste’molchilar hamyonlarini yopib qo‘yishadi, biz esa butun dunyo ko‘z o‘ngida o‘z obro‘yimizni jiddiy ravishda yo‘qotamiz», – deb yozgan Ekman 6 aprel kuni, oshirilgan tariflar kuchga kirishidan oldin. 9 aprelda, bojlar amal qilishi boshlaganida, u kichik va o‘rta biznesda bankrotlik to‘lqini yaqinlashayotganini bashorat qildi. Shu bilan birga, Ekman Trampni tanqid qilishdan qochib, u iqtisodchi emasligi va bojlar masalasida «matematikani yaxshi bilmaydigan» maslahatchilariga tayanishini aytdi.
Respublikachilar partiyasining yirik donori, Citadel hedj-fondi asoschisi Kennet Griffin (41,8 milliard dollar boylikka ega) bojlarni «katta siyosiy xato» deb atadi: «Yiliga 50 ming dollar ishlab topadigan [amerikalik] oilaga endi ular oziq-ovqat, toster, yangi changyutgich, yangi mashinaga 20 foiz, 30 foiz, 40 foiz ko‘proq sarflashi kerakligini aytish noto‘g‘ri. Amerikaga ish o‘rinlarini qaytarish orzusi ushalgan taqdirda ham, bu 20 yillik orzudir. 20 haftalik emas. Ikki yillik emas. O‘n yillar ketadi».
Jahondagi eng yirik moliya holdinglardan biri – JPMorgan Chase banki direktori Jyeymi Daymon (boyligi 2,2 milliard dollar) aksionerlarga har yilgi xatida bojlar inflatsiyaga olib kelishi va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirishini aytgan.
Shuningdek, u bojlar AQShning iqtisodiy ittifoqlariga (harbiylar bilan ham bog‘liq) tahdid solishi mumkinligidan ogohlantirdi. «„America First“ – bu Amerika yolg‘iz qolishiga olib kelmaguncha normal holat», – deb yozgan Daymon.
Amerikadagi Life Time nomli fitnes va spa-markazlari tarmog‘i rahbari Bahram Akradi AQSh yangi tariflardan boshqa davlatlar bilan tezda bitimlar tuzish va jahon savdosida umuman barcha bojxona to‘siqlarini olib tashlashga erishish uchun foydalanishiga umid bildirdi. «Agar ular shu tariqa bir nechta g‘alabaga erishsa, bu barcha uchun yaxshi bo‘ladi, – dedi Akradi. – Agar unday bo‘lmasa, bu [bojlar bilan bog‘liq] juda yomon yurish bo‘ladi».
Trampning Oq uyga qaytishidan ko‘p narsa kutgan kriptoinvestorlar ham zarar ko‘rmoqda: kriptovaluta bozori ham boshqa moliya bozorlar ortidan o‘tirdi, garchi bojlar unga to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sir qilmasa ham. Saylov oldidan Tramp bilan strim qilgan va unga Tesla Cybertruck sovg‘a qilgan bloger Edin Rossning aytishicha, uning investitsiya portfeli 10 million dollarga qo‘zg‘algan. «Men kriptovalutamda ko‘p pul yo‘qotyapman. Bitkoin pasaymoqda. Ethereum pasaymoqda. Hammasi quladi. Aksiyalar tushmoqda. Lekin hammasi joyida. Ular yana o‘sadi. Ammo, jin ursin, bro», – deb shikoyat qildi u yaqinda strimlardan birida mehmoniga.
Barstool Spors sport kompaniyasi asoschisi va Trampning yana bir tarafdori bo‘lgan investor Deyv Portnoy bojlar tufayli 20 million atrofida mablag‘ yo‘qotgani, ammo Trampga ishonishda davom etishini ta’kidlagan. «Bu [bozorlarning qulashi] menga yoqadimi? Yo‘q. „Oh, sho‘rim qursin, afsuski, Kamolga [Xarrisga] ovoz bermadim“, deb yig‘layapmanmi? Yo‘q», – degan Portnoy.
Mavzuga oid

18:37
Harvard universiteti Tramp ma’muriyatini sudga berdi

12:18
Tramp Markaziy bank rahbarini tanqid qilgach, AQSh fond bozori quladi

12:04
Tramp faoliyatini ma’qullash reytingi tobora pasayib borayotgani ma’lum bo‘ldi

00:45