«Sayyohlar yo‘llar ahvolidan norozi» - mutasaddilarga «turizm halqasi»ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha ishlarni boshlash topshirildi
Yig‘ilishda ko‘pchilik hokimlar turizm qanday katta yo‘nalish ekanini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida hududlarning turizm salohiyatini yanada oshirish hamda xorijiy hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalarini jadallashtirish yuzasidan videoselektor yig‘ilishi boshlanadi.
Davlat rahbari dunyo iqtisodiyotida hozir favqulodda vaziyat kuzatilayotganini, uch-to‘rt kun ichida xalqaro moliya bozorlarida 10 trillion dollar mablag‘ yo‘qotilganini ko‘rsatib o‘tdi.
«Bu tebranishlar bizga ta’sir qilmaydi, deb o‘ylaganlar adashadi. Axir, bu mablag‘larni bir qismi bizga investitsiya, kredit, yevrobond orqali kirib kelishi mumkin edi-ku!» – dedi prezident.
Bu sharoitda barcha hokimlar, iqtisodiy kompleks hududlar iqtisodiyotini kunlik tahlil qilishi, ishlab chiqarish hajmlari, ish o‘rinlari va eksportni saqlab qolish masalalari bilan tizimli shug‘ullanishi kerakligi qayd etildi.
Iqtisodiy kompleks mas’ullariga har hafta tarmoqma-tarmoq muammolarni tahlil qilish va yangi takliflar kiritish, tuman va viloyat hokimlariga o‘z hududida tadbirkorlar masalalariga yechim topib borish topshirildi.
So‘nggi yillarda turizm eksporti 1,6 karra oshib, 3,5 milliard dollarga yetdi. Bu sohada 2 mingdan ortiq yangi tadbirkor ish boshladi. Muhimi – o‘tgan yili xorijiy sayyohlar oqimi ilk bor 10 millionlik marradan o‘tdi.
Hududlarda turizm va servis infratuzilmasi juda tez rivojlanayotgani ta’kidlandi.
Xususan, o‘tgan 8 yilda mahalliy va xorijiy investorlar 6,5 milliard dollar sarmoya kiritib, 130 ming mehmonxona o‘rni yaratdi. Bu yili ular yana 30 mingga ko‘payadi.
Parkentning «Oltin bel» cho‘qqisida xalqaro darajadagi yangi tog‘-chang‘i zonasi barpo etilyapti. Fransiyaning «Kurshavel» tog‘-changi kurorti tog‘li hududlarimizda Yevropa standartiga mos turizm maskanlarini tashkil qilishga katta qiziqish bildirmoqda.
«Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Boy tarixiy-madaniy merosimiz, go‘zal va betakror tabiatimiz sayyohlarni 2-3 karra oshirishga yetadi», – dedi prezident.
Turizmning iqtisodiyotdagi ulushini 7 foizga, eksportni 10 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha 2040 yilgacha strategiya ishlab chiqilayotgani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ko‘pchilik hokimlar turizm qanday katta yo‘nalish ekanini tushunib yetmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Mavsum boshlanganiga bir oydan oshgani bilan kapsulali uylardan iborat maskan faqat Kitobda ochilgani qayd etilib, qolgan 35 ta tuman va shahar hokimi «mudrab» o‘tirgani tanqid qilindi.
Kapsulali uylarni qurish va jihozlashga Turizm jamg‘armasidan 10 million so‘mgacha subsidiya ajratilishi belgilandi.
Sayyohlar Xorazm, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryodan o‘tgan magistral va ichki yo‘llar ahvolidan noroziligi qayd etildi.
Mutasaddilarga «turizm halqasi»ga kirgan yo‘llarni ta’mirlash bo‘yicha hisob-kitob qilib, ishlarni boshlash topshirildi.
Turizm qishloqlarini tashkil qilish bo‘yicha 3 yil oldin boshlangan ish yaxshi samara berayotgani e’tirof etildi.
Lekin, Toshkent viloyatida Koreya tajribasi asosida turizm qishlog‘i qilish tashabbusi qog‘ozda qolib ketgani, Qashqadaryo va Jizzaxda atigi 1 tadan turizm qishlog‘i ochilgani ko‘rsatib o‘tildi. Navoiy va Sirdaryoda hunarmandchilik, Jizzax va Farg‘onada gastronomik turizm markazlari mavjud emas.
Shuningdek, Jizzax va Surxondaryoda turizm eksporti 65 million dollarga, Sirdaryoda esa 30 million dollarga bormaydi.
Birorta chegara punktida yurtimiz turizm salohiyatini ko‘rsatadigan «turizm burchagi» tashkil etilmagani tanqid qilindi.
«Aholimiz o‘rtasida tog‘li hududlarga piyoda chiqish (treking) ommalashmoqda. Lekin, turfirmalar bunday sayyohlik marshrutiga ruxsat olishga 2-3 oy sarflayapti», – dedi prezident.
Mutasaddilarga ruxsatnomani Yagona interaktiv portal orqali 10 kunda berishni joriy qilish topshirildi.
Mavzuga oid

16:14
Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi

15:51
Prezident o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo kubogi g‘oliblarini unvon va medallar bilan taqdirladi

11:57
Jahon chempionatida munosib ishtirok etasiz, deb ishonaman - Shavkat Mirziyoyev Osiyo chempionlarini tabrikladi

20:38 / 18.04.2025