Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan hamdardlik yo‘lladi
O‘zbekiston prezidenti Vatikan xalqiga, yer yuzidagi butun katolik ahliga chuqur ta’ziya va hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi.

Foto: AP
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rim papasi Fransiskning vafoti munosabati bilan Rim-katolik cherkovi kamerlengosi kardinal Kevin Farrellga hamdardlik yo‘lladi.
Davlat rahbari o‘z maktubida Ruhoniy Hazratlari O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirish, dinlar va konfessiyalararo do‘stlikni mustahkamlash, butun jahonda muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish ishiga munosib hissa qo‘shganini ta’kidladi.
Prezident Vatikan xalqiga, yer yuzidagi butun katolik ahliga chuqur ta’ziya va hamdardlik tuyg‘ularini izhor etdi.
Rim papasi Fransisk 2025 yil 21 aprel kuni, Vatikandagi qarorgohi — Kasa-Santa-Martada olamdan o‘tdi. U 88 yoshda edi. Kardinal Kevin Farrell Vatikan telekanali orqali papaning o‘limi haqida rasman xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, 2025 yil fevral oyi o‘rtalarida Rim papasi Fransisk bronxit tashxisi bilan shifoxonaga yotqizilgandi. Keyinroq uning holati keskin og‘irlashgan — unda ikki tomonlama pnevmoniya aniqlangan va bir necha bor sun’iy nafas oldirish apparatiga ulangandi. Kardinal Janfranko Ravazi «agar papalik vazifalarini bajarish bilan bog‘liq murakkabliklar yuzaga keladigan bo‘lsa», Fransisk taxtdan voz kechishi mumkinligini aytgan edi.
Mavzuga oid

21:06 / 06.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Jingpingga ta’ziya yo‘lladi

21:56 / 05.05.2025
Davlat boshqaruvi akademiyasi prezident huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi etib qayta tashkil etiladi

20:24 / 05.05.2025
Sirdaryoda ikki yilda 20 ming gektar yerni qayta foydalanishga kiritish rejalashtirildi

15:07 / 03.05.2025