Olimlar 10 ming yil avval qirilib ketgan vahshiy bo‘rini tiriltirganini da’vo qilmoqda. Ammo bunga ishonsa bo‘ladimi?

Foto: Colossal Biosciences
Colossal Biosciences kompaniyasi qirilib ketgan hayvon turini tiriltirish bilan bog‘liq birinchi muvaffaqiyatli tajribani e’lon qildi: olimlar vahshiy bo‘ri bolalarini ko‘rsatdi. Ushbu tur Shimoliy Amerika hududida yashagan va 10 ming yil oldin qirilib ketgan. Ammo ba’zi mutaxassislar kompaniya muvaffaqiyatini tan olishni istamayapti va bu aslida yo‘qolib ketgan turning qayta tiklanishi emas, balki gibrid ekanini ta’kidlamoqda. BBC voqealar rivojini jamladi.
Qo‘riqxonadagi vahshiy bo‘rilar
Vahshiy bo‘ri (Aenocyon dirus) Jorj Martinning «Muz va olov qo‘shig‘i» kitoblari va ular asosida suratga olingan «Taxtlar o‘yini» seriali tufayli madaniyatda ommalashdi.
Colossal Biosciences o‘zining so‘nggi yutug‘ini shov-shuv bilan e’lon qildi: Rem ismli vahshiy bo‘ri TIME jurnali muqovasida paydo bo‘ldi.
Kompaniya kulrang bo‘rining (Canis lupus) DNK tizimiga o‘zgarish kiritdi. Keyin katta itlardan surrogat sifatida foydalangan holda, «kesarcha kesish» yo‘li orqali uchta bo‘ri bolasini dunyoga keltirdi.
Romul va Rem 2024 yil 1 oktyabrda tug‘ildi va afsonaga ko‘ra, ona bo‘ri tomonidan emizilgan hamda Rim shahriga asos solgan aka-uka sharafiga nomlandi. Urg‘ochi bo‘ri Kxalisi 2025 yil 30 yanvarda tug‘ildi va «Muz va olov qo‘shig‘i» hamda «Taxtlar o‘yini» qahramoni nomi bilan ataldi.
Kulrang bo‘ri bolalari bilan solishtirganda, Rem, Romul va Kxalisi yelkasi keng, bosh suyagi va jag‘i kattaroq, oyoqlaridagi mushaklar ko‘proq. Ammo eng sezilarli farq ularning oppoq mo‘ynasidir.
Hozir jonivorlar Colossal Biosciences kompaniyasiga tegishli 800 gektarlik ekologik qo‘riqxonada yashaydi. Kompaniya genetik modifikatsiyalar kutilmagan ta’sir ko‘rsatdimi yoki yo‘qligini bilish uchun ularni butun hayoti davomida diqqat bilan kuzatib borishni rejalashtirmoqda.
14 genda 20 ta modifikatsiya
Vahshiy bo‘rini «tiriltirish» uchun Colossal Biosciences olimlari kulrang bo‘rining 14 ta geniga 20 ta o‘zgartirish kiritdi. Ammo ularga qaysi genlarda qanday o‘zgarishlar qilishni aniq tushunishi uchun qirilib ketgan turning namunasi kerak edi.
Olimlar muzeylar tomonidan taqdim etilgan ikkita namunadan foydalandi. Ulardan biri Ohayo shtatida topilgan vahshiy bo‘rining tishi bo‘lib, yoshi taxminan 13 ming yil. Ikkinchisi Aydaho shtatida topilgan suyak, uning yoshi 72 ming yilga baholanadi.

Mel Melcon / Los Angeles Times via Getty Images
An’anaviy klonlashdan farq qilgan holda Colossal Biosciences hayvon to‘qimalari namunasidan foydalanmadi, balki kerakli genlarni ajratish uchun kulrang bo‘ri qonidan foydalandi. Bu jarayon kamroq invazivdir.
Kompaniya ayni texnologiyadan hozir yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan chiyabo‘rilarni klonlash uchun foydalangan. Dunyoga kelgan chiyabo‘ri bolalari vahshiy bo‘richalar bilan birga qo‘riqxonada yashamoqda.
Bu qirilib ketgan turning tiklanishimi yoki gibridmi?
Qirilib ketgan turlarni tiriltirish – noyob turlarni saqlab qolish bilan bir qatorda Colossal Biosciences kompaniyasining asosiy maqsadlaridan biridir. Mart oyida ular dunyoni qalin junli sichqonlar bilan hayron qoldirgandi. Bu mamontlarga yaqinlashtirish uchun genlari o‘zgartirilgan laboratoriya sichqonlari edi.
Ammo ba’zi mutaxassislar kompaniya sichqonchadan mamontgacha bo‘lgan juda uzoq yo‘lni bosib o‘tishi kerakligi haqida ko‘p gapirdi va umuman olganda, mamontlarni «tiriltirish» imkoniyati va bunday g‘oyaning axloqiy tomoniga shubha bildirdi. Ammo jundor sichqonlarni yaratishda foydalanilgan texnologiya odamlardagi genetik kasalliklarni tushunish va davolashda yordam berishi mumkin, dedi olimlar.
Ilmiy hamjamiyat vahshiy bo‘rilarga ham xuddi shunday munosabat bildirdi.

Yangi Zelandiyadagi Otago universiteti paleontologi Nik Roulensning so‘zlariga ko‘ra, qoldiq suyaklardan olingan DNKga tayanish klonlash yoki biologik nusxa olish uchun ishonchli usul emas.
«Colossal kompaniyasi vahshiy bo‘rining ba’zi xususiyatlariga ega kulrang bo‘rini dunyoga keltirdi, katta bosh suyagi va oq mo‘yna kabi. Bu gibrid», dedi Roulens.
Ammo Colossal Biosciences biologi Bet Shapiro kompaniya «qirilib ketgan turni tiriltirish»ga erishganini ta’kidlamoqda.
«Kulrang bo‘ri – vahshiy bo‘rining eng yaqin qarindoshi, ular genetik jihatdan juda o‘xshash», dedi u.
Roulens bu fikrga qo‘shilmaydi. «Bu mutlaqo boshqa tur», dedi u va kulrang bo‘rining ajdodlari vahshiy bo‘ridan 2,5-6 million yil oldin ajralib chiqqanini qo‘shimcha qildi.

C. Dani & I. Jeske / De Agostini Picture Library via Getty Images
Boshqa olimlar ham Colossal Biosciences bo‘richalarini vahshiy bo‘ri deb atashga ikkilanmoqda.
«Qirilib ketgan turni to‘liq tiklab bo‘lmaydi. Hozir qilish mumkin bo‘lgan yagona ish – shunga yuzaki o‘xshash turni yaratishdir», dedi Baffalo universiteti biologi Vinsent Linch.
Sharqiy Angliya universiteti professori Anders Bergstryom ham uning fikrlariga qo‘shildi.
«Men bunday jonivor vahshiy bo‘ri emas, deb aytgan bo‘lardim va vahshiy bo‘ri tiriltirildi deyish noto‘g‘ri. 20 ta modifikatsiya mutlaqo yetarli emas. Lekin siz g‘alati ko‘rinishdagi kulrang bo‘rini olishingiz mumkin», dedi u.
Bet Shapiro bunday izohlarga tayyor edi. «Endi bu hayvonlarni vahshiy bo‘rilar yoki boshqa narsa deb atash haqida falsafiy bahslashamiz», dedi u.
Undan bo‘richalarni bevosita vahshiy bo‘ri deb tasdiqlay olishi haqida so‘ralganda, olim biroz ikkilanib qoldi – lekin baribir buni qildi.
«Bu vahshiy bo‘rilar», dedi Shapiro. «Shuni his qilyapmanki, men buni aytishim bilan barcha taksonom-do‘stlarim (hayvonlar klassifikatsiyasi bo‘yicha mutaxassislar): «Bo‘pti, endi u bilan aloqam bo‘lmaydi», deyishi mumkin. Lekin bu kulrang bo‘ri emas. Bu kulrang bo‘riga o‘xshamaydi».
Nima uchun terminologiya ko‘plab olimlar uchun juda muhim?
«Chunki qirilib ketish – bu abadiy. Agar qirilib ketish bo‘lmasa, xatolardan qanday saboq olishimiz mumkin? Nahotki, saboq – biz atrof-muhitni vayron qilishimiz, hayvonlar qirilib ketishi, so‘ngra, ularni qayta tiriltirishda bo‘lsa?» deb tushuntirdi Roulens.
Mavzuga oid

23:20 / 24.12.2024
Piskentda aholi gavjum hududda bo‘rilar kezib yurgani ma’lum bo‘ldi

15:47 / 04.12.2024
Yevropada bo‘rilarni muhofaza qilish maqomi 2025 yildan boshlab pasaytiriladi. Ularni ovlash osonlashishi mumkin

00:17 / 18.04.2018
Ispan Mauglisi o‘z tarixi bilan bo‘lishdi (suratlar)

20:19 / 13.03.2017