Yevropa Ittifoqi mamlakatlari Yevrokomissiyaning mintaqada yovvoyi fauna va flora hamda tabiiy yashash joylarini muhofaza qilish to‘g‘risidagi Bern konvensiyasiga muvofiq bo‘rilarni qo‘riqlash maqomini “qat’iy qo‘riqlanadigan”dan “qo‘riqlanadigan”ga tushirish taklifini qabul qildi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bunday qaror bo‘rilar sonining ko‘payishi hamda ularning qishloq xo‘jaligi va chorvachilikka ta’siri tufayli qabul qilindi, deyiladi agentlik xabarida. U 2025 yilning 7 martidan kuchga kiradi.
Bo‘rilarning muhofaza maqomini pasaytirish niyati haqida Yevropa komissiyasi 2023 yil dekabr oyida e’lon qilgandi. Taklif matnida tushuntirilishicha, qat’iy qo‘riqlash maqomi 1979 yildagi ilmiy ma’lumotlar asosida belgilangan, endi esa vaziyat bo‘yicha chuqur tahlil o‘tkazilgan.
Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayyen Yevropaning ayrim hududlarida bo‘ri galalarining ko‘payishi “uy hayvonlari uchun haqiqiy xavfga aylanganini” aytdi. Shu sababli, mahalliy hokimiyat organlariga bo‘rilarni nazorat qilish uchun kengroq imkoniyat kerak, deb qo‘shimcha qildi u.
Atrof-muhit himoyachilari taklifga qarshi norozilik bildirdi va bu qadam bo‘rilarni saqlab qolish bo‘yicha o‘nlab yillik sa’y-harakatlarga putur yetkazishini, ular butun Yevropadagi sog‘lom ekotizimlar va biologik xilma-xillik uchun muhim tur ekanini ta’kidladi.
Tanqidchilar bo‘rilarning muhofaza maqomini pasaytirish to‘g‘risidagi qarorni bioxilma-xillik uchun “orqaga tashlangan xavfli qadam”, Yevropada yovvoyi tabiatni asrash borasida “xavotirli signal” deb baholadi.
Ommaviy axborot vositalari ta’kidlashicha, fon der Lyayyenning shaxsiy adovati bor — 2022 yilda bo‘rilar Germaniyaning Quyi Saksoniyadagi mulkida uning ponisini g‘ajib o‘ldirgan. Bo‘rilar maqomini pasaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng u buni Yevropa qishloq jamoalari va fermerlari uchun “muhim yangilik” deb atadi.
“Chunki bizga yovvoyi tabiatni asrab-avaylash va tirikchilik vositalarini himoya qilish o‘rtasida muvozanatli yondashuv kerak”, — degan fon der Lyayyen.
Shu paytgacha chorva mollari yoki odamlarning sog‘lig‘i va xavfsizligiga jiddiy xavf tug‘dirmasa, bo‘rilarni ovlash yoki tutish man etilgandi. Endi “populyatsiyani xavfdan xoli saqlash maqsadida hayvonlar soni tartibga solinishi kerak”, bu amalda ularni ovlash osonlashganini anglatadi, deydi Reuters.