O‘zbekiston | 18:20 / 05.04.2025
3946
2 daqiqa o‘qiladi

Anadolu Isuzu SamAutoʼning nazorat paketini sotib olmoqchi

Turkiyaning Anadolu Isuzu kompaniyasi Samarqand avtomobil zavodining 75,2 foiz ulushini sotib olish taklifi bilan chiqdi. Hozirda SamAutoʼdagi nazorat ulushi davlatga tegishli, shuningdek, Yaponiyaning Itochu Corporation va Isuzu Motors kompaniyalari ham 12,4 foizdan ulushga egalik qiladi.

Foto: SamAuto

Turkiyaning Anadolu Isuzu Otomotiv Sanayi ve Ticaret A.Ş. avtomobil ishlab chiqaruvchisi O‘zbekiston davlat aktivlarini boshqarish agentligiga Samarqand avtomobil zavodining (SamAuto) nazorat ulushini sotib olish bo‘yicha rasmiy taklif bilan chiqdi. Bu haqda Gazeta.uz axborotni ommaviy oshkor qilish platformasida (KAP) e’lon qilingan bayonotga tayanib xabar berdi.

Investor Yaponiyaning Isuzu kompaniyasi litsenziyasi asosida avtomobil va avtobuslar ishlab chiqaruvchi SamAuto kompaniyasining 75,2 foizini sotib olmoqchi.

Qolgan qismi Yaponiyaning Itochu Corporation va Isuzu Motors kompaniyalariga tegishli — ularning har biri 12,4 foizdan ulushga ega.

2024 yil iyun oyida tomonlar bitim imkoniyatlarini baholash va tegishli tartib-taomillarni amalga oshirish uchun o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan.

7 oktyabr kuni investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Turkiyaning Anadolu Isuzu avtomobil guruhi prezidenti Bora Kochak bilan uchrashgan.

Tomonlar kompaniyani O‘zbekistondagi xususiylashtirish davlat dasturida ishtirok etishga jalb qilish va avtomobilsozlik sohasidagi loyihalarni amalga oshirishning amaliy jihatlarini muhokama qilgan.

Noyabr oyida Anadolu Isuzu majburiy taklifni tayyorlashga qaratilgan moliyaviy, huquqiy va soliq auditini boshlagan. Kompaniya kelishuvni amalga oshirish jarayonida jamoatchilikni xabardor qilishini ta’kidladi.

Anadolu Isuzu 1984 yilda tashkil etilgan, Turkiyaning Anadolu Group holdingi shu’ba korxonasi bo‘lib, avtobuslar va tijorat transporti sohasidagi eng yirik korxonalardan biri hisoblanadi. Anadolu Groupʼning O‘zbekistondagi shu’ba korxonalari Toshkentda Coca Cola zavodlari va raqamli gistologiya laboratoriyasiga egalik qiladi.

Mavzuga oid