Jahon | 21:38 / 29.03.2025
6463
7 daqiqa o‘qiladi

Pentagon rahbari maxfiy muzokaralarga xotinini ham olib borgani ma’lum bo‘ldi

AQSh mudofaa vaziri Pitt Hegset rafiqasi Jyennifer bilan. Foto: WSJ

AQSh mudofaa vaziri Pit Hegset Ukraina bo‘yicha xalqaro harbiy muzokaralarga o‘zining rafiqasi — Fox News telekanalining sobiq prodyuseri Jyennifer Hegsetni ham olib borgan. Bu uchrashuvlarda maxfiy ma’lumotlar muhokama qilingan, deb yozmoqda The Wall Street Journal nashri.

Bunday uchrashuvlardan biri 6 mart kuni Pentagonda bo‘lib o‘tgan. Unda AQSh tomonidan Ukrainaga razvedka ma’lumotlari yetkazilishi to‘xtatilgani munosabati bilan vaziyat muhokama qilingan. Uchrashuvda Buyuk Britaniya mudofaa vaziri Jon Hili va Buyuk Britaniya shtablar qo‘mondoni admiral Entoni Radakin ham qatnashgan. Xususan, ikki mamlakat o‘rtasidagi kelajakdagi harbiy hamkorlik muhokama qilingan.

WSJ ta’kidlashicha, nazariy jihatdan bunday uchrashuvlarga istalgan shaxs taklif qilinishi mumkin, biroq amaliyotda qatnashuvchilar ro‘yxati faqatgina «zarur shaxslar» bilan cheklanadi: muhokamalarning «benuqson maxfiyligi»ni inobatga olgan holda, bunday uchrashuvlar odatda maxsus ruxsatga ega shaxslar uchun o‘tkaziladi, uchrashuv o‘tkazilayotgan joyda esa qo‘riqchilar joylashtiriladi.

Ikkinchi uchrashuv fevral oyida NATOning Bryusseldagi qarorgohida bo‘lib o‘tgan. U yerda AQSh boshchiligidagi Ukrainaga qurol yetkazib beruvchi va boshqa ko‘mak ko‘rsatuvchi taxminan 50 davlatni birlashtiruvchi aloqalar guruhi — Kontakt guruhi yig‘ilishi o‘tkazilgan.

WSJ manbalariga ko‘ra, guruh uchrashuvlarida doimiy ravishda maxfiy ma’lumotlar — masalan, Ukrainaga yordam miqdori haqidagi ma’lumotlar taqdim etiladi va ular ommaga e’lon qilinmaydi. Manbalarning ta’kidlashicha, ayrim chet el vakillari Jyennifer Hegset kim ekanini bilmagan, boshqalar esa uning ishtirokiga hayron bo‘lgan, biroq qarshi chiqishmagan.

Bryusseldagi matbuot anjumanida Pit Hegset jurnalistlarga ma’lum qilishicha, rafiqasi ushbu safarda u bilan birga bo‘lgan va Belgiya hamda Germaniyada xizmat qilayotgan amerikalik harbiylar oilalari bilan uchrashgan. AQSh Mudofaa vazirligi Jyennifer Hegset Pentagon xodimi emasligini ma’lum qilgan, uning maxfiy ma’lumotlarga kirish darajasi haqida esa ma’lumot berishdan bosh tortgan. Vazirning rafiqasi jurnalistlarning izoh so‘rab yuborgan iltimoslariga javob bermagan.

Pentagonning tasdiqlashicha, vazirning rasmiy xorijiy safarlarida uni nafaqat rafiqasi, balki ukasi — Hudson Institute tahlil markazining podkastlar prodyuseri Filip Hegset ham kuzatib yurgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Filip Hegset yaqinda AQSh Mudofaa vazirligi va Ichki xavfsizlik vazirligi o‘rtasida aloqalar bog‘lovchisiga aylangan. Fevralda ukasi bilan birga Guantanamoga borgan va Pentagonda irlandiyalik MMA jangchisi Konor Makgregor bilan uchrashuvda qatnashgan. Ayni vaqtda ikki aka-uka Osiyodagi harbiy bazalar va ittifoqchi davlatlarga tashrif buyurmoqda, deb yozadi WSJ.

Jyennifer va Filip Hegset Pit Hegset nomzodi AQSh Mudofaa vaziri lavozimiga ko‘rib chiqilayotgan paytda ham unga doimiy hamrohlik qilgan. Kapitoliy tepaligidagi suratlarda ular senatorlar bilan uchrashuvlar paytida uning yonida ekanini ko‘rish mumkin.

Ikkala partiya vakillaridan bo‘lgan Kongress a’zolari Pit Hegsetning maxfiy harbiy ma’lumotlarga munosabati yuzasidan tashvish bildirishdi. Bu, ayniqsa, Donald Tramp ma’muriyati yuqori lavozimli amaldorlarining Signal messenjerida yaratilgan guruhli chat orqali yamanlik husiychilarga zarbalarni muhokama qilgani haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng yuzaga keldi. AQSh prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts o‘sha chatga tasodifan The Atlantic bosh muharriri Jyeffri Goldbergni ham qo‘shib yuborgan.

Senat qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari, Missisipidan saylangan respublikachi Rojyer Uiker va demokrat senator Jyek Rid Pentagon bosh inspektoriga ushbu masala yuzasidan tekshiruv o‘tkazishni so‘rab murojaat yo‘llashgan.

WSJ yozishicha, Pentagon yuqori rahbarlari rasmiy safarlar va rasmiy marosimlarga rafiqalarini olib chiqishlari mumkin. Biroq hozirgi va sobiq rasmiylar ta’kidlashicha, agar ushbu rafiqalar davlat xodimi bo‘lmasa, milliy xavfsizlik masalalari muhokama qilinadigan yig‘ilishlarda ularning ishtirok etishi juda kam uchraydi.

«Agar siz NATO davlatlari vazirlari yoki yuqori darajali rasmiylari bilan uchrashuv o‘tkazayotgan bo‘lsangiz, bunday uchrashuvlar odatda milliy xavfsizlik bo‘yicha nozik mavzularni qamrab oladi. Agar siz guvohlarsiz maxfiy milliy xavfsizlik masalalarini muhokama qilmoqchi bo‘lsangiz, ishtirokchilarni juda ehtiyotkorlik bilan tanlashingiz kerak», — dedi Barak Obama prezidentligi davrida Pentagonni boshqargan respublikachi Chak Heygel.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday uchrashuvlarda Jyennifer Hegsetning ishtiroki butun vazirlikka ogohlik qo‘ng‘irog‘i bo‘ladi: «nega vazir uni olib kelgan», «endi ehtiyotkor bo‘lish va nimani kimga aytayotganini nazorat qilish kerak».

Obama ma’muriyatida faoliyat yuritgan yana bir sobiq yuqori lavozimli manba WSJ nashriga ma’lum qilishicha, AQSh prezidenti Bill Klinton hech qachon xavfsizlik masalalari muhokama qilingan rasmiy uchrashuvlarga rafiqasi Hillari Klintonni olib chiqmagan. «Bu g‘alati va mutlaqo ma’nosiz bo‘lardi», — dedi u.

Trampning ilk prezidentlik muddatida ham shunday muammolar bo‘lgan — MRB rahbari va keyinchalik AQSh davlat kotibi bo‘lgan Mayk Pompeo o‘z rafiqasi Syuzanni ish uchrashuvlariga olib borgan. 2018 yilda razvedka idorasi Syuzan Pompeoning jamoat tadbirlarida qatnashganini, xodimlar oilalarini qo‘llab-quvvatlash uchun direktorlar kengashi faoliyatida faxriy a’zo sifatida faoliyat yuritganini va ko‘p hollarda eri bilan birga MRBning 7-qavatidagi qarorgohida faoliyat olib borganini rasman tasdiqlagan. Shuningdek, u eridan nomidan agentlik xodimlariga shaxsiy topshiriqlar bergani aniqlangan.

Mavzuga oid