Jahon | 09:51 / 23.03.2025
2905
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp ma’muriyati 530 ming migrantning huquqiy maqomini bekor qildi

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati Kuba, Haiti, Nikaragua va Venesueladan kelgan 530 ming nafar muhojirning vaqtinchalik huquqiy maqomini bekor qildi.

Foto: Reuters

Bu haqda juma kuni nashr qilingan va dushanba kuni Federal Register’da e’lon qilinishi kutilgan rasmiy ma’lumotda aytiladi. Bu qaror Trampning muhojirlikka qarshi keng qamrovli cheklovlarini yanada kuchaytirishi sifatida baholanmoqda, deb yozmoqda Reuters.

Mazkur chora 24 apreldan kuchga kiradi va Jo Bayden ma’muriyati tomonidan berilgan ikki yillik «parol» dasturi — ya’ni AQShda o‘z homiylariga ega bo‘lgan muhojirlarga havo yo‘li orqali kirishga ruxsatni muddatidan oldin to‘xtatilmoqda.

Respublikachilar partiyasidan saylangan Donald Tramp prezidentlikka kirishganidan so‘ng noqonuniy muhojirlarni yurtidan chiqarish bo‘yicha faol harakat boshlab yuborgan. U Bayden boshchiligidagi demokratlar ma’muriyati joriy etgan «parol» dasturlari federal qonun chegaralarini buzganini ta’kidlab, ularni bekor qilishga chaqirgan. 20 yanvardagi farmonda ham bu talab qayta tilga olingan.

Tramp 6 mart kuni Ukraina-Rossiya urushidan qochib, AQShga kelgan taxminan 240 ming ukrainalik muhojirga berilgan maqom masalasida «juda yaqin vaqtda» qaror qabul qilishini bildirgan edi. Reuters’ning xabar berishicha, Tramp ma’muriyati ukrainalik muhojirlar maqomini ham aprel oyida bekor qilishni rejalashtirmoqda.

Bayden 2022 yili venesuelaliklar uchun «parol» dasturini joriy etgan va 2023 yili bu imkoniyatni kubaliklar, haitiliklar va nikaragualiklargacha kengaytirgan edi. Bu qaror AQSh-Meksika chegarasida noqonuniy o‘tishlar soni ortib borayotgan bir paytda qabul qilingandi. Ushbu to‘rt davlat bilan AQSh munosabatlari siyosiy va diplomatik jihatdan ancha tarang bo‘lib kelgan.

Yangi qarorga ko‘ra, huquqiy maqomidan mahrum bo‘lgan yarim milliondan ortiq muhojir endi deportatsiya xavfi ostida qolishi mumkin. Hozircha ushbu muhojirlarning qanchasi AQShda qolish uchun boshqa qonuniy asosga ega ekani aniq emas.

AQSh Xavfsizlik departamenti ma’lum qilishicha, «parol» maqomi bekor qilinishi ularni tezkor deportatsiya jarayoni — «ekspress chiqarish yuborish» tartibiga tushirishni osonlashtiradi. Yanvarda kuchga kirgan Tramp davri siyosatiga ko‘ra, AQShda ikki yil yoki undan kamroq vaqt bo‘lgan ayrim muhojirlarga nisbatan ushbu tartib qo‘llanishi mumkin.

Avvalroq AQShda minglab federal agentlar migrantlarga qarshi kurashga yuborilishi ma’lum qilingan edi.

Mavzuga oid