Tramp Jon Kennedi qotilida «yordamchilar bo‘lganini» aytdi
AQSh sobiq prezidenti Jon Kennedining qotili yakka o‘zi harakat qilgan deb hisoblanadi. Ammo Tramp buni inkor qilmoqda.

Foto: Getty images
Jon Kennedi qotilida «yordamchilar bo‘lgan», dedi AQSh prezidenti Donald Tramp radioboshlovchi Kley Trevis bilan suhbatda.
Jurnalist Trampdan 1963 yilda AQSh prezidenti Jon Kennedining o‘ldirilishi bo‘yicha Federal qidiruv byurosining (FQB) ilgari maxfiy bo‘lgan hujjatlari haqida so‘radi.
«Siz bu hujjatlarni maxfiylikdan chiqarishni buyurdingiz. Hali ham Osvald Kennedini o‘ldirgan deb o‘ylaysizmi?» so‘radi radioboshlovchi.
«Ha, men har doim shu versiyani yoqlaganman. Lekin, albatta, unga yordam berishgan», dedi Tramp.
Shu bilan birga, Amerika prezidenti Kennedi o‘limi tergovi bilan bog‘liq oshkor qilingan hujjatlarni «ta’sirli emas» deb atadi. U, shuningdek, Kennedi qotilining sheriklari borligi haqida hech qanday dalil keltirmadi.
1963 yil noyabr oyida Jon Kennedi Dallasda prezident korteji shahar bo‘ylab ketayotganda o‘ldirildi. Politsiya sobiq harbiy Li Harvi Osvaldni hibsga oldi va aybladi. Suiqasdni tergov qilgan Uorren komissiyasi Osvald haqiqatan ham jinoyatda aybdor ekanligini va yakka o‘zi harakat qilganini ochiqladi.
Shunga qaramay, Amerika Qo‘shma Shtatlarida Kennedining o‘ldirilishi haqida hali ham bir qancha fitna nazariyalari mavjud. Masalan, uning jiyani Robert Kennedi prezidentning o‘limida Markaziy razvedka boshqarmasi (CIA) aloqadorligini da’vo qilgan.
AQSh Milliy arxivi Donald Trampning 23 yanvardagi buyrug‘idan so‘ng, 19 mart kuni Kennedi o‘limi tergovi bo‘yicha 1123 ta hujjatni e’lon qildi. Amerika prezidenti jami 80 ming sahifaga yaqin yangi ma’lumotlar oshkor etilishini ma’lum qildi. U, shuningdek, prezident ukasi Robert Kennedi va ijtimoiy faol Martin Lyuter King o‘ldirilishi bilan bog‘liq hujjatlarni ham maxfiylikdan chiqarishni buyurgan.
Mavzuga oid

17:29
Tramp Rossiya sulh bo‘yicha kelishuvni imzolashni cho‘zayotganini haqida gapirdi

11:23
Tramp yangi bojlar joriy etishi mumkin

22:00 / 25.03.2025
AQSh Mehnat vazirligi 38 million dollarlik xorijiy yordamni to‘xtatdi

21:56 / 25.03.2025