O‘zbekiston | 11:18 / 23.03.2025
9187
8 daqiqa o‘qiladi

«Chunki puli tugaydi» - Alisher Qodirov saylovdan keyin partiyalar jim bo‘lib qolishi haqida

O‘zbekistondagi siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbayi – davlat budjeti. Agar saylovchilar partiyalarni qo‘llab-quvvatlashda faol bo‘lganida edi, a’zolik badallari va homiylik mablag‘lari asosiy o‘rinda bo‘lardi, deydi deputat Alisher Qodirov. Partiya rahbarining aytishicha, jami 22 millionga yaqin saylovchidan u yoki bu siyosiy partiyaga a’zo bo‘lganlari soni 2 millionga boradi yoki bormaydi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov «Fikr yetakchilari» podkastida qatnashib, O‘zbekiston parlamenti va deputatlarning yetarlicha faol emasligiga oid savollarga javob berdi.

– O‘zbekiston parlamenti vakillari saylov vaqtida biroz faollashadi, keyin yana suv quygandek jimjit bo‘ladi. Hech kim ularni eshitmaydi. Buning sababi nimada, saylovdan keyin deputatlar qayerga ketadi?

– Saylov vaqtidan keyin jim bo‘lib ketishi haqida… Tadbirkor odamsiz, mablag‘ingiz bo‘lmasa, biror ish qila olasizmi? Mana, siyosiy partiyalarning moliyaviy holati ovozining balandroq yoki pastroq bo‘lishiga olib keladi.

Endi, saylov paytida nima uchun partiyalar faollashadi? Chunki amaldagi qonunchilikka ko‘ra, budjetdan saylov uchun partiyalarga mablag‘ ajratiladi va partiyalar o‘sha mablag‘ darajasida targ‘ibot tadbirlarini amalga oshiradi, ya’ni moliyaviy ta’minlangan piar harakat davom etadi.

Siyosiy partiyalarning moliyaviy manbalari nima? Bular 3 ta: a’zolik badallaridan tushadigan mablag‘lar, homiylikdan tushadigan mablag‘lar va qonunchilikka asosan, siyosiy partiyalarning parlament saylovlaridagi o‘rinlariga qarab budjetdan, ya’ni saylovchilarning pullaridan ajratilgan teng miqdorlar.

Endi men sizga aytaman, davlat budjeti masalasida, siyosiy partiyalarni moliyalashtirishga doir amaldagi qonun bor. Hozirgi kunda siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbalari aynan davlat budjetidan oladigan mablag‘lardir. Bu – jahonda mavjud tajriba, bu faqat bizda emas, demokratik davlatlar orasida ham mavjud masala. Partiyalarni xorijdan moliyalashtirish taqiqlangan, nima uchun? Chunki siyosiy partiyalar juda katta institut, ta’sir kuchiga ega.

Bugungi kunda bu manba siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbasi bo‘lib qolmoqda, birinchidan. Ikkinchidan, saylov paytlarida amaldagi qonunchilik bo‘yicha homiylik mablag‘larini jalb qilsangiz, o‘sha mablag‘lar partiyalarga teng taqsimlanadi. Ya’ni jalb qilgan mablag‘ingizni o‘zingiz ishlatmaysiz, u siyosiy partiyalarga teng taqsimlanadi. Buni to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligi haqida gaplashmoqchi emasman. Men hozirda amaldagi qonunchilik bo‘yicha gapiryapman. Siz savol berdingiz: nima uchun saylovdan keyin jim bo‘lib qoladi? Chunki puli tugaydi.

Endi ikkinchi masalani ko‘rib chiqamiz. Agar siyosiy partiyalarning asosiy masalasi – elektorat, ya’ni saylovchilarning siyosiy partiyalarni qo‘llab-quvvatlashi faol bo‘lganda edi, siyosiy partiyalarning asosiy moliyaviy manbalari budjetga emas, a’zolik badallari va homiylikdan tushadigan mablag‘larga bog‘liq bo‘lardi. Bizda a’zolik masalasi shunday: bugungi kunda 22 millionga yaqin saylovchilar bo‘lsa, real hisob-kitob qilinsa, beshta siyosiy partiyaga a’zolar soni 2 millionga boradi yoki bormaydi.

Men hatto, bilasizmi, partiyaga birinchi kelgan paytimizda o‘sha a’zolarimizning hammasini olib, tahlil qilishni boshladim. Tasodifiy a’zolar, pasporti bilan a’zo bo‘lgan, hatto o‘zi a’zoligini bilmaydigan qatlamlarning hammasini chiqarishga topshiriq berdim. Ya’ni a’zo bo‘lgan odam shu partiyaga a’zo bo‘lish va shu g‘oyani qo‘llab-quvvatlaydigan insonlar qolishi kerak, deganimdan keyin bizning a’zolarimiz keskin ko‘paydi. Bugungi statistikadan ko‘rishingiz mumkin, bizning partiyaning a’zolari oz, adashmasam.

Endi siyosiy partiya nima bilan faol bo‘ladi? Nima uchun u jamiyatda siz o‘ylagan, mana siz xohlagan siyosiy partiyaga keladi – saylovchilarining qo‘llab-quvvatlaganidan keyin shu holatga keladi. Mana endi siyosiy tafakkur mavzusiga kelamiz. O‘zbekistondagi aholi siyosiy tafakkur va umuman siyosatga aralashmaslikka undaladi, deb aytyapmiz-ku. Siyosatga aralashma degani uchun odamlar siyosatga aralashmay qo‘yayotgani yo‘q. Biz uchun yangi bo‘lgan institutlar masalasida odamlar hali ko‘p narsani bilishi kerak. Bu vaqt talab qiladigan masala.

Misol tariqasida aytaman. Qonunchilik palatasi deputati nima ish bilan shug‘ullanadi va uning vakolatlari qayerda tugaydi? Mahalliy kengash deputatlari vakolatlari qanday qonunchilik bo‘yicha, ular nima bilan shug‘ullanishi mumkin? Ularning vakolatlari qayerda boshlanib, qayerda tugaydi?

– Ya’ni ular bilmaydi deyapsizmi?

– Har bir qonunchilik palatasi deputati bir oyda bir marta o‘zini saylov okrugiga chiqib, saylovchilar bilan uchrashadi. Saylovchilar bilan uchrashuv bo‘lgan paytda 90-95 foiz maishiy muammolar ko‘tariladi. Qonunchilik palatasidan kelgan deputatning oldiga asfalt yoki stolba kabi maishiy masalalar kelib tushadi. Vaholanki, qonunchilik palatasi deputati bu masala bo‘yicha faqatgina tegishli tartibda tashkilotlarga murojaat qilish vakolatiga ega. Masalaning yechimi mahalliy kengash deputatlari mahalliy darajada budjetni taqsimlashda bo‘lsa, shu yerda masala hal qilish bilan bog‘liq.

Bizning partiyamizda beshta juda boy homiylarimiz bor. Davlat tashkilotlari emas, tadbirkorlar. Bu homiylar kimdir topshiriq bergani uchun emas, rostdan ham partiyamizning g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagani uchun homiy.

– Nega unda sizlarda saylovdan keyin pul qolmaydi? Nega deputatlarda erkin fikrlash, tanqid va o‘zining qarashlarini chiqib gapirish bo‘lmayapti? Bular pulga bog‘liq emas-ku.

– Menimcha, erkin fikrlash masalasi bo‘yicha bo‘ladigan bo‘lsa, mana, sizga savol, deputatlarni bilmasligingiz sizning muammongizmi yoki deputatlarning eshitilmasligi? Masalan, mana, ovozinglar chiqmaydi, deyapsiz. Ovozimiz balki chiqayotgandir, kimdir eshitmayotgandir.

Masalan, mana misol: yaqinda bo‘lgan, parlamentda yig‘ilishda Qonunchilik palatasida taklif qilingan Mehnat kodeksiga o‘zgartirish bizning partiya tashabbusi bilan rad etildi. U yerda to‘rtta muhim o‘zgarishlar qonunchilikka, kodeksga kiritilayotgan edi. Biz ish beruvchi, ya’ni sizga o‘xshagan tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish nuqtayi nazardan bu qonunga kiritilayotgan o‘zgarishlarni noto‘g‘ri deb hisobladik. Oldin fraksiyada to‘polon qildik, masalani ko‘tardik. Sahifa partiyalarida yoritdik. Yalpi majlisda ko‘pgina deputatlar bizning fikrimizga qo‘shildi, bu qonun qo‘mitaga qayta ishlash uchun qaytarildi. Mana, bitta jarayon bo‘ldi. Siz buni ko‘rmadingiz-ku, siz buni kuzatmadingiz.

Men kimgadir ayb yuklamoqchi emasman, biz o‘zgarish jarayonidamiz. Deputatlar ham ideal ishlayapti, demoqchimasman. Ikki tomon ham shakllanyapti.

Mavzuga oid