Yana uchta muhim o‘yin. O‘zbekistonga mundialga chiqish uchun qanday natijalar kerak?
O‘zbekiston milliy jamoasi hozirdanoq saralash o‘yinlarida ochko to‘plash bo‘yicha eng yaxshi natijasini qayd etib turganiga qaramay, hal qiluvchi o‘yinlar endi o‘tkaziladi.

Foto: Kun.uz
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi sardori Eldor Shomurodov Qirg‘izistonga qarshi o‘yindan keyin bergan intervyusida agar keyingi turda Eron mag‘lub etilsa, jahon chempionatiga chiqish masalasi 99 foizga hal qilinishi haqida gapirdi. Lekin voqealar rivoji boshqacharoq ketsa-chi?
O‘zbekiston jahon chempionati saralashida yana uchta o‘yinda maydonga tushadi:
- 25 mart: Eronga qarshi mehmonda;
- 5 iyun: BAAga qarshi mehmonda;
- 10 iyun: Qatarga qarshi uyda.
Jamoa hozirda guruh jadvalining ikkinchi o‘rnida mustahkam joylashganiga qaramay, keyingi o‘yinlardagi natijalar barchasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Rekord ko‘rsatkich
O‘zbekiston 20 mart kuni Toshkentda JCh-2026 saralashi uchinchi (oxirgi) bosqichi 7-turi doirasida Qirg‘iziston vakillarini qabul qildi. Guruh autsayderlaridan biriga qarshi o‘yinda himoyachi Hojiakbar Alijonov urgan gol minimal 1:0 hisobidagi g‘alabani ta’minladi. Qiyinchilik bilan qo‘lga kiritilgan bu uch ochkodan keyin O‘zbekiston milliy jamoasi o‘z guruhida ikkinchi o‘rinni mustahkamladi.
7 turdan so‘ng ochkolar soni 16 taga yetgan, eng yaqin ta’qibchilar 6 ochkoga ortda qoldirilgan, bu – jamoa uchun JCh saralash turnirlari so‘nggi bosqichida to‘plangan ochkolar bo‘yicha rekord ko‘rsatkichdir.
Bungacha eng yaxshi natijalar 2014 va 2018 yilgi mundiallar uchun saralash bosqichlarida qayd etilgan: Mirjalol Qosimov boshchiligidagi jamoa 8 o‘yinda 14 ochko to‘plangan, lekin Braziliyadagi turnirga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun bu yetarli bo‘lmagandi. To‘rt yil o‘tib Rossiya mezbonlik qilgan jahon chempionati uchun saralashda esa Samvel Babayan qo‘li ostidagi jamoa 13 ochko bilan qolib ketgan.
Guruhdagi oldingi o‘yinlar
Bir qarashda O‘zbekiston milliy jamoasi bu safargi saralashda yaxshiroq ishtirok etayotgandek va imkoniyatlar ham yaxshiroqdek ko‘rinadi. Ammo JCh formati o‘zgargani va unda ishtirok etuvchi jamoalar soni oshirilgani tufayli saralashning so‘nggi bosqichida guruhlar hamda unda qatnashuvchilar soni ham oshgani, natijada nisbatan kuchsiz raqiblarga qarshi o‘yinlar ham bo‘layotganini inobatga olish kerak bo‘ladi.
Osiyo mintaqasidagi A guruhida Qirg‘iziston hamda KXDR jamoalari aynan shunday raqiblar bo‘ldi va O‘zbekiston o‘z ochkolarining aksarini – 16 ochkodan 12 tasini ushbu jamoalar bilan o‘yinlarda qo‘lga kiritdi. Qayd etish kerakki, ushbu nisbatan kuchsiz raqiblarga qarshi o‘yinlarning ham hech biri oson kechmadi – KXDRga qarshi ikkala o‘yinda ham raqiblar penaltidan foydalana olmagani qo‘l keldi va minimal hisoblardagi ustunlik (1:0) saqlab qolindi. Qirg‘izistonga qarshi safarda kechgan birinchi o‘yinda o‘zbekistonliklar hisobda quvishga majbur bo‘ldi va faqat ikkinchi bo‘limda irodali g‘alabaga erishildi (3:2). Toshkentdagi ikkinchi o‘yinda esa raqib birinchi bo‘limdayoq bir kishi kam bo‘lib qolgani vazifani osonlashtirdi (1:0).
Guruhning qolgan vakillari bilan esa hozircha bir martadan o‘yin o‘tkazilgan va bu o‘yinlardagi natijalar u qadar qoniqarli emas.
Dastlab guruh favoriti Eron bilan Toshkentda kechgan o‘yinda raqib ikkinchi bo‘limning katta qismini bir kishi kam bo‘lib o‘tkazganiga qaramay, bundan foydalanilmagandi (0:0).
O‘zbekiston guruhdagi ikkinchi yo‘llanma uchun kurashdagi asosiy raqibi bo‘lmish BAA bilan Toshkentda kechgan o‘yinda muhim uch ochkoni qo‘lga kiritgandi (1:0), ammo o‘sha o‘yinda avvaliga amirliklar futbolchisi qizil kartochka olgani hal qiluvchi vaziyat bo‘ldi, keyinroq mehmonlar darvozasiga penaltidan g‘alaba goli urildi.
Yo‘llanma uchun yana bir raqobatchi – Qatarga esa safarda alamli tarzda mag‘lubiyatga uchraldi (2:3). O‘shanda birinchi bo‘limdan keyin ikki to‘p farqi bilan ortda borgan o‘zbekistonliklar ikkinchi bo‘limda Abbos Fayzullayev urgan gollar evaziga kambek amalga oshirgandi, ammo futbolchilar qo‘shimcha daqiqalarda diqqatni yo‘qotishdi va gol o‘tkazib yuborildi.
Endi o‘sha gol qimmatga tushishi mumkin.
Guruhdagi keyingi o‘yinlar
25 mart, seshanba kuni Osiyoda JCh-2026 saralashining 8-tur uchrashuvlari o‘tkaziladi. Eron O‘zbekistonni, Qirg‘iziston Qatarni, KXDR BAAni qabul qiladi.
O‘zbekiston hozirda guruhda qulay holatda turganiga qaramay, oxirgi uch o‘yinning barchasi kuchli raqiblarga qarshi kechadi: Erondan keyin BAA va Qatarga qarshi o‘yinlar kutmoqda.
Hozirda guruhda 10 ochko bilan uchinchi o‘rinda joylashgan BAA guruh favoriti bo‘lmish Eron bilan ikki o‘yindan ham o‘tib bo‘lgan va endi KXDR, O‘zbekiston va Qirg‘iziston bilan o‘ynaydi, 10 ochkoga ega yana bir jamoa Qatar esa oxirgi turlarni Qirg‘iziston, Eron va O‘zbekistonga qarshi o‘tkazadi.
Ya’ni, eng oson taqvim BAAda, eng qiyini – O‘zbekistonda.
O‘zbekiston Eronda g‘alaba qozongudek bo‘lsa, Shomurodov aytganidek, vazifa «99 foizga uddalanadi», jamoa amalda guruhdan birinchi o‘rin bilan chiqish uchun kurashga qaytadi, shundan keyingi ikki o‘yindagi bir ochko ham O‘zbekistonga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma uchun kifoya qiladi. Ammo Tehronda g‘alabadan boshqa natija qayd etilgudek bo‘lsa, vaziyat chigallashadi.
Quyida keyingi o‘yinlar uchun boshqa ssenariylar ham ko‘rib chiqiladi:
Eron va BAAdan mag‘lubiyat:
Seshanba kuni Eron O‘zbekiston bilan o‘z uyida kechadigan o‘yinda yo‘llanmani naqd qilish uchun maydonga tushadi, bu esa o‘zbekistonlik futbolchilar uchun vazifani yanada qiyinlashtiradi. Agar o‘sha kuni ochko qo‘lga kiritilmasa, parallel uchrashuvlarda esa arab jamoalari g‘alaba qozonishsa, guruhdagi vaziyat O‘zbekiston uchun chigallashadi – raqobatchilar 3 ochkolik masofada yaqinlashib olishadi.
Shunday holatda BAAga safar qiladigan O‘zbekiston jamoasida bosim karrasiga oshib ketadi. Agar keyingi ikki o‘yinda ham mag‘lubiyatga uchralsa, o‘zbekistonliklar amalda to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanmadan umid uzaverishi mumkin. Chunki bu holatda oxirgi tur arafasida O‘zbekiston, BAA va Qatarda (Eron 8- turdayoq yo‘llanma masalasini hal etsa, keyingi o‘yinlarda aralash tarkib tushirishi va yutqazishi ehtimoli yuqori bo‘ladi) bir xil – 16 tadan ochko bo‘ladi. Ochkolar teng holatda esa to‘plar nisbati birinchi planga chiqadi va bu borada vaziyat BAAda ancha yaxshiroq (hozirning o‘zida +6 va keyingi turlarda g‘alaba qozonsa, yanada yaxshilanadi, O‘zbekistonda +4 va keyingi turlarda mag‘lub bo‘lsa, yanada yomonlashadi).
Natijada O‘zbekiston so‘nggi turda Qatarni imkon qadar yirik hisobda yengishi va Qirg‘iziston BAA bilan o‘yinda yirik hisobda yutqazmasligiga yoki imkon qadar «yordam» ko‘rsatishiga umid qilishi kerak bo‘ladi.
Eron va BAA bilan durang yoki duranglar:
Agar Eron bilan durang o‘ynasa, O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni 17 taga yetadi, lekin bu ochko hozircha guruh jadvalidagi vaziyatga jiddiy ta’sir ko‘rsata olmaydi, arab jamoalari o‘z o‘yinlarida g‘alaba qozonib, yaqinlashib olishi mumkin (13 tadan). Va 9-turda O‘zbekiston BAAga yutqazsa, bu jamoa bilan farq bir ochkogacha qisqaradi, natijada oxirgi turda Qatarni yengish shart bo‘lib qoladi. Shunda BAA oxirgi uch turda maksimal natijaga erishib, 19 ochko to‘plasa ham, O‘zbekiston 20 ochko bilan yuqorida joylashishi mumkin;
Agar O‘zbekiston Eronga yutqazib, BAA bilan durang o‘ynasa, vaziyat ancha yengilroq bo‘ladi: oxirgi turda Qatarga yutqazmaslik yetarli. Shunda O‘zbekiston 18 (Qatar bilan durang holatida) yoki 20 ochko (Qatar mag‘lub etilgan holatda) bilan BAAdan yuqorida qoladi (arablar O‘zbekistondan tashqari ikki raqibi bilan 100 foizlik natija qayd etsa ham, ko‘pi bilan 17 ochko to‘playdi);
Agar dastlabki ikki o‘yinda ham durang o‘ynasa, O‘zbekiston hisobidagi ochkolar soni 18 ta bo‘ladi, BAA Qirg‘iziston va KXDR ustidan g‘alaba qozonsa ham 17 ta ochko bilan O‘zbekistondan keyin joylashadi, shunda oxirgi turda Qatar bilan durang o‘ynash ham yetarli bo‘ladi (Qatar dastlabki ikki o‘yinida g‘alaba qozongan taqdirda ham, oxirgi turdagi durang tufayli 17 ochko bilan qoladi).
Bundan tashqari, O‘zbekiston BAA va Qatar autsayderlarga qarshi o‘yinlarda ochko yo‘qotishidan umid qilishi mumkin. Arab jamoalarining har bir ochko yo‘qotishi O‘zbekistonni mundialga yaqinlashtiradi.
We Global Football portali hozircha O‘zbekistonning mundialda ishtirok etish imkoniyati yuqori baholamoqda. Qirg‘iziston ustidan erishilgan g‘alabadan keyin Temur Kapadze shogirdlarining imkoniyati 6 foizga oshirilib, 92,6 foizga chiqarilgan. O‘zbekiston milliy jamoasi mundialga Osiyo uchun ajratilgan to‘g‘ridan to‘g‘ri oltita yo‘llanmadan birini qo‘lga kiritish uchun da’vogarlar orasida Yaponiya (yo‘llanmani olib bo‘lgan), Eron va Janubiy Koreyadan keyingi 4-o‘rinda qayd etilmoqda. Yana ikki yo‘llanma uchun Avstraliya va Iroq asosiy da’vogarlar bo‘lib turibdi.
Jamoadagi holat
Birinchi davrada pragmatik uslub bilan natijaga erishgan Srechko Katanets yanvar oyida salomatligi tufayli bosh murabbiylikni tark etgach, uning o‘rniga O‘zbekiston milliy jamoasi sobiq futbolchisi Temur Kapadze tayinlangan.
Lekin u jarohatlar tufayli himoyachilar Husniddin Aliqulov va Sherzod Nasrulloyev, hujum vakili Doston O‘runov xizmatlaridan foydalana olmayapti. Bundan tashqari, jamoa yetakchilaridan biri Jaloliddin Masharipov Qirg‘iziston bilan o‘yinda simulyatsiya uchun navbatdagi sariq kartochkasini olgani tufayli Eronga qarshi safar o‘yinida jamoaga yordam bera olmaydigan bo‘ldi.
Shu bilan birga, tarkibning qator vakillari muhim o‘yinlar arafasida yaxshi sport formasiga chiqqan. Xususan, jamoa sardori, «Roma» hujumchisi Eldor Shomurodov, «Manchester Siti» himoyachisi Abduqodir Husanov, TsSKA yarimhimoyachisi Abbos Fayzullayev, «Paxtakor» himoyachisi Hojiakbar Alijonov, «Rubin» himoyachisi Rustam Ashurmatov kabilar so‘nggi o‘yinda ham o‘z faolliklari bilan ajralib turishdi. Qirg‘izistonga qarshi o‘yinda faqat bir gol urilgan bo‘lsa ham, o‘yin davomida 24 ta zarba yo‘llandi va faqat darvozabonning mahorati tufayli mehmonlar yirik hisobdagi mag‘lubiyatdan qutulib qolishdi.
Murabbiy o‘yindan keyingi matbuot anjumanida tayyorgarlik ko‘rish uchun vaqt kam bo‘lgani, futbolchilar asosan nazariy mashg‘ulotlar o‘tkazishganini ta’kidladi.
Amalda u debyutidayoq o‘yin uslubida o‘zgarishlar qilganini ko‘rish mumkin. Endi jamoa ko‘proq hujumga e’tibor qaratmoqda va qanot himoyachilari tez-tez oldinga o‘tmoqda. O‘ng qanot himoyachisi Alijonov g‘alaba golini urishdan tashqari penalti ham ishlagandi.
Futbolchiligida o‘z tengdoshlari bilan mundialga chiqish armon bo‘lib qolgan, murabbiylik faoliyatini boshlagach, tarixda ilk bor O‘zbekiston olimpiyachilarini Olimpiadaga olib chiqqan mutaxassis yuzaga kelgan imkoniyatdan foydalana oladimi, buni yaqin bir necha oy ichida bo‘lib o‘tadigan uchta muhim o‘yin ko‘rsatib beradi.
Mavzuga oid

12:07
Qozog‘iston mag‘lubiyat bilan boshladi, Angliyada tarixiy gol. Yevropada JCh saralashi

13:52 / 21.03.2025
Simulyatsiya va foydalanilmagan penalti - Masharipov va Shomurodovning Qirg‘izistonga qarshi o‘yindan keyingi fikrlari

23:05 / 20.03.2025
JCh-2026 saralashi. Penalti va chetlatish kuzatilgan bahsda O‘zbekiston Qirg‘izistonni mag‘lub etdi

00:03 / 28.01.2025