O‘zbekiston | 21:57 / 20.03.2025
4340
5 daqiqa o‘qiladi

20 mart yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan muhim voqea va hodisalar

Baxtli mamlakatlar reytingidagi O‘zbekiston, TTZgacha uzayishi kutilayotgan metro, bosh prokurorning aholiga murojaati va MBning ko‘tarilgan asosiy foiz stavkasi — o‘tgan kun davomida Kun.uz’da yoritilgan dolzarb va muhim O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishtiramiz.

O‘zbekiston eng baxtli mamlakatlar reytingida

Birlashgan Millatlar Tashkilotining navbatdagi baxt indeksi reytingida O‘zbekiston 53-o‘rinni egalladi.

Finlandiya sakkizinchi yil ketma-ket eng baxtli mamlakat deb topildi. Qozog‘iston 43-, Qirg‘iziston 75-, Tojikiston 90-o‘rinda qayd etilgan. Turkmaniston esa ro‘yxatga kiritilmagan.

Tahlil Gallup World Poll so‘roviga asosan so‘nggi uch yildagi hayot sifatini baholash orqali amalga oshirildi. Reyting oltita ko‘rsatkich bo‘yicha shakllantiriladi: yalpi ichki mahsulot, ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, umr davomiyligi, erkinlik, saxovat va korrupsiya darajasi.

Shimoliy Yevropa davlatlari yetakchilikni saqlab qolgan — Finlandiya, Daniya, Islandiya, Shvetsiya reytingning yuqori pog‘onalarini band qilgan. Lotin Amerikasidan Kosta-Rika (6-o‘rin) va Meksika (10-o‘rin) ilk bor kuchli o‘ntalikka kirdi.

AQSh esa ilk marta baxtli 20 ta mamlakat qatoriga kirmadi va 24-o‘ringa tushdi. Rossiya 66-, Afg‘oniston esa ketma-ket oltinchi yil oxirgi o‘rinda qoldi.

Toshkent metrosi TTZ dahasigacha uzaytiladi

Toshkent metropoliteni Toshkent traktor zavodi dahasigacha kengaytirilib, 10 ta yangi bekat quriladi.

Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev 20 mart kuni poytaxtdagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishuv davomida ma’lum qildi.

Metro yo‘nalishini uzaytirish loyihasi avval taqdim etilgan, biroq prezident muqobil takliflar ishlab chiqish va rejani takomillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Yangi loyihaga muvofiq, Chilonzor yo‘nalishi TTZgacha uzaytiriladi. Bu tarmoq 30 ta mahallani qamrab oladi va 148 ming aholining qulay harakatlanishini ta’minlaydi.

Kichik biznes uyushmasi tashkil etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish maqsadida Kichik biznes uyushmasini tashkil qilish tashabbusini qo‘llab-quvvatladi.

Prezident tadbirkorlar bilan uchrashuvda raqobatbardoshlikni oshirish, yangi bozorlarga chiqish, standartlar va innovatsiyalarni joriy etish, brendlar yaratish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi.

Mutasaddilarga kichik biznes vakillari bilan muloqotni kuchaytirish, ularning muammolarini tezkor hal qilish vazifasi yuklatildi. Hokim yordamchilari, banklar va hukumat mutasaddilari mazkur jarayonga jalb etiladi.

Uyushma kichik tadbirkorlarga qulay muhit yaratish, ularni innovatsiya va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishga rag‘batlantirish maqsadida faoliyat yuritadi.

Bosh prokuror korrupsiyaga qarshi kurash yuzasidan murojaat qildi

O‘zbekiston bosh prokurori Nig‘matilla Yo‘ldoshev korrupsiya va jinoyatchilikni tag-tomiri bilan yo‘q qilish choralari ko‘rilishini bildirdi.

Unga ko‘ra, endi barcha kuch va vositalar jinoyat oqibatiga emas, uni keltirib chiqarayotgan sabablarga qarshi yo‘naltiriladi. Har bir mahalla va xonadonda huquqbuzarlik omillari o‘rganiladi, jinoyatga moyil shaxslar bilan maxsus ishlash tizimi joriy etiladi.

Jinoyatlarga sabab bo‘layotgan ijtimoiy va iqtisodiy muammolar bartaraf etilib, bolalarda «jinoyatchilikka qarshi immunitet» shakllantiriladi.

Shuningdek, tergov jarayonida inson huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, tekshiruvlar qat’iy nazorat ostida bo‘ladi. Ayblanuvchilarning huquqlari himoya qilinadi, advokatlar faoliyatiga to‘sqinlikka chek qo‘yiladi.

Yo‘ldoshev korrupsiyaga qarshi kurashish barcha davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda yangi bosqichga chiqishini ta’kidladi. Davlat mablag‘lari va subsidiyalar ishlatilishini qat’iy nazorat qilish, korrupsiyaviy sxemalarni tag-tomiri bilan yo‘q qilish choralari ko‘riladi.

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foizga yetkazdi

Markaziy bank asosiy stavkani 0,5 foiz bandiga oshirib, 14 foiz darajasida belgiladi. Bu qaror inflyatsion xatarlar kuchayishi, talab o‘sishi va inflyatsion kutilmalar oshgani sabab qabul qilindi.

2025 yil boshidan inflatsiya o‘sishi kuzatildi, fevral oyida u 10,1 foizga yetdi. Yoqilg‘i, kommunal xizmatlar, transport va ta’lim narxlari oshgani inflyatsion bosimni kuchaytirdi. Fevralda aholi inflyatsion kutilmalari 15,3 foiz, tadbirkorlarniki 13,8 foiz bo‘ldi.

So‘nggi oylarda yalpi talab va transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishi xizmatlar inflatsiyasini yuqori darajada ushlab turibdi. Bu holat chakana savdo va pulli xizmatlardan tushumlarda ham aks etmoqda.

Mavzuga oid