Fan-texnika | 00:12 / 19.03.2025
5278
2 daqiqa o‘qiladi

Yaqin 75 yil ichida dengiz sathi uch metrga ko‘tarilishi mumkin - olimlar

Mazkur holat Daniya uchun jiddiy tahdid tug‘diradi, chunki uning qirg‘oq hududlarini katta qismi dengiz sathiga nisbatan past joylashgan.

Foto: The Open University

Iqlimshunoslar dengiz sathi BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IPCC) prognozlarida ko‘rsatilgandan ancha yuqori darajada ko‘tarilishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Olimlarning fikricha, yaqin 75 yilda dengiz sathi uch metrga ko‘tarilishi mumkin. Ushbu mavzuga bag‘ishlangan hisobot mualliflari IPCC’ning 2100 yilga borib dengiz sathi 1 metrga ko‘tarilishi haqidagi xulosasi yetarlicha baholashlarni hisobga olmaganini ta’kidlamoqda.

Qayd etilishicha, mazkur holat Daniya uchun jiddiy tahdid tug‘diradi, chunki uning qirg‘oq hududlarini katta qismi dengiz sathiga nisbatan past joylashgan. Agar dengiz sathi ko‘tarilsa, ushbu hududlar xavf ostida qolishi mumkin.

«Dengiz sathining ko‘tarilishiga yetarlicha tayyormizmi va siyosatchilar bunga jiddiy e’tiob qaratyaptimi — meni shu tashvishga soladi. Bizdagi ishonchli ma’lumotlarga ko‘ra, agar harorat 2-3 darajaga ko‘tarilsa, dunyo muz qatlamlarining ayrim qismlari muqarrar yemiriladi. Natijada, dengiz sathi bu asrda IPCC tomonidan «eng yomon ssenariy» sifatida baholangan 1 metrdan ancha ko‘proqqa ko‘tarilishi mumkin», — deydi Kopengagen universiteti professori Dorte Dal-Yyensen.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dengiz sathining bir necha metrga ko‘tarilishi asta-sekin emas, balki sakrashlar bilan yuz berishi mumkin. Ushbu xulosani dunyoning turli universitetlarini 28 nafar okeanolog olimlari qo‘llab-quvvatlagan.

Avvalroq Copernicus iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Yevropa xizmati dunyo okeanidagi muz qoplamining maydoni eng past darajagacha qisqarganini ma’lum qilgandi. Fevralda Arktika va Antarktidadagi muz qoplamining umumiy maydoni 16,04 million kvadrat kilometrni tashkil etgan, bu 1979 yildan beri rekord darajadagi eng past darajadir.

Mavzuga oid