Jahon | 07:35 / 19.03.2025
8986
5 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada kuryyerlarning maoshi diplomli mutaxassislarnikidan ham yuqori ekani aniqlandi

So‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, Moskvada kuryyerlarga taklif qilinayotgan maoshlar oliy ma’lumotli mutaxassislarning maoshlaridan 19 foizga yuqori bo‘lmoqda.

Foto: Aleksandra Pogiba / NEWS.ru / Global Look Press

SuperJob ish qidirish xizmati tomonidan o‘tkazilgan «Kuryyer indeksi» tadqiqotiga ko‘ra, 2025 yil mart oyida Moskvada kuryyerlar uchun o‘rtacha maosh 130 ming rublni tashkil etgan bo‘lsa, oliy ma’lumotli mutaxassislar uchun bu ko‘rsatkich 105 ming rublni tashkil etgan, deb yozmoqda RBC.

Kuryyerlar bu borada vrachlar, jurnalistlar va hatto IT dasturchilardan ham ko‘proq maosh olishmoqda.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, kuryyerlar uchun maosh takliflari 2024 yil davomida 41 foizga oshgan. O‘rtachalashtirilgan qiymatdagi maosh oliy ma’lumotli mutaxassislarnikidan 19 foizga, oliy ma’lumotsiz mutaxassislarnikidan esa 38 foizga yuqori bo‘lgan.

Bu borada o‘rtachalashtirilgan (median) maosh ko‘rsatkichi ishonchliroq hisoblanadi, chunki u o‘rtacha maoshga ta’sir etuvchi ekstremal qiymatlarga sezgir emas. Rossiyada 2024 yil yakuni bo‘yicha o‘rtacha maosh 87 ming 952 rublni tashkil etgan.

Butunrossiya ilmiy tadqiqot instituti Mehnat bo‘limi bosh direktori Vladimir Smirnovning ta’kidlashicha, bitta kasb bo‘yicha median maoshni barcha xodimlar uchun o‘rtacha maosh bilan solishtirish to‘g‘ri emas. Uning fikricha, ish beruvchilar yosh auditoriyani jalb qilish maqsadida maksimal daromad darajasini ko‘rsatadi. Bu esa kasbiy o‘sish, o‘zini namoyon qilish va mehnat sharoitlari kabi imkoniyatlarga ega bo‘lmagan lavozimlar uchun xosdir. Boshqa tomondan, yuqori malakali mutaxassislar uchun e’lonlarda ko‘proq «maosh falon rubldan boshlab» so‘zlari ko‘rsatiladi, bu esa muzokaralar uchun ochiq bo‘lib, amaldagi daromadni oshirishga olib keladi.

Kuryyerlar maoshining oshishi bunday xizmatlariga bo‘lgan talabning o‘sishi va ishchi kuchi tanqisligi tufayli kuzatilmoqda. «Avito Rabota» xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan qishda avtomobildagi kuryyerlar uchun o‘rtacha maosh takliflari o‘tgan yilgiga nisbatan 68 foizga oshgan va 130,3 ming rublni tashkil etgan. Shuningdek, samokatdagi kuryyerlar uchun o‘rtacha maosh takliflari 12 foizga oshgan va 66,5 ming rublni tashkil etgan. Ammo, haqiqiy daromadlar bajarilgan buyurtmalar soni, ish jadvali va hududga bog‘liq.

«Yandeks» xizmatlari ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada kuryyerlarning o‘rtacha daromadi 91,7 ming rublni tashkil etgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 18,1 foizga yuqori. Moskvada esa o‘rtacha daromad 110,3 ming rublni tashkil etgan. 2025 yil fevral oyiga kelib bu ko‘rsatkich 114,6 ming rublga yetgan. Daromadlar elektron tijoratning rivojlanishi va mavsumiylikka bog‘liq. Masalan, dekabr oyida buyurtmalar soni ko‘payadi, chunki odamlar Yangi yil bayramiga tayyorgarlik ko‘rishadi.

«Vkusvill» kompaniyasida faol ishlovchi kuryyerning o‘rtacha kunlik daromadi 5-7 ming rublni tashkil etadi. Daromad yetkazib berish masofasi, buyurtma hajmi, kun vaqti, bajarilgan buyurtmalar soni va foydalaniladigan transport turiga bog‘liq. Har bir yetkazib berilgan buyurtma uchun haq 90 dan 350 rublgacha o‘zgaradi. O‘tgan yil davomida yetkazib berilgan buyurtmalar soni 22 foizga oshgan, bu kuryyerlar daromadining oshishiga ta’sir qilgan.

«Ozon» platformasida kuryyerlar o‘z ish smenalarini mustaqil tanlash imkoniyatiga ega. Bu ularga yuqori talab mavsumlarida ishlashga va qolgan vaqtlarda boshqa ishlar bilan shug‘ullanishga imkon beradi.

Rossiya Transport-logistika va pochta-kuryyer kompaniyalari assotsiatsiyasi prezidenti Aleksandr Mityukovning baholashicha, Rossiyada kuryyerning o‘rtacha oylik daromadi taxminan 90 ming rublni tashkil etadi. Uning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich yildan yilga qariyb 20 foizga oshib bormoqda.

Kuryyerlarga bo‘lgan talabning o‘sishiga qaramay, oliy ma’lumotli mutaxassislarning kuryyerlikka o‘tishi ehtimoli past. Ayni vaziyat 1990-yillardagi vaziyatdan farq qiladi, o‘shanda maoshlarning o‘z vaqtida to‘lanishi bilan bog‘liq muammolar tufayli diplomli odamlar savdo sohasiga o‘zini urgan edi.

SuperJob ma’lumotlariga ko‘ra, kuryyerlik sohasidagi bo‘sh ish o‘rinlari soni Rossiya bo‘yicha yil davomida 7 foizga oshgan. 

Mavzuga oid