Jahon | 15:35 / 19.03.2025
9961
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya harbiylari Putinning buyrug‘idan so‘ng Ukrainaga uchirgan o‘z dronlarini urib tushirgan

Foto: Aleksandr Reka / TASS

Rossiya harbiylari Rossiya prezidenti Vladimir Putinning Ukraina energetika obektlariga zarba berishni vaqtincha to‘xtatish to‘g‘risidagi buyrug‘ini olgach, Ukraina tomon uchirilgan o‘z dronlarini urib tushirgan. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida aytiladi.

Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, buyruq olingan vaqtda Mikolayiv oblastida joylashgan va harbiy-sanoat majmuasi bilan bog‘liq energetika obektlariga yo‘naltirilgan yettita zarbdor dron havoga ko‘tarilib ulgurgan edi.

«Rossiya Federatsiyasi havo mudofaa kuchlariga uchuvchisiz uchish apparatlarini zararsizlantirish bo‘yicha buyruq berildi, ulardan oltitasi „Pansir“ zenit-raketa komplekslari, yana biri Rossiya harbiy-havo kuchlarining navbatchi qiruvchisi tomonidan urib tushirildi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Mudofaa vazirligi bayonotida, shuningdek, Putin va Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralar yakunlanganidan bir necha soat o‘tgach, Ukraina Krasnodar o‘lkasidagi Kavkazskaya stanitsasidagi energetika infratuzilmasi obektiga uchta dron yordamida «qasddan hujum uyushtirgani» aytilgan. Natijada u yerda bitta neft rezervuari germetizatsiyasi buzilib, 1700 kvadrat metr maydonda yong‘in sodir bo‘lgan.

«Gap Kiyev rejimi tomonidan AQSh prezidentining tinchlik tashabbuslarini barbod qilishga qaratilgan navbatdagi maxsus tayyorlangan provokatsiya haqida ketayotgani mutlaqo tushunarli», – deyiladi xabarda.

Ukraina qurolli kuchlari harbiy-havo kuchlarining 19 mart kungi hisobotida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga «Iskander-M», S-300 raketalari bilan hujum qilgani va «Shaheed» tipidagi 145 ta uchuvchisiz uchish qurilmalari, shuningdek, imitatsiya dronlarini uchirgani aytilgan.

18 mart kuni kechqurun AQSh va Rossiya prezidentlari o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi, shundan so‘ng Kreml Vladimir Putin Trampning 30 kun davomida Ukrainadagi energetika tizimlariga zarba berishdan tiyilish taklifini qo‘llab-quvvatlab, harbiylarga tegishli buyruq berganini e’lon qildi. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ushbu kelishuvga izoh berarkan, Ukraina energetika infratuzilmasiga zarba berishni to‘xtatish taklifini qo‘llab-quvvatlashini aytdi. «Ammo Rossiya bizning energetikamizga zarba berishi, biz esa jim turishimiz mumkin emas. Javob qaytaramiz», – dedi u.

Zelenskiy, shuningdek, AQSh prezidentining Putin bilan suhbatidan keyin Tramp bilan hali gaplashmagani, biroq shunday suhbat bo‘lib o‘tishiga umid qilayotganini qo‘shimcha qilgan. «Shunda Rossiya bilan kelishuvlar haqida ko‘proq ma’lumotga ega bo‘lishim, aniq nimani qo‘llab-quvvatlash kerakligini tushunishim mumkin», – dedi u.

Mavzuga oid