O‘zbekiston | 11:43 / 19.03.2025
14469
3 daqiqa o‘qiladi

15 ta tuman va shaharda davlat idoralari bitta binoga ko‘chiriladi

Yangi binolarning birinchi va ikkinchi qavatlari tadbirkorlarga sotiladi. Ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino esa auksionga chiqariladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident Shavkat Mirziyoyev kichik va o‘rta biznes vakillari bilan sohaning iqtisodiyotdagi o‘rnini oshirish va rivojlanishini yangi bosqichga olib chiqish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazmoqda. 

Uchrashuvda davlat rahbari 2025 yil uchun sohadagi asosiy maqsad va vazifalarga to‘xtalib o‘tdi.

Unga ko‘ra, quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

– kichik va o‘rta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini 55 foizga ko‘tarib, 70 milliard dollarlik qo‘shilgan qiymat yaratish;

– yangi bozorlarga kirib borishda transport, sertifikat va standart masalalariga ko‘maklashib, kichik biznes eksportini o‘tgan yilgi 9 milliarddan 12 milliard dollarga olib chiqish;

– ichimlik suvi, kanalizatsiya, yo‘l, qurilish, kommunal xo‘jalik, yetkazib berish, utilizatsiya, migratsiya, madaniyat va ijtimoiy xizmatlarda kichik biznes ulushini 2-3 karra oshirish;

– 1,5 million doimiy ish o‘rni tashkil qilib, sohada band aholi ulushini 75 foizga yetkazish;

– 100 nafardan ko‘p ishchisi bor korxonalarni 4 mingtaga olib chiqish;

– kichik biznesda yangi 100 ta brend mahsulot chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

– kichik biznes ishtirokida 200 ta startap loyihalarni moliyalashtirish.

Qayd etilishicha, yaratilgan sharoitlar hisobiga uch yilda 250 mingta yangi korxona ish boshlagan. Ularning ko‘pchiligi “oyoqqa turib”, faoliyatini kengaytirishi uchun yer va bino kerak.

“Hokimlar yerlarni tanlashda, eng avvalo, kengayish istagida yurgan, loyihasi tayyor tadbirkorlar so‘ragan joylarni auksionga chiqarishi zarur”,  deya ta’kidladi prezident.

Masalan, Yunusoboddagi “Mingboyev robotiks” korxonasi nogironligi borlar uchun protez va ekzo-skeletlar yasab, 100 ga yaqin odamni faol ijtimoiy hayotga qaytargan. Tadbirkor faoliyatini kengaytirish uchun nogironligi bo‘lgan odamlar bemalol kirib-chiqishi uchun qulay joy so‘ragan.

Bunday yuqori texnologiyali mahsulot yaratadigan tadbirkorlarga 10 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat obektlari 5 yilga bepul ijaraga berilishi belgilandi.

Shu bilan birga, bu borada yangi tizim joriy qilinadi: 15 ta tuman va shaharda (Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Denov, Quva, Shovot tumanlari hamda Yangiyo‘l va Marg‘ilon shaharlarida) barcha davlat idoralari tumanlar markazidagi bitta ko‘p qavatli binoga ko‘chiriladi. Yangi binolarning 1-2-qavatlari tadbirkorlarga sotiladi.

Ushbu tumanlarda davlat idoralaridan bo‘shaydigan 150 ta bino auksionda tadbirkorlarga taklif qilinadi.

Bu yil kichik va o‘rta biznes loyihalari infratuzilmasiga ajratilishi belgilangan 1 trln so‘mga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m ajratiladi.

Mavzuga oid