O‘zbekiston | 18:00 / 18.03.2025
4073
3 daqiqa o‘qiladi

Majburiy avtosug‘urta narxi sug‘urta tovoni miqdori bilan birga oshishi mumkin

So‘nggi paytlarda haydovchilar avtomobillar, ehtiyot qismlar va ta’mirlash xizmatlari narxlari sezilarli darajada oshganini ta’kidlamoqdalar. Yo‘llarda, ayniqsa yirik shaharlarda transport vositalari sonining ko‘payishi, o‘z navbatida, yo‘l-transport hodisalari ehtimolini oshirmoqda. Bunday sharoitda YTH yuz berganda ishonchli moliyaviy himoyaga ega bo‘lish ayniqsa muhim ahamiyat kasb etadi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Bugungi kunda majburiy avtosug‘urta polisi 40 mln so‘mgacha bo‘lgan zararni qoplaydi. Biroq, hatto tajribali haydovchi ham YTH uchrashi xavfidan xoli emasligi hisobi bilan, sug‘urta tovoni esa jabrlanuvchining avtomobilini to‘liq ta’mirlash yoki sog‘lig‘ini tiklash uchun yetarli bo‘lmasligi mumkin. Bunday hollarda, YTH aybdori sug‘urta tovoni va haqiqiy zarar o‘rtasidagi farqni o‘z cho‘ntagidan to‘lashiga to‘g‘ri keladi, bu esa uning moliyaviy ahvoliga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.

Ta’kidlash lozimki, amaldagi majburiy avtosug‘urta bo‘yicha tovon puli 2019 yildan beri qayta ko‘rib chiqilmagan. O‘sha davrda belgilangan 40 mln. so‘m miqdoridagi tovon puli, bugungi kunda YTHning moliyaviy oqibatlarini to‘liq qoplab bera olmayapti. Shu munosabat bilan, transport vositalariga yetkazilgan zarar uchun tovon puli 14 mln so‘mdan 28 mln so‘mgacha, hayot va sog‘liqqa yetkazilgan zarar uchun esa 26 mln so‘mdan 52 mln so‘mgacha oshirish masalasi qizg‘in muhokama qilinmoqda. Ko‘pchilik haydovchilar bu taklifni ijobiy qabul qilib, bunday o‘zgarishlar YTH oqibatlarini yumshatishga  yordam beradi deb hisoblashmoqda.

Istiqbolli loyihalar milliy agentligining statistik ma’lumotlari ham tariflarni qayta ko‘rib chiqish zarurligini tasdiqlaydi. Xususan, faqatgina o‘tgan yilda majburiy avtosug‘urta bo‘yicha to‘lovlar 43 foizga oshgan, qariyb 5 mln miqdorida berilgan polislar bo‘yicha majburiyatlarning umumiy summasi 206 trln so‘mga yetgan. Ushbu ma’lumotlar joriy tovon puli, transport egalarining hozirgi kundagi zararlarini qoplay olmayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.

Sug‘urta zararni to‘liq qoplab bermayotganligi tufayli jabrlangan haydovchilar ko‘pincha qo‘shimcha kompensatsiya olish uchun sudlarga murojaat qilishga majbur bo‘lmoqdalar, bu esa ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarib, ko‘p vaqt va kuch talab qilmoqda. Vaholanki, tovon puli miqdorini qayta ko‘rib chiqish sud jarayonlari sonini kamaytirish, zararni qoplash jarayonini soddalashtirish va uni tezroq hamda tushunarliroq qilish imkonini beradi.

Majburiy avtosug‘urta polisining mavjudligi - haydovchining jamiyatga va yo‘l harakatining boshqa ishtirokchilariga mas’uliyatli munosabatini anglatadi. Shu sababli, sug‘urta tovoni miqdori bilan birga uning narxining oshirilishi nafaqat haydovchilarning xotirjamligini ta’minlash, balki jabrlanuvchilarning ortiqcha muammolarsiz va kechikishlarsiz kafolatlangan tovon pulini olishi yo‘lida muhim qadam bo‘ladi.

Mavzuga oid