Majburiy avtosug‘urta tariflari qayta ko‘rib chiqiladi

O‘zbekiston 16:30 / 29.05.2024 10323

Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta tarifi miqdori qayta ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda sug‘urta tashkilotlari tomonidan sug‘urta tovonlarini o‘z vaqtida to‘lanmayotgani hamda to‘lanishi mumkin bo‘lgan maksimal miqdor avtotransportga yetkazilgan zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmayotgani yuzasidan shikoyatlar soni ortib boryapti.

2019 yilda tasdiqlangan 56 ming so‘mlik sug‘urta mukofoti miqdori sug‘urta tashkilotlari uchun zararlarni qoplashga yetarli bo‘lmagani sababli turli xil yo‘llar bilan to‘lovlar kechiktirib kelinyapti.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, 2023 yilda Toshkent shaxrida zararlilik darajasi 146 foizni tashkil etgan.

Shuningdek, 2019 yildan boshlab barqaror belgilangan 40 mln so‘m sug‘urta summasi yo‘l-transport hodisalarida jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar bo‘yicha xarajatlarini yetarli darajada qoplashga imkon bermay qolgan.

«Jahon banki statistikasiga asosan, O‘zbekistonda iste’mol narxi indeksi oxirgi 5 yil davomida 160 foizga oshgan, bundan tashqari mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori o‘sishi 265 foizni tashkil etgan, bazaviy hisoblash miqdori esa 168 foiz o‘sish dinamikasini ko‘rsatgan. Shu bilan bir qatorda, respublikamizda belgilangan sug‘urta puli va sug‘urta mukofoti hozirda yaqin qo‘shni davlatlar hamda chet el davlatlari bilan solishtirganda eng kam ko‘rsatkichni tashkil etadi», – deyiladi xabarda.

Agentlik aholidan bu boradagi taklif va mulohazalarini Napp_connect_bot Telegram-botiga yuborishni so‘ramoqda.

Ko‘proq yangiliklar: