Biz O‘zbekistonni Rossiyaning 10 ta ishonchli hamkorlaridan biri deb hisoblaymiz - Vyacheslav Volodin
Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Foto: senat.uz
Bugun, 14 mart kuni Oliy Majlis Senatida Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Senat raisi Tanzila Norboyeva martabali mehmonni O‘zbekistonga tashrifi bilan qutladi, deb xabar beradi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.
Uchrashuvda o‘tgan yili o‘zaro savdo aylanmasi 15 foizga o‘sib, 12 mlrd AQSh dollarini tashkil etgani aytib o‘tildi. Muloqot chog‘ida migratsiya masalasida dolzarb vazifalar mavjudligi va bu jarayonda ikki davlat fuqarolarining huquq hamda manfaatlarini himoya qilishning qonuniy yechimlarini hamkorlikda topish muhimligi ta’kidlandi.
Shu bilan birga O‘zbekiston—Rossiya parlamentlari aloqalarining bugungi holati tahlil qilinib, ikki davlat munosabatlarida parlamentlararo yaqin hamkorlik muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlab o‘tildi.
Bu borada Oliy Majlis Senati va Rossiya Federal Kengashi o‘rtasida qo‘shma komissiya faoliyat yuritib kelayotgani, ikki davlat parlamentlarining yuqori palatalari rahbarlari muntazam ravishda o‘tkazayotgan uchrashuvlari ishonchli hamkorlik muhitida o‘z samarasini berayotgani e’tirof etildi.
O‘z navbatida martabali mehmon samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi. «Biz O‘zbekistonni Rossiyaning 10 ta ishonchli hamkorlaridan biri deb hisoblaymiz. Mamlakatlarimiz o‘rtasida qaror topgan mustahkam do‘stlik va ishonchli sherikchilik siyosatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Parlamentlarimizning izchil va samarali faoliyatidan manfaatdormiz hamda hamkorligimizni yuqori sur’atlarda davom ettirish tarafdorimiz», — dedi Volodin.
Shuningdek, suhbat davomida istiqbolda o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlash, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish ustidan nazorat, qonunchilik sohasida tajriba almashish va Yoshlar parlamenti aloqalarini faollashtirish yuzasidan fikr yuritildi.
O‘zbekiston tomoni Rossiya parlamenti rahbariyati va vakillarini yaqinda Toshkentda o‘tkaziladigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi tadbirlarida faol ishtirokini mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirdi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 14 mart kuni Rossiya Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodinni qabul qilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqilgan.
Mavzuga oid

18:12 / 14.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Vyacheslav Volodinni qabul qildi

20:57 / 13.03.2025
Rossiya Davlat Dumasi raisi Toshkentga rasmiy tashrif bilan keldi

07:25 / 13.02.2025
Tanzila Norboyeva Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashdi

15:01 / 23.01.2025