O‘zbekiston | 19:08 / 12.03.2025
2321
2 daqiqa o‘qiladi

Qamoqqa olinmagan gumonlanuvchilarning O‘zbekistondan chet elga chiqishi vaqtincha cheklanishi mumkin

O‘zbekistonda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanmagan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchining O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish tartibi belgilanmoqda. Deputatlar tegishli qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildi.

Foto: Oliy Majlis - online / YouTube

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Jinoyat protsessida majburlov choralari institutini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi. Bu haqda parlament quyi palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash borasidagi eng muhim kafolatlardan biri sifatida huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlarini qonun bilan muhofaza qilish, jabrlanganlarga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun davlat shart-sharoitlar yaratishi belgilangan.

Biroq ta’kidlanishicha, jinoyat sodir etgan shaxslarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan hollarda, ushbu shaxslar O‘zbekiston davlat chegarasini tark etib surishtiruv, tergov yoxud suddan yashirinish holatlari kuzatilmoqda. «Natijada, jinoyatdan jabrlangan shaxslarning huquqlarini tiklash, ularga yetkazilgan zararlarni koplash imkoniyati pasaymoqda», — deyiladi xabarda.

Bosh prokuror o‘rinbosari Sherzod To‘xtaboyevga ko‘ra, 2020-2024 yillarda jinoyat sodir etib, yashiringan 23 ming 863 nafar shaxsga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Ularning 21 ming 238 nafari (89 foizi) O‘zbekiston hududidan chet elga chiqib ketgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan ayrim qonun hujjatlariga gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilmagan, biroq O‘zbekiston davlat chegarasini tark etib surishtiruv, dastlabki tergov yoxud suddan uzrli sabablarsiz bo‘yin tovlashi mumkinligiga yetarli asoslar mavjud bo‘lganda surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud tomonidan ularning O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklab qo‘yish tartibi belgilanmoqda.

«Qonun loyihasining qabul qilinishi jabrlanuchining konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini himoya qilishga, uning qonuniy huquq va manfaatlariga ziyon yetkazilishining oldini olishga xizmat qiladi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Mavzuga oid