Mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishini nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqildi

O‘zbekiston 12:08 / 20.06.2024 2358

O‘zbekistonda mahalliy kengashlarga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qiladi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tashabbusi bilan mahalliy davlat hokimiyatining konstitutsiyaviy asoslari takomillashtirilgani munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan.    

Ma’lum qilinishicha, qonun loyihasida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:

– mahalliy kengashlar faoliyatiga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi;

– Xalq deputatlari kengashi raisi o‘z vazifalarini bajarish davrida doimiy va boshqa komissiyalar, partiya guruhlari tarkibiga kirishi mumkin emasligi;

– kengashlar yig‘ilishlarida hokim nomzodi ko‘rib chiqilayotganida nomzod mahalliy kengash deputatlariga hududni rivojlantirish dasturini taqdim etishi shartligi. 

Qonun loyihasida konstitutsiyada kafolatlangan normalar bilan bir qatorda “Kengash so‘rovi”, “Kengash tekshiruvi” kabi yangi institutlar kiritilyapti. Shu bilan birga qonun loyihasida xalq deputatlari kengashida qanday komissiyalar tuzilishi bo‘yicha normalar aniq belgilanmoqda.

Qayd etilishicha, qonun loyihasi ustida Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi tomonidan olimlar, mutaxassislar, ekspertlar, jamoatchilik vakillari jalb etilgan holda ish olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: