O‘zbekiston | 12:13 / 07.03.2025
3448
2 daqiqa o‘qiladi

Fuqaro o‘zi nomiga kredit rasmiylashtirishga taqiqni qanday o‘rnatishi mumkin?

Prezident tomonidan «Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida»gi qonuniga kredit sohasidagi munosabatlarni yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonun imzolandi.

Jismoniy shaxs kredit bitimini uning ishtirokisiz yoki xabardorligisiz rasmiylashtirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kredit byurosiga ariza berish yo‘li bilan u bilan kredit bitimi tuzishni taqiqlashi mumkin.

Kredit bitimini tuzishni taqiqlash yoki bunday taqiqni bekor qilish to‘g‘risidagi ariza murojaat asosida yozma yoki elektron shaklda YaIDXP, davlat xizmatlari markazlari yoki kredit byurolari orqali beriladi. Ushbu xizmat bepul taqdim etiladi.

Taqiqlash to‘g‘risidagi ariza kredit byurosi tomonidan darhol kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestriga kiritiladi.

Kredit bitimini tuzish taqiqlangan shaxslar reyestridan yoki bunday taqiqning olib tashlanganligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olmasdan turib kredit bitimini tuzish taqiqlanadi.

Shuningdek, kredit byurolariga ta’sir ko‘rsatish choralari yuzasidan qo‘shimchalar kiritilmoqda. Markaziy bank kredit byurolariga nisbatan quyidagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun choralar va sanksiyalarni qo‘llaydi:

• kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risidagi va kredit byurolari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik;
• kredit byurolari xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini buzish;
• litsenziya soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.

Qoidabuzarliklar aniqlanganda Markaziy bank quyidagi chora va sanksiyalarni qo‘llashga haqli:

• kredit byurolariga qoidabuzarliklarni bartaraf etish, shu jumladan, kredit byurolari xizmatlari iste’molchilarining huquqlari buzilishiga olib keluvchi sabablarni bartaraf etish to‘g‘risida ko‘rsatmalar yuborish;
• BHMning 5 ming baravari miqdorida jarima undirish.

Mavzuga oid