Bojxona qo‘mitasi 9,3 mlrd so‘mlik noqonuniy tamaki mahsulotlarini yo‘q qildi
Bojxona xodimlari tomonidan noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan 132 ming quti tamaki mahsulotlari yo‘q qilindi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi hajmi 2024 yil davomida 19 foizdan 9,6 foizga kamaygan. Bunga chegara bojxona postlarida o‘rnatilgan rentgen qurilmalari hamda xorijiy davlatlarning bojxona tizimlari bilan o‘rnatilgan integratsiya katta yordam bergan.
Joriy yil 6 mart kuni Yangihayot tumanidagi zavodlarning birida qiymati 9,3 mlrd so‘mlik 132 ming quti tamaki mahsulotlari yoqib, yo‘q qilindi. Ushbu tamaki mahsulotlari noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan. Tadbirda ilk bor “Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yiliga mos ravishda sigaretlar qog‘oz o‘ramlaridan alohida ajratib olindi va yoqildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi hajmi 2024 yilning yanvar oyida 19,4 foizni tashkil etgan, yil yakuniga borib bu ko‘rsatkich 9,6 foizga kamaygan.
“Bu tadbirlar profilaktik ahamiyatga ega, ya’ni shu jarayonni ko‘rgan, kelgusida shu kabi qonunbuzilishi holatlarini sodir etish istagida yurgan shaxslarni yo‘ldan qaytarishga xizmat qiladi. Yana bir jihati, noqonuniy muomaladan olib qo‘yilgan tamaki mahsulotlarining askariyati O‘zbekiston hududidan tranzit tarzida harakatlanayotgan transport vositalariga ortgan holda keyinchalik ularni ichki hududda tushirib qoldirishga urinishlar ko‘proq kuzatilardi. Shu holatlarning oldini olish maqsadida o‘tgan yilning oktyabr oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori qabul qilindi. Shu bilan endilikda tovar egalari bojxona organlarining depozit hisobraqamlariga ma’lum bir pul mablag‘ini qo‘yishadi. So‘ng respublikaga kirgan, tranzit tarzida o‘tishi kerak bo‘lgan tamaki mahsulotlari chiqib ketgandan keyin ular qaytariladi. Bu amaliyot natijasini berib ulgurdi”, - deydi Bojxona qo‘mitasi matbuot kotibi Husan Tangriyev.
Bundan tashqari, qo‘mita 10 ta davlatning bojxona tizimlari bilan o‘zaro integratsiya o‘rnatgan. Tangriyevga ko‘ra, bu amaliyot mazkur mamlakatlardan O‘zbekistonga chiqayotgan tovarlar haqidagi ma’lumotlar hali o‘sha yuk transport vositasi kelmasidan oldin kelib tushadi. Shuningdek, tamaki ortilgan yuk, temiryo‘l transport vositalari rentgen qurilmalari o‘rnatilgan chegara bojxona postlaridan harakatlanishi belgilandi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilning o‘tgan davrida 137 ta holatda qiymati 9,3 mlrd so‘mlik 305 ming quti tamaki mahsulotlari fosh qilingan.
Bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Otabek Choriyevning aytishicha, noqonuniy tamaki olib kirishning yangi usullari paydo bo‘lmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, 22 fevral kuni “Sirg‘ali” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti tasarrufidagi bojxona omborlaridan birida hamda Buxorodagi “Xo‘jadavlat” temiryo‘l chegara bojxona postida tezkor tadbirlar o‘tkazilgan. Har ikki holatda ham tamaki mahsulotlari travertin plitalari orasiga yashirilgani aniqlangan.
“O‘sha holatlarda surishtiruv o‘tkazgan paytimizda, ulardan so‘radik. Shunda biri “biz yo‘nalishlarni o‘rgandik, toshlar orasiga qo‘yib o‘tkazsak, sizlarning rentgenlaring aniqlolmas ekan. Bizga bu bo‘yicha yo‘nalish berishdi”, deb aytuvdi. Mana, biz zamonaviy texnikalar orqali 2 ta holatni aniqladik”, - deydi Choriyev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatlarda huquqbuzarlardan 155 ming 590 quti tamaki mahsulotlari olib qo‘yilgan. Ularning qiymati 7,5 mlrd so‘mdan oshgan. Qo‘mita matbuot kotibi Husan Tangriyevning Kun.uzʼga ma’lum qilishicha, barcha bojxona postlariga rentgen qurilmalari o‘rnatilib, tegishli ishlar amalga oshirilgandan keyin mamlakatga qonuniy tamaki importi sezilarli oshgan. Xususan, 2023 yilda 656,3 ming AQSh dollari qiymatidagi tamaki mahsulotlari import qilingan bo‘lsa, 2024 yilda bu raqam salkam 18,5 mln AQSh dollarini tashkil etgan.
Mavzuga oid

15:55 / 27.01.2025
«Dovud ota» postidan Qozog‘istonga o‘tish va qaytish uch oyga to‘xtatiladi

20:17 / 28.11.2024
“Bojxona organlari haydovchilardan ishonchnoma talab qilishi qonunchilikda nazarda tutilmagan” – Bojxona qo‘mitasi

14:49 / 15.08.2024
Bojxona qo‘mitasi eng ko‘p import qilinadigan mahsulotlarni onlayn ko‘rish imkoniyatini ishlab chiqdi

18:13 / 19.08.2022