Yevrokomissiya Rossiya yonilg‘isidan bosh tortish rejasini e’lon qilishni yana kechiktirdi
Yangi kechikish AQShning Rossiya gazini Germaniyaga yetkazib berishni qayta tiklashga urinishi haqidagi xabarlar fonida yuz berdi. Dastlab Yevrokomissiya 2027 yilgacha Rossiya yonilg‘isidan butunlay voz kechishni rejalashtirgan edi.

Foto: Andrey Rudakov / Bloomberg
Yevrokomissiya Rossiya energetika resurslaridan 2027 yilgacha to‘liq voz kechish bo‘yicha yo‘l xaritasi taqdimotini ikkinchi marta qoldirdi, deb xabar berdi Reuters 5 mart, chorshanba kuni. Rejani e’lon qilishning yangi kechikishi AQShning Rossiyadan Germaniyaga quvur orqali gaz yetkazib berishni qayta tiklashga urinishlari haqidagi xabarlar fonida sodir bo‘ldi.
«Yo‘l xaritasi» dastlab fevral oyida taqdim etilishi rejalashtirilgan edi, biroq keyinchalik 26 martga ko‘chirildi. Endi u yig‘ilish jadvalidan butunlay yo‘qoldi va taqdimotning yangi sanasi noma’lum. Buning sabablari ko‘rsatilmagan, deya qayd etadi agentlik.
Yevropa Ittifoqi o‘z oldiga 2022 yil fevralida Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi ortidan 2027 yilgacha Rossiyadan qazib olinadigan yoqilg‘i importini butunlay to‘xtatishni maqsad qilib qo‘ygan. O‘tgan yilning noyabrida Yevropa Ittifoqining energiya bo‘yicha yangi komissari Dan Yorgensen o‘zining birinchi 100 kunida bu maqsadga erishish uchun bosqichma-bosqich reja taqdim etishini aytdi.
Rossiya energiya manbalaridan voz kechish
Ukrainadagi urush boshlanganidan so‘ng, Yevropa Ittifoqi tezda Rossiya ko‘miridan voz kechdi. Rossiya Xitoyga yetkazib berish yo‘nalishini o‘zgartirishga harakat qildi, ammo joriy yil boshida sanoat chuqur inqirozga uchradi. Xom neft importiga embargo 2022 yil dekabrida, neft mahsulotlariga esa 2023 yil fevralida kiritilgan, deya eslatadi The Moscow Times rus xizmati.
Urushgacha bo‘lgan Yevropa Ittifoqining jami gaz importining 41 foizini tashkil etgan gaz yetkazib berish 2023 yilning ikkinchi choragida 14 foizga tushdi. 2024 yilning uchinchi choragiga kelib, Rossiya ulushi 20 foizgacha oshdi, bu birinchi navbatda suyultirilgan gaz xaridining ko‘payishi hisobiga qayd etildi. Ammo yanvar oyidan beri Ukraina o‘z hududi orqali yoqilg‘i tranziti bo‘yicha shartnomani uzaytirishdan bosh tortgani sababli gazni Yevropaga yetkazib berish uchun beshta liniyadan faqat bittasi qolgan.
Ayrim davlatlar Yevropa Ittifoqini suyultirilgan gaz yetkazib berishni taqiqlashga chaqirmoqda, boshqalari – Vengriya va Slovakiya esa «Gazprom» bilan hamkorlikni davom ettirish va uning mahsulotlarini Yevropa bozoriga qaytarish tarafdori. Germaniyada, xususan, mamlakat sharqidagi qator sanoat kompaniyalari Ukrainadagi ehtimoliy tinchlik kelishuvi Rossiyadan ta’minotni qayta tiklash imkonini beradi, deb umid qila boshladi. Bu elektr energiyasining yuqori narxlarini pasaytirish va o‘g‘it ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi.
Mavzuga oid

00:29
Yevrokomissiya rahbari birinchi marta xavfsizlik masalalari bo‘yicha kollegiya yig‘ilishini chaqiradi

18:48 / 08.03.2025
Suriyada notinchlik – ijtimoiy tarmoqlarda odamlarning ommaviy qirg‘ini videolari tarqaldi

08:20 / 08.03.2025
Reuters: AQSh Rossiya neft va gaziga nisbatan sanksiyalarni yumshatishi mumkin

20:38 / 07.03.2025