O‘zbekiston | 10:43 / 05.03.2025
2021
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida migratsiya sohasida sheriklik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi

Kelishuv ish uchun vaqtinchalik migratsiyani rag‘batlantirish va soddalashtirish, ish, kasbiy ta’lim va malaka oshirish maqsadida mamlakatda uzoq muddatli bo‘lishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Foto: Sputnik / Igor Zarembo

“Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi.
 
O‘zbekiston va Germaniya Federativ Respublikasi hukumatlari o‘rtasida migratsiya va mobillik sohasida keng qamrovli sheriklik to‘g‘risidagi bitim tasdiqlandi.

Bitim 2024 yil 15 sentabrda Samarqand shahrida imzolangan.

Shartnomani amalga oshirish uchun, Migratsiya agentligi tashqi mehnat migratsiyasi qismi bo‘yicha, Ichki ishlar vazirligi readmissiya qismi bo‘yicha mas’ul bo‘lgan vakolatli organlar etib belgilandi.

Vazirlar Mahkamasi hamda tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari ushbu xalqaro shartnoma kuchga kirgandan keyin belgilangan tartibda uning qoidalari amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlaydi.

O‘zbekiston va Germaniya 2024 yil 15 sentabr kuni Germaniya kansleri Olaf Shols tashrifi chog‘ida migratsiya va mobillik sohasida har tomonlama sheriklik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni imzoladi.

Hujjat 25 moddadan iborat bo‘lib, malakali mutaxassislar, jumladan, talabalar va professional ta’lim olayotgan shaxslar, shuningdek, ikki mamlakat hududida ishlashga intilayotgan jurnalistlar va olimlarning haqqoniy mobilligini rag‘batlantirishni nazarda tutadi.

Bundan tashqari, kelishuv ish uchun vaqtinchalik migratsiyani rag‘batlantirish va soddalashtirish, ish, kasbiy ta’lim va malaka oshirish maqsadida mamlakatda uzoq muddatli bo‘lishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Tomonlar, shuningdek, noqonuniy migratsiya va migrantlarni noqonuniy olib kirishning oldini olish va unga qarshi kurashish, shuningdek, mehnat ekspluatatsiyasi, majburiy mehnat va odam savdosi, jabrlanuvchilarni himoya qilish masalalarida hamkorlik qiladilar.

Bundan tashqari, kelishuvda yashash yoki ikki mamlakat hududiga kirish shartlarini bajarmagan fuqarolarni qaytarishni soddalashtirish nazarda tutilgan.

Mavzuga oid