Jahon | 23:40 / 05.03.2025
2332
3 daqiqa o‘qiladi

Axios: AQSh garovdagilarni ozod etish bo‘yicha HAMAS bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazdi

AQSh HAMAS bilan muzokaralarini Isroil bilan kelishmagan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil tomoni bundan «boshqa kanallar orqali» xabar topgan.

Foto: Getty Images

Donald Tramp ma’muriyati garovdagilarni ozod etish va G‘azo sektorida urushni to‘xtatish bo‘yicha «kattaroq» kelishuvga erishish maqsadida HAMAS bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazmoqda. Bu haqda Axios muzokaralar jarayonidan xabardor manbalariga tayanib xabar berdi.

Qayd etilishicha, muzokaralarni AQSh prezidentining garovdagilar bo‘yicha maxsus vakili Adam Beler olib borgan. U HAMAS vakillari bilan «oxirgi haftalarda» Dohada uchrashgan.

Nashr suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, muzokaralar garovga olingan amerikaliklarni ozod etishga, shuningdek, «uzoq muddatli tinchlikka erishishga» qaratilgan.

Axios ushbu muzokaralarni «misli ko‘rilmagan hodisa» deb atadi, chunki oldinlari AQSh HAMAS bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik olib bormagan — 1997 yilda Vashington ushbu tashkilotni terrorchilik guruhi deya e’lon qilgan.

AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff ham joriy hafta Dohaga borishni rejalashtirgandi, ammo HAMAS pozitsiyasi sabab muzokaralar oldinga sijiyotganini ko‘rmagani uchun tashrifni bekor qilgan.

Axios’ning yozishicha, AQSh HAMAS bilan muzokaralarini Isroil bilan kelishmagan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Isroil bundan «boshqa kanallar orqali» xabar topgan.

Hozirda 59 kishi HAMAS qo‘lida garovda qolmoqda. Isroil Mudofaa armiyasining qayd etishicha, ularning 35 nafari vafot etgan. Isroil razvedkasining hisoblashicha, garovdagilarning 22 nafari hamon tirik, ikki nafarining taqdiri esa noma’lum. Garovga olinganlar orasida besh nafar amerikalik ham bor. Ularning faqat bir nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.

Yanvar o‘rtalarida Isroil va HAMAS o‘t ochishni to‘xtatish va 33 nafar isroillikni ozod etish bo‘yicha kelishuvga erishgandi. Bitimning birinchi bosqichi 42 kun davom davom etib, 1 mart kuni yakunlandi. Ikkinchi bosqichda qolgan garovdagilarni ozod etish rejalashtirilgan, Isroil esa G‘azo sektoridan qo‘shinlarini butunlay olib chiqib ketishi kerak.

Mavzuga oid