O‘zbekiston | 11:20 / 04.03.2025
30888
2 daqiqa o‘qiladi

Yangi Toshkent qurilishiga ishga kirish bo‘yicha Telegram’da bot ishga tushdi

10 mingga yaqin vakansiyalar uchun Bandlik vazirligining qisqa raqamiga tusha olmayotgan fuqarolar uchun Telegram-bot ishga tushirildi. Ta’kidlanishicha, kun davomida call-markazga minglab qo‘ng‘iroqlar bo‘lgani sababli uzilishlar yuzaga kelgan. Texnik nosozlik tez orada bartaraf etilishi kutilmoqda.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz Yangi Toshkent qurilishi uchun turli yo‘nalishlarda 10 mingga yaqin vakansiyalar e’lon qilingani, ammo bog‘lanish uchun berilgan qisqa raqamlar ishlamayotgani yuzasidan fuqarolarning murojaati hamda rasmiylarning munosabatini e’lon qilgandi.

Holat yuzasidan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi qo‘shimcha izoh berdi. Qayd etilishicha, qurilishda ishlash istagi bo‘lgan ko‘plab o‘zbekistonliklarning qiziqishiga sabab bo‘lgan, telefonga bog‘lanishlar soni ko‘payib, limitdan oshgani sabab uzilishlar yuzaga kelgan.

Kun davomida 1000 ga yaqin qo‘ng‘iroq bo‘lmoqda. Qo‘ng‘iroqlar soni ko‘paygani tufayli limit (bir paytning o‘zida 50 tagacha qo‘ng‘iroq)dan oshganda uzilish ro‘y bergan. Ushbu holat 4 mart soat 12:00 ga qadar bartaraf etiladi”,– deyiladi munosabatda.

Shuningdek, vazirlik qo‘ng‘iroq qilib, navbat kutishni istamagan yoki bog‘lana olmagan fuqarolar uchun alternativ taklif sifatida Telegram-bot ishga tushirilayotganini aytmoqda.

Endilikda Yangi Toshkent shahri loyihasi qurilishida ishlashni istagan hamyurtlarimiz @yangi_toshkent_qurilishi_bot orqali o‘zlari haqida ma’lumotlarni yozib qoldirishsa, call-markaz operatorlari ma’lumotda ko‘rsatilgan raqamga kun davomida qayta aloqaga chiqadi”, – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, 20 ming gektar maydonda bunyod etilayotgan yangi Toshkent shahri qurilishiga ishchilar kerakligi e’lon qilingan. Bu ish o‘rinlari uchun 8-15 mln so‘m miqdorida maosh va’da qilingan.

Mavzuga oid