Jahon | 09:50 / 04.03.2025
12110
10 daqiqa o‘qiladi

OAV: Tramp Ukrainaga barcha harbiy yordamni to‘xtatishni buyurgan

Oq uydagilar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuv yoki yordamni muhokama qilishda davom etishdan oldin qandaydir harakatlar, ehtimol oshkora kechirim so‘rashini istashmoqda.

Foto: Getty Images

AQSh prezidenti Donald Tramp Ukraina rahbariyati «tinchlik tarafdori» ekanini namoyish etmaguncha ushbu mamlakatga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatishni buyurgan. Bu Tramp Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan Oq uyning Oval kabinetida tortishib qolganidan bir necha kun o‘tib sodir bo‘ldi.

«Prezident tinchlikni maqsad qilganini aniq ko‘rsatdi. Hamkorlarimiz ham shu maqsadga sodiq bo‘lishi kerak. Muammoni hal qilishga yordam berayotganiga ishonch hosil qilish uchun yordamni to‘xtatamiz va uni qayta ko‘rib chiqamiz», — deya Oq uy vakilining so‘zlarini keltirgan mahalliy va xalqaro nashrlar.

Trampning o‘zi bu qarorga hozircha izoh bermadi, Oq uydan ham rasmiy ma’lumot kelib tushmagan.

Tramp dushanba kuni Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatish niyati bor-yo‘qligi haqidagi savolga javob berar ekan, shunday degandi: «Ko‘ramiz, buyog‘iga nima bo‘larkan».

Bloomberg va Fox News xabariga ko‘ra, bu borada tanaffus Tramp Ukraina rahbariyati tinchlikka intilishini namoyish qilayotganiga ishonch hosil qilmaguncha davom etadi.

«AQSh Tramp mamlakat yetakchilari tinchlikka chin dildan sodiqligini namoyish etishiga ishonch hosil qilmaguncha Ukrainaga barcha joriy harbiy yordamni to‘xtatib turadi», — deya Oq uy vakilining so‘zlarini keltiradi Bloomberg.

«Bu yordamning uzil-kesil to‘xtatilishi emas, bu pauza», — deya ma’muriyat vakilidan iqtibos keltirgan holda xabar bergan Fox News telekanali.

Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, qaror Amerikaning hali Ukrainaga yetib bormagan barcha harbiy texnikalari, jumladan, Polsha orqali yo‘lda bo‘lgan yoki tranzitni kutayotgan qurollarga taalluqli bo‘ladi.

Hozircha Trampning qarori Kiyevga qurol yetkazib berishda aynan qanday aks etishi va qanday miqdorda ta’sir qilishi noma’lum.

Kiyevga yordam Polsha orqali yetkazib beriladi (arxiv foto)

CNN AQSh rasmiylariga tayanib xabar berishicha, Oq uydagilar Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiydan foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha kelishuv yoki yordamni muhokama qilishda davom etishdan oldin qandaydir harakatlar, ehtimol oshkora kechirim so‘rashini istashmoqda.

Telekompaniya suhbatdoshlaridan birining so‘zlariga ko‘ra, harbiy yordamni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror dushanba kuni kechqurun qabul qilingan va «Ukrainaga bosim o‘tkazish strategiyasi» hisoblanadi.

Barak Obama ma’muriyatidagi Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining sobiq xodimi Charlz Kupchan BBC bilan suhbatda shunday dedi: «Bu yerda biz majburlash va qo‘llarni qayirishning jasur diplomatiyasini ko‘rmoqdamiz».

«Aslida, Tramp ukrainlarga shunday demoqda: agar siz Amerika qurollari va AQShning qo‘llab-quvvatlashini istasangiz, Rossiya bilan muzokaralar stoliga o‘tirish vaqti keldi», – degan u.

Zelenskiy juma kuni Oval kabinetda sodir bo‘lgan voqea uchun Trampdan uzr so‘rash niyatida emasligi, ammo AQSh bilan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini aytgandi. Shuningdek, u Ukraina rasmiylari tinchlik tarafdori ekani va urushni imkon qadar tezroq yakunlashga intilayotganini bir necha bor takrorlagan.

«Bu urushga imkon qadar tezroq barham berish uchun diplomatiyamizni haqiqatan ham mazmunli qilishga harakat qilishimiz juda muhim. Bizga haqiqiy tinchlik kerak va ukrainaliklar buni eng ko‘p xohlashadi, chunki urush shahar va qishloqlarimizni vayron qilmoqda. Biz odamlarimizni yo‘qotyapmiz. Biz urushni to‘xtatishimiz va xavfsizlikni kafolatlashimiz kerak», — dedi Zelenskiy dushanba kuni va AQSh tomonidan qo‘llab-quvvatlanishiga umid bildirdi.

Avvalroq Donald Tramp Zelenskiyning Rossiya bilan tinchlik kelishuviga hali «juda va juda uzoq» ekani haqidagi bayonotiga keskin munosabat bildirgandi. «Bu Zelenskiy aytishi mumkin bo‘lgan eng yomon bayonot va Amerika bunga uzoq vaqt toqat qilmaydi. Aytganimdek, bu yigit Amerika qo‘llab-quvvatlovi bor ekan tinchlik bo‘lishini xohlamaydi, Yevropa esa Zelenskiy bilan uchrashuvda to‘g‘ridan to‘g‘ri ular bu ishni Qo‘shma Shtatlarsiz qila olmasliklarini bildirdi — ehtimol, bu Rossiyaga qarshi kuchlarni namoyish etish maqsadida qilingan eng yaxshi bayonot emasdir. Ular nimani o‘ylayapti?» deya yozdi u o‘ziga tegishli Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida.

Shuningdek, u seshanba kuni Kiyev bilan mineral resurslar bo‘yicha kelishuv bo‘yicha yangilangan ma’lumotlarni taqdim etishini aytdi. Volodimir Zelenskiy yakshanba kuni Ukraina hali ham hujjatni imzolashga tayyorligini ma’lum qilgandi.

Dushanba kuni kechqurun Wall Street Journal nashri AQShning amaldagi va sobiq amaldorlariga tayanib, Tramp ma’muriyati Ukrainaga yangi qurol-yarog‘ yetkazib berishni moliyalashtirishni to‘xtatgani va Amerika zaxiralaridan yetkazib berishni muzlatish imkoniyatini (bu esa Kiyevning Rossiya qo‘shinlariga qarshilik ko‘rsatish qobiliyatini xavf ostiga qo‘yadi) ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.

Nashrning yozishicha, so‘nggi haftalarda Oq uy tomonidan xorijiy yordamni muzlatib qo‘yish fonida yangi yetkazib berishlarni moliyalashtirish amalda to‘xtatilgan, Tramp va Zelenskiy o‘rtasidagi tortishuvdan bir necha kun o‘tib esa Ukrainaga qurol yetkazib berishning asosiy kanalini yopish bo‘yicha qadamlar qo‘yilgan.

Davlat kotibi Marko Rubio avvalroq Ukrainaga xorijiy yordamni yetkazib berishni taqiqlashdan chiqarib tashlash to‘g‘risidagi buyruqni imzolagan edi, biroq Davlat departamentining yuqori martabali xodimi Piter Marokko Kiyevga yordam kelishiga ruxsat berish uchun Pentagonga kerakli xatni yubormadi, deydi WSJ suhbatdoshlari.

Amerika rasmiylariga ko‘ra, yangi harbiy ta’minotsiz ham Ukraina joriy yil o‘rtalarigacha Rossiya bilan hozirgi sur’atda urushni davom ettirish uchun qurolga ega bo‘ladi. Bu qisman Tramp Oq uyga qaytishidan oldin Kiyevga qurol-yarog‘ yetkazib berishni keskin oshirgan Jo Bayden ma’muriyatining xizmati, deya ta’kidlaydi WSJ.

CNN amerikalik rasmiylardan biriga tayanib yozishicha, harbiy yordamni to‘xtatib turishning oqibatlari jang maydonida sezilishiga hali ancha bor, ammo zaxiralar tugashi bilan ta’sir jiddiy bo‘ladi.

«Bo‘shliq yuzaga kelishi mumkin, uni Yevropa yolg‘iz o‘zi to‘ldira olmaydi», — deydi u.

WSJ: Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish masalasi 3 mart kuni ko‘rib chiqildi

Wall Street Journal (WSJ) kecha AQShning amaldagi va sobiq rasmiylariga tayanib, Donald Tramp ma’muriyati Ukrainaga yangi qurol yetkazib berishni moliyalashtirishni to‘xtatgani va AQSh zaxiralaridagi ta’minotni muzlatish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi, bu esa Kiyevning Rossiya qo‘shinlarining oldinga siljishiga qarshi turish qobiliyatiga bevosita tahdid soladi. Ukrainaga asosiy qurol yetkazib berish liniyasini yopishi mumkin bo‘lgan harakatlar Tramp va Zelenskiy o‘rtasida Oval kabinetdagi mojarodan bir necha kun o‘tgach sodir bo‘ldi.

AQSh davlat kotibi Marko Rubio avvalroq Ukrainaga yuk yetkazib berishni tashqi yordam taqiqidan ozod qilish haqidagi farmonni imzolagan edi, biroq Davlat departamentining yuqori martabali rasmiysi Piter Marokko Kiyevga yordam yetkazilishi uchun Pentagonga kerakli xatni yubormadi, deya xabar bermoqda WSJ Oq uydagi manbalarga tayanib. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, yangi harbiy ta’minotsiz Ukraina Rossiya hujumidan yil o‘rtalariga qadar o‘zini himoya qilishni davom ettirishi mumkin. Bunga qisman AQShning sobiq prezidenti Jo Bayden ma’muriyati sabab bo‘lgan, u Tramp inauguratsiyasi oldidan Kiyevga qurol yetkazib berishni keskin oshirgan, deya qayd etadi WSJ.

Kil jahon iqtisodiyoti instituti (IfW) hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022 yildan beri Amerikaning Ukrainaga ko‘rsatgan yordami hajmi 114,2 milliard dollarni (taxminan 109 milliard yevro) tashkil qilgan. AQSh Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, urush boshlangan 2022 yil fevral oyidan Tramp lavozimiga kirishgunga qadar harbiy yordamning o‘zi 65,9 milliard dollarni tashkil etdi, bu esa Ukrainani Rossiya tajovuzidan himoya qilishga qo‘shilgan eng katta harbiy hissadir. Biroq, bu hisob-kitoblar Tramp Ukrainaga yordam sifatida o‘tkazilganini tilga olgan 300, keyin esa 350 milliard dollardan ancha kam.

Mavzuga oid